1

​DAVLAT SIYoSATIGA XIYoNAT QILGANLAR FOSh ETILDI

Iqtisodiyot 15.12.2017, 09:36
​DAVLAT SIYoSATIGA XIYoNAT QILGANLAR FOSh ETILDI

Davlatimiz rahbarining «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta`minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi Farmoni tadbirkorlikni har tomonlama qo`llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko`tardi.

Xususan, Farmonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta`minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo`l qo`ymaslik tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yo`nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilangan.

Farmon bilan belgilangan muhim yo`nalishlardan biri noqonuniy tekshirishlar o`tkazilishini oldini olish, ayniqsa, davlat organlari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida tadbirkorlik subektlarining faoliyati asossiz to`xtatilishiga va zarar etkazilishiga yo`l qo`ymaslikdir. O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi axborot xizmati o`tgan davr davomida bu vazifalar amalda qanday o`z ifodasini topganini ma`lum qildi.

Xabarda qayd etilishicha, tahlil natijalari tadbirkorlik sub`ektlarini nazorat qilish vakolatiga ega bo`lgan ayrim vazirlik va idoralarda tekshirishlarni tartibga solishga doir qonunchilik talablari xodimlarga etkazilmaganligi va bu borada talab darajasida nazorat o`rnatilmaganligi natijasida noqonuniy tekshirishlarga yo`l qo`yilayotganligini ko`rsatgan.

Ma`lum bo`lishicha, joriy yilda o`tkazilgan o`rganishlar natijalariga ko`ra, aniqlangan noqonuniy tekshirishlarga yo`l qo`yilishida aybdor bo`lgan rahbar va mansabdor shaxslarning intizomiy javobgarligini ko`rib chiqish to`g`risida tegishli vazirlik va idoralarga 17 ta taqdimnoma kiritilgan.

Xususan, Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi tizimidagi nazorat organlariga 5 ta, Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi nazorat organlariga 3 ta, Ichki ishlar vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish hamda «Ergeodezkadastr» davlat qo`mitalariga 2 tadan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat bojxona qo`mitasi va «Avtodaryotrans» agentligiga 1 tadan taqdimnomalar kiritildi.

Ushbu taqdimnomalar tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ko`rib chiqilib, noqonuniy tekshirishlarga yo`l qo`yganligi uchun 7 nafar rahbar va mansabdor shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi, 14 nafar mansabdor shaxs egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 7 nafariga «hayfsan» yoki «tanbeh» intizomiy jazo choralari qo`llanildi, 8 nafar xodim o`rtacha oylik ish haqining 20-50 foizigacha jarimaga tortildi.

Xususan, 2017 yil iyun-iyul oylarida 18 ta tadbirkorlik subektlarida Kengash bilan kelishilmagan holda noqonuniy tekshirish o`tkazganligi uchun «O`zavtodaryotrans» agentligining 2017 yil 14 noyabrdagi 132-sh-sonli buyrug`iga asosan agentlikning Farg`ona viloyati bo`linmasi sho``ba mudiri X.Tursunov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Andijon tumanidagi «Muxtor» fermer xo`jaligida 2017 yil 9 yanvarda noqonuniy tekshirish o`tkazganligi uchun «Ergeodezkadastr» davlat qo`mitasi Andijon viloyat boshqarmasining 2017 yil 27 oktyabrdagi 69-sonli buyrug`iga asosan ushbu tuman bo`lim boshlig`i D.Abdurashidov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, ushbu qo`mitaning Buxoro viloyati boshqarmasi hamda Romitan tuman bo`linmasi xodimlari tomonidan 2017 yil 8 iyunda «Shavkat Sharif o`g`li» dehqon xo`jaligida noqonuniy tekshirish o`tkazilganligi uchun viloyat boshqarmasining 2017 yil 25 oktyabrdagi tegishli buyruqlari bilan boshqarma mutaxassisi Sh.Daminov va Romitan tumani bo`linmasi boshlig`i U.Sultonov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Sirdaryo viloyati Bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan 2017 yil 6 aprelda «Guliston kino» xususiy korxonasida noqonuniy tekshirish o`tkazilganligi holati bo`yicha viloyat bojxona boshqarmasining 2017 yil 29 maydagi 13-sh/t-sonli buyrug`iga asosan boshqarma xodimlari M.Usmanovga «hayfsan» va A.Qurbonovga «tanbeh» intizomiy jazo choralari qo`llanilgan.

Shuningdek, Chinoz tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari M.Nusratov va J.Murodov tomonidan 2017 yil 30 may kuni «Inter Media Solution Group» MChJ faoliyatida noqonuniy tekshirish o`tkazilganligi uchun M.Nusratovga nisbatan o`rtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida jarima jazosi qo`llanildi hamda sho`ba boshlig`i J.Murodov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan 2017 yil 1 aprel kuni yakka tartibdagi tadbirkor «D.Yuldashev» faoliyatida noqonuniy tekshirish o`tkazilganligi uchun uchastka davlat soliq bosh inspektori A.Jovlievga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo`llanilib, ushbu xodimning xo`jalik yurituvchi sub`ektlarda tekshirish o`tkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnomasi bekor qilindi.

Ammo mazkur yo`nalishdagi nazorat shu bilan to`xtab qolmaydi. Ya`ni davlat rahbari ta`kidi bilan qayd etsak, “tadbirkorlik faoliyatining erkinligi, xususiy mulk daxlsizligini amalda ta`minlash bundan buyon ham davlat siyosatida ustuvor yo`nalish bo`lib qoladi”.

Hal qiluvchi ahamiyatga ega bu sohani har tomonlama qo`llab-quvvatlash, uning oldida paydo bo`ladigan to`siqlarni butunlay olib tashlash masalasi doimiy e`tibor va nazoratda bo`lishini e`tiborga olsak, davlat rahbarining

“Tadbirkor yo`liga to`siq bo`lishni davlat siyosatiga xiyonat, deb qabul qilish kerak”

degan ta`kidini har doim yodda tutish maqsadga muvofiq.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1