Sentyabr oyida Salma Xayek 46 yoshini qarshi oldi. Bir qarashda u ²ollivud me`yorlariga to`g`ri keladigan tashqi qiyofaga ham ega emas: bo`yi unchalik balandmas, parhezlardan ko`ra shirin taomlarni xush ko`radi, ammo bular uning taniqli bo`lishiga halal bermaydi. Balki baxt qushi Xayekka muvaffaqiyatning sirini shipshigandir?..
Sokin po`rtana
Meksika ko`rfazi qirg`oqlarida joylashgan Koasakoalkosa shaharchasida 1966 yilning 2 sentyabrida bir qiz dunyoga keldi. Neft korxonasi magnati va opera qo`shiqchisi oilasida dunyoga kelgan bu qizchaga Salma deb ism qo`yishdi (arabchadan tarjimasi «sokinlik»). Ammo Salmaning sokinligi xuddi tabiiy ofatni eslatardi. 12 yoshga kirganda otasi uni Luizianadagi (AQSh) katoliklar maktab-internatiga ta`lim olishga beradi. Ammo zum o`tmay Salmani bu maktabdan haydashadi. Keyinchalik u Mexiko institutining xalqaro munosabatlar fakultetida o`qigan.
Ilon bilan olishuv
U kelajagini faqat kinoda ko`rardi, shuning uchun bor mahoratini ishga solib, ota-onasini bunga ko`ndirdi ham.
Rejissyor Robert Rodriges bilan tanishuvi Salmaga ilk mashhurlikni keltirdi. Ularning birgalikda ishlagan «Tundan tonggacha» («Ot zakata do rassveta») filmi Salmaning sochiga oq ham tushirdi. Gap shundaki, aktrisa bolalikdan sudraluvchi jonivorlardan o`lgudek qo`rqardi. Kinokartinada esa uning sherigi aynan ilon edi. Filmga tayyorgarlik ko`rarkan, aktrisaning birinchi qilgan ishi zoodo`konga borib, sudraluvchi jonzotlarni soatlab kuzatish bo`ldi. Ammo bu hech qanday natija bermagach, u gipnozchi-ektrasensga murojaat qiladi. Gipnozchi o`z ishining ustasi edi, Salma bir necha seansdan so`ng qo`rquvini engishga muvaffaq bo`ladi.
Muhabbat
Aktrisa keyingi filmida britaniyalik aktyor Edvard Atterton bilan suratga tushdi. «Notr-Damlik bukri» («Gorbun iz Notr-Dama») kinokartinasida suratga tushish jarayonida ular o`rtasida muhabbat kurtak ochdi. 10 dan ortiq tilni biladigan Edvard Salmadan farqli o`laroq, ingliz tilida mukammal gaplashardi. Afsuski, ular o`rtasidagi muhabbatning umri 2 yilga etdi. Biroq aynan mana shu davr Salmaning taomnomasidan go`shtni chiqarib tashladi. Chunki Edvard o`z qarashlaridan kelib chiqib, vegetarianlikni tanlagan edi. «Axir qanday qilib begunoh hayvon go`shtini eyish mumkin?!» derdi u. Salma esa muhabbati uchun hamma narsaga tayyor edi. Ammo ikki yil o`tib, Salma uchun sevgilisining fazilatlari kamchilikka aylandi: «Aqllimi? Yo`q, o`lguday mijg`ov. Og`ir-bosiq? Odam ham shu qadar zerikarli bo`ladimi?» «Sening tomirlaringda yog`siz qatiq oqadi», bu Salmaning Edvardga aytgan so`nggi gapi edi.
Sevgi mojarolari
Keyinchalik 4 yil davomida Salma Xayek aktyor Edvard Norton bilan yulduzli juftliklar ro`yxatidan joy oldi. Aktrisa uni basketbol matchida uchratgandi. Ko`k ko`zli bu yigit shunchalik baland ovozda baqirardiki, xuddi u qanchalik qattiqroq baqirsa, sevimli jamoasi shuncha ko`p to`p uradigandek… U baqiroqligi bilan match tomoshasiga kelgan Salmaning ham e`tiborini tortdi. Bu baqiroq kimligini bilmoqchi bo`lgan aktrisa aktyor Edvard Nortonni tanib qoladi. Har ikkalasining sportga bo`lgan qiziqishi sevgi asarlarining ilk satrlarini yozishga sababchi bo`ladi. Aynan shu munosabatlar Salma va Hollivudning yana bir yulduzi Kortni Lav o`rtasiga sovuqchilik tushiradi. Hatto ular do`pposlashishgacha bordi. Bir tadbirda Kortni Salma haqida noxush gaplar aytadi. Buni eshitgan Salma esa o`ylab ham o`tirmay Kortnining sochlariga yopishadi.
Shunga qaramay, Salma Edvardning turmush qurish taklifini rad etadi. Aktrisa sevgilisidan to`y taklifini olganida «hali turmushga chiqish, farzand ko`rishga tayyor emasman» deya munosabatlariga nuqta qo`yadi.
Salma 2006 yili Venesiyada fransuz milliarderi Fransua-Anri Pino bilan tanishadi. 2007 yilning sentyabrida esa ularning qizalog`i dunyoga keladi. Salma qiziga Valentina deb ism qo`yadi.
Omad keltirgan film
To`qnashuv… temir ovozi, har tomonga sochilgan uchqunlar… Avtobus va tramvay temir uyumiga aylandi-qoldi. Qutqaruvchilar bu bir uyum temir ichida jabrlanuvchilarni chiqara boshlashadi. Ular orasida yoshgina qiz ham bor edi. Temir parchasi uning qorniga kirib, bo`ksa suyaklarini maydalab yuborgandi. «Frida» filmidagi bu voqealar real hayotdan olingandi. O`sha voqeadan so`ng o`n yillar o`tib, bu qizning nomi insoniyat uchun sabot va iste`dod kuchi madhiyasi tarzida tilga olinadi. «14 yoshimdan beri Frida Kaloning hayotiga oshiq edim. Albatta u haqida film suratga olib, butun dunyo uni bilib, tushunishini orzu qilardim», deydi «Frida» filmida bosh rol, ya`ni avtohalokatga uchragan anna shu qiz obrazini yaratgan Salma.
Bu filmda suratga tushish uchun Salma lablari ustidagi tuklar qalinlashishi uchun ularni ustarada qirib yuradi. Yurganda esa tabiiy ravishda oqsoqlanish uchun tuflisining bir poshnasini kaltalatadi. Uning harakatlari zoe ketmadi, film 6 nominasiya bo`yicha, jumladan, bosh rol uchun ham «Oskar» mukofotiga sazovor bo`ladi.
«Mashhurlikka erishdimmi, demak…»
Salma Xayek 40 dan oshiq filmlarda suratga tushgan va ularning aksariyati allaqachon kinoxitlar ro`yxatidan joy olgan. U milliarderga turmushga chiqib, farzandli bo`ldi. Aktrisaning hayot yo`lini kuzatgan kishi «Salma omad siridan voqif bo`lsa kerak, faqat buni hech kimga bildirgisi yo`q», degan xayolga ham borishi mumkin. Xayekning o`zi esa elkasiga baxt qushi qo`nganini tan oladi: «Holivvud 40 yoshdan oshganlarni yoqtirmaydi, boz ustiga inglizchada sheva bilan gapiraman, so`zlarni to`g`ri tanlay bilmayman, bo`yim ham uzun emas, do`mboqqinaman. Shularga qaramay, mashhurlikka erishdimmi, demak, dunyodagi eng omadli ayol bo`lsam kerak, deb o`ylayman!»
Madina LUQMONOVA tayyorladi