1

YaNGI YILNI NIShONLASh SSENARIYSI

SUG'DIYONA 21.12.2017, 18:16
Teglar: Psixologiya
YaNGI YILNI NIShONLASh SSENARIYSI

Yangi yil — nafaqat bolalar, hatto kattalar ham niyatlari ijobat bo`lishiga ishonadigan ertakmonand bayram. Lekin u ayniqsa bolajonlarga katta quvonch ulashadi. Axir bu kunda ular bolalik atalmish ertakning bosh qahramoni — Qorbobo bilan uchrashadi-da! Aziz ota-onalar, bayram farzandingizga esda qolarli daqiqalarni hadya etishi uchun nimalar qilayapsiz? Agar bu borada bosh qotirayotgan bo`lsangiz, quyidagi tavsiyalar aynan siz uchun! Bolalar uchun yangi yilni nishonlash ssenariysini oldindan tuzib qo`ysangiz, Yangi yilni farzandingiz uchun eng esda qolarli bayramga aylantirasiz. Bolakaylarning quvnoq kayfiyati esa sizga ham ko`chib, o`zingizni bardam va shod his etasiz.

1. Birgalikdagi tayyorgarlik

Farzandingiz bilan birgalikda uyingizni bayramona qilib bezating. Archa o`yinchoqlari, zar iplar, marjondek tizilgan gullar, Kor parchalarini uy bo`ylab — qandilga, eshik ustiga, deraza tokchasiga, devorlarga joylab chiqing. Bezak berishda farzandingizga o`z fantaziyasini namoyon etishiga imkon bering. Balki u rangli qog`ozlardan zanjir yasar, qog`ozdan qor parchasi kesar… Bolakayga yangi yilga mos suratlarni bo`yashni taklif eting. Xullas, uyingizni farzandingiz o`z qo`llari bilan yasagan, chizgan, bo`yagan narsalar bilan bezasangiz, kichkintoy g`oyatda zavqlanadi!

2. Qo`shiq

Tanlov, raqs va shunchaki «fon» uchun musiqani sinchiklab tanlang. Yangi yilbop multfilmlar va bolalar uchun mo`ljallangan kinofilmlarda yangragan mashhur qo`shiqlar jamlanmasini hozirlab qo`ysangiz, bolalar uchun ajoyib «syupriz» bo`ladi. Qo`shiqlar bayramona muhitni yaratishda yordam beradi.

3. Kiyim

Mehmonlarga karnaval kiyimida kelishni taklif eting. Yoki olib kelib, uyda kiyinib olishlari ham mumkin. Farzandingizni ham biror ertak qahramoniga aylantiring. Bunda uning xohishini inobatga oling. Bola o`zi havas qilgan ertak yoki multfilm qahramoniga «aylansa», o`zini baxtiyor sezadi. Bazm oxirida esa eng zo`r kiyim uchun tanlov o`tkazish mumkin.

4. Bayramona lotereya

Yangi yil kichkintoy uchun esda qolarli o`tishi uchun bayramoni lotereya o`tkazing. Lotereya chiptasining har bir raqami uchun sovg`alar hozirlab qo`ying. Bola «sehrli qopcha»dan tavakkaliga birma-bir chipta olsin. Chiptalarga yashiringan sovrinlarni taqsimlash jarayonini bazm avjiga chiqqanda o`tkazish mumkin. Sovrin nomi va lotereya chiptasi raqamini e`lon qiling. Qiziq bo`lishi uchun har bir lotga kichik she`rchalar to`qish mumkin. Masalan, «Xohlasang gar o`yinchoq, mana senga qo`g`irchoq!» «Kelaqol sho`x Alisher, mana senga katta sher!», «Xursand bo`lishi aniq, Nodiraga bu ayiq» va hokazo. Sovrinlar soni bolalar sonidan ortiq bo`lishi kerak.

5. O`yinlar

Bolalarning eng «muhim ishi» — o`yinlar o`ynash. Sizga ikkita o`yinni taklif etmoqchimiz: «Bayram» va «Qor parchasi».

«Bayram» o`yini uchun sovrinlar qopchasi va bosh harfi o`yinning har bir harfiga mos keladigan sovg`alar kerak bo`ladi. Masalan, bulochka, apelsin, yo`lbars, ruchka, ayiqcha, mashina. Boshlovchi o`yin ishtirokchilaridan «qo`limdagi sehrli qopchada «b» harfidan boshlanadigan nima bor?» deb so`raydi. Bolalar uning nimaligini topishga harakat qila boshlaydi. Kim topsa, sovg`a o`shaniki bo`ladi. Shu tarzda har bir harf ketma-ket topiladi. Xohishingizga qarab boshqa so`z tanlashingiz ham mumkin. Masalan, «Yangi yil».

«Qor parchasi» ham hatto kattalarni ham qiziqtiradigan ajoyib o`yin. Bayram arafasida qog`ozdan 30-40 ta qor parchasi qirqing. Ulardan birining orqa tomoniga «sovrin» so`zini yozib qo`ying. Qor parchalarini xonaning turli joylariga joylashtirib chiqing. Bayram boshida bolalarga hamma qor parchalarini topish kerakligini tushuntiring. Sovrinli qor parchasini topganga esa sovrinni topshiring.

6. Sovg`alar

Sovg`alarni qanchalik quvnoq va noan`anaviy tarzda topshirsangiz, bola bu kunni uzoq vaqt zavq bilan eslab yuradi. Yangi yilni bola uchun ertakmonand sarguzashtga aylantirishning ko`pab usullari mavjud. Aytaylik, sovg`alarni butunjahon an`anasiga ko`ra archa tagiga qo`yadigan odatingiz bo`lsa, buy il o`zgacha yo`l tuting. Masalan, sovg`alarni bekitib qo`yishingiz mumkin. Sovg`aga «olib boradigan yo`lni esa chalkashtirib yuborsangiz», yana-da qiziqroq bo`ladi. Ko`rinarli joyga chiroyli konvert qo`ying. Bolalar undagi xatdan sovg`alar archa tagida turishi kerak edi, lekin yovuz sehrgar uni bekitib qo`ygan»ini bilib olishadi. Xatda shunday so`zlar ham bo`lsin: «Lekin kayfiyatingizni tushirmang, ertakdagi do`stlaringizning yo`l-yo`riqlari sovg`alarni topishingizda yordam beradi. Birinchi ishora konvert turgan joydan besh qadam shimolda turibdi...» Har gal xat har xil joyda (pufak ichida, derazadagi qor parchasida va hokazo) bo`lsa, bola uchun yana-da qiziq va zavqli bo`ladi. Oxir-oqibat bolalar sovg`alarni topishadi va ularni osonlik bilan olganlaridan ko`ra ko`proq xursand bo`lishadi.

7. Qorbobo chaqirish

Agar «professional» Qorbobo xizmatidan foydalanmoqchi bo`lsangiz, jajji bolakaylarni uning tashrifiga tayyorlash kerak. Kichkintoyga Qorbobo kimligi va uni bolalar qanchalar yaxshi ko`rishini tushuntiring. Bolakaylar Qorbobo kelganda nima bo`lishini bilishlari muhim. Aks holda qo`rqib ketishlari mumkin. Shuning uchun Qorbobo ertaklar aytib berishi, sovg`alar berishini tushuntiring.

Yangi yilni shunday o`tkazingki, u nafaqat farzandingiz, balki butun oilangiz uchun eng esda qolarli lahzalarni tuhfa etsin!

Nilufar VAHOBOVA

Sharhlar

BOLANI OZODALIKKA O`RGATAMIZ

21.12.2017, 18:34

Qani endi bolangiz sizni hech javratmay o`zi yuz-qo`lini, tishlarini yuvsa, yotgan o`rnini yig`ishtirsa... Bu aksar ota-onalar uchun bir orzudek. Aslida, bolani ozodalikka o`rgatish qiyin ish...
ARAZChI BOLANI QANDAY TARBIYaLASh KERAK?

21.12.2017, 18:21

— 10 yoshli qizim juda arazchi. Sal gapga yig`laydi, xafa bo`ladi, ovqat emay qo`yadi. Uni ko`p erkalatishga ham qo`rqaman. Qanday munosabatda bo`lishga hayronman… Saida, Zangiota...
BOLAGA NIMA SOVG`A QILISh MUMKIN?

21.12.2017, 18:16

Jiyanlar, dugonalarning, qo`shnilar va tanishlarning farzandlariga sovg`a tanlayotib, chalkashib ketmaslik uchun bolalarning yoshini inobatga oling. Masalan: 1-2 yoshli bolakaylar qo`g`irchoqlar, yumshoq o`yinchoqlar, kubiklar, suratli kitoblar,...
YaLQOVLIKNI ENGIShNING 7 QOIDASI

20.12.2017, 19:41

... Kun davomida ish bo`yicha muhim hisobot tayyorlash yoki biror loyiha haqida bosh qotirish kerak. Ammo odatdagidek, buni ortga suramiz va kun oxiriga kelib, juda...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1