1

NOS ChEKIShNING ASORATI – SARATON

Salomatlik 21.12.2017, 18:29
 NOS ChEKIShNING ASORATI – SARATON

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotiga ko`ra har yili dunyo bo`yicha 5 millionga yaqin kishi tamaki chekish asoratida kelib chiqqan kasalliklar tufayli vafot etadi. Tamaki deganda faqat sigaret turlarini tasavvur qilish noto`g`ri. Zero tarkibida tamaki moddalari bo`lgan vositalar, masalan, nos ham psixotrop ta`sirga ega ekanligi bilan qayd etiladi. Ehtimol, nos haqida so`z borishi siz uchun erish tuyulayotgandir. Ammo nos chekuvchilar orasida nafaqat katta yoshli erkaklar balki yoshlarning ham borligi, mavzuning naqadar dolzarb ekanligidan darakdir. Buning ustiga asr vabosi nomini olgan saratonning og`iz bo`shlig`i va tilda uchraydigan turlari ham aynan nos chekish asoratida kelib chiqishi ayni haqiqat. Ushbu psixotrop vositaning ruhiyat va aqliy salohiyatga ta`siri haqida ham unutmaslik kerak. Vaziyat shu qadar qaltis ekan, demak zararli odatdan darhol voz kechish lozim! Biroq qanday qilib? Jismoniy va ruhiy qaramlikni engish oson bo`lmasa kerak? Bu haqida shifokor narkolog Guloyim JUMAShEVA ma`lumot beradi.

Tarkibi qanday bo`ladi?

Surishtiruvimizga ko`ra, nos tayyorlanishida turli usullardan foydalaniladi. Mahsulotning asosini nos tamakisi tashkil etsada, og`iz shilliq qavatida yaxshiroq so`rilishi uchun kul, so`ndirilgan ohak, o`simlik yog`lari, turli xil ta`m beruvchi qo`shimchalar, tovuq tezagi va tuya go`ngi aralashtirilishi mumkin. Botqoq rangini eslatuvchi to`q yashil tusdagi nos yumaloq shaklda, ingichka cho`pcha yoki kukun ko`rinishida savdoga chiqariladi.

Ta`siri nimada?

Tamaki chekayotgan kishini uzoqdan payqay olasiz. Hech bo`lmaganda ust-boshiga o`rnashib qolgan tamaki tutunining hidi qarshingizda kashanda turganidan darak beradi. Biroq nos bunday sifatlardan xoli. O`tkir hidga ega bo`lsa-da, uni faqat nos chekuvchigina bila oladi. Professional noschilar uchun esa og`izdagi massani yashirish cho`t emas. Til osti, lab lunji yoki og`izning bir tarafiga joylangan nos tarkibidagi nikotin moddasi ishga kirishgach, 5-7 daqiqalik lazzatlanish onlari boshlanadi. Avvaliga tana engil bo`shashadi, so`ng bosh aylanishi, ko`ngil behuzur bo`lishi, qayt qilish holatlari ham kuzatilishi mumkin. Ayniqsa, birinchi marta nos chekib ko`rganlarning aft-angori odatdagidan sezilarli darajada farq qiladi. Ba`zilar nos tarkibidagi engllashtiruvchi moddalar hisobidan tanadagi og`riqqa echim izlashadi. Bilishmaydiki, shu tariqa organizmda nosga nisbatan moyillik paydo bo`ladi.

2-3 martadan keyin...

Nos chekilganida nikotin moddasining og`iz shilliq qavati orqali qonga singishi yuz beradi. Qisqa fursatli engillikdan lazzatlangan organizm keyin ham shu holatni xumor qiladi. Oz-ozdan boshlangan qiziqish qarabsizki, odat tusiga aylanadi. Kashandalikka ruju qo`yayotgan kishi o`z–o`zidan jizzaki, asabiy bo`lib qoladi, sal narsaga tutoqib ketadi, tanadagi og`irlikdan qiynaladi. Muammoning chorasi esa nos... Xo`sh, nega shunday bo`ladi? Agar buni chindan ham organizmga bog`liq jarayon deb o`ylasangiz adashasiz, barchasi psixotrop moddalarning miyaga ta`sir ko`rsatishi natijasidir. Psixotrop moddalar miyani zaharlab, turli bezovtaliklarning kelib chiqishiga zamin yaratadi. Ong ostida paydo bo`lgan nosga moyillik esa go`yoki barcha azob-uqubatning chorasidek tuyula boshlaydi. Bu nos chekishga bo`lgan moyillikning zo`rayib borishi va tamakiga qaramlikning boshlanishidir.

Sog`liq kerakmi yoki...

Muntazam nos chekish avvalambor butun organizmni zaharlaydi. So`ng ichki a`zolar faoliyatiga doir buzilishlar kelib chiqadi. Xususan:

  • Nikotin qon tomirlarining torayishini keltirib chiqaradi. Bu esa ichki a`zolarning kislorod bilan to`yinishiga to`sqinlik qilishi mumkin. Aynan shu tufayli insult va boshqa yurak kasalliklari yuzaga keladi;
  • Og`iz bo`shlig`i, til osti va halqum saratonining kelib chiqish ehtimoli ortadi;
  • Karies, parodontoz paydo bo`ladi;
  • Tozalanmagan nos tamakisi infeksiya tashuvchi hisoblanadi. Bu esa qonga infeksiya tushishiga etaklashi mumkin;
  • Oshqozon kasalliklari, gastrit, me`da yarasiga sabab bo`ladi;
  • Uzoq muddat qabul qilinganida parishonxotirlik kelib chiqadi. Ruhiy o`zgarishlar, shaxs ikkilanishi kabi jarayonlar kuzatiladi;
  • Nos chekish jinsiy quvvatning pasayishi, nasl qoldirish xususiyatinining yo`qolishiga olib kelishi mumkin;
  • Tarkibidagi toksik moddalar jigar va buyrakni ishdan chiqaradi.

Qaramlikdan qutulish mumkin!

Nos chekishni tashlash xuddi tamakidan xalos bo`lish singari alohida yondashuvni talab qiladi. Bu ishni mustaqil bajarish ham mumkin, ammo hamisha ham kutilgan natijaga erishilavermaydi. Yaxshisi, mutaxassis ko`magidan foydalangan ma`qul. Qolaversa, bugunga kelib, nos tamakisi qaramligiga qarshi turli usullar qo`llanilayapti. Muolajani boshlashdan avval mutaxassis bemor bilan suhbatlashib, sog`ligidagi bezovtaliklar, ruhiyati bilan tanishadi. Bordi-yu bemor ham jismonan, ham ruhan nos chekishdan shikastlangan bo`lsa, davo choralari psixologik usullar va zarur dori preparatlari yordamida olib boriladi.

Organizm nikotin ta`siridan tozalangach, vitamin terapiyasi, psixoterapiyaga murojaat etiladi.

Qaramlikning o`ta og`ir darajalarida gipnoz (ong ostiga ta`sir ko`rsatish) va kodlash usullari o`tkaziladi. Bir martalik muolaja kor qiladimi degan savol tabiiyki qiziqtirayotgan bo`lsa kerak. Zarur hollarda yuqoridagi usullar takroran amalga oshirilishi ham mumkin.

Davolash jarayonida nos chekish asoratida kelib chiqqan kasalliklarga ham e`tibor qaratiladi. Misol uchun, yurak xastaliklari yoki me`da faoliyatidagi o`zgarishlar ham o`z navbatida muolaja qilinadi.

Nos chekishga qarshi kurashishning ilk kunlarida bemor uyqusizlik, ishtahasizlik, qon bosimining sakrashi, kayfiyat o`zgaruvchanligidan azoblanishi mumkin. Bu holat bir necha hafta davom etishi ham hech gap emas. Ayni shu pallada bemorga har qachongidan ham e`tiborliroq bo`lib, imkon qadar unga dalda berishga va hayotga bo`lgan ishtiyoqini oshirishga harakat qilish lozim.

Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi.

Manba: «Sug’diyona» gazetasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1