Evropol (Evropa ittifoqi polisiya xizmati) foydalanuvchilarga Windows XP’dan voz kechib, boshqa yangiroq operasion tizimdan foydalanishni tavsiya qilmoqda. Bu 2014 yilning 8 aprel kunidan Microsoft kompaniyasining ushbu operasion tizimga xizmat ko`rsatishni rasman to`xtatishi bilan bog`liq. Bu o`z navbatida xakerlarga yo`l ochib beradi.
“Foydalanuvchilar tushunishlari kerak, agarda ular XP operasion tizimi bilan internet tarmog`iga ulansalar, ularning kompyuterlari katta xavf ostida qoladi. Bu oddiy fuqarolarga ham xususiy sektor hamda hukumat vakillariga ham tegishli”,-deyiladi Evropol bayonotida.
Mutaxassislar fikricha, endi XP operasion tizimini buzishning yangi yo`llari paydo bo`ladi. Ayrim hollarda xatto antiviruslar ham kompyuterni himoya qila olmaydi.
Windows XP operasion tizimi 2001 yilning 25 oktyabr kuni ishga tushirilgan. “XP” inglizcha “experience” so`zidan olingan bo`lib tajriba, taassurot degan ma`noni anglatadi.





