1

PREZIDENTIMIZ FAOLIYaTINING ILK YILIDA TAShRIF BUYuRGAN 10 XORIJIY DAVLAT

Siyosat 03.01.2018, 15:41
PREZIDENTIMIZ FAOLIYaTINING ILK YILIDA TAShRIF BUYuRGAN 10 XORIJIY DAVLAT

Turkmaniston

Yil davomida Prezident Turkmanistonga jami 3 marta tashrif buyurdi.

6-7 mart. Ushbu tashrif Shavkat Mirziyoevning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida xorijiy davlatga ilk tashrifi bo`ldi.

Muzokaralar yakunida ikki davlat o`rtasida Qo`shma bayonot, Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnoma, tegishli vazirlik va idoralar o`rtasida 2018-2020 yillarda iqtisodiy hamkorlik to`g`risidagi shartnoma, Temir yo`l transporti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid memorandum, 2017-2019 yillarga mo`ljallangan madaniy-gumanitar hamkorlik dasturi, 2017-2018 yillarda tashqi ishlar vazirliklari o`rtasidagi hamkorlik dasturi, O`zbekistondan Turkmanistonga qishloq xo`jaligi texnikalari va kimyo mahsulotlari etkazib berish to`g`risidagi shartnomalar imzolandi.

Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedovga mamlakatimizda Maxtumqulining “Elingga baxsh ayla” deb nomlangan kitobini sovg`a qildi. Turkmaniston Prezidenti esa davlatimiz rahbariga zotdor ot sovg`a qildi.

Turkmanobod shahrida Birinchi Prezident Islom Karimov byusti o`rnatildi.

19-20 may. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoev O`zbekistonning Orol fojiasidan eng ko`p zarar ko`rgan hududlaridan kelgan bir guruh bolalar dam olayotgan "Avaza" milliy sayyohlik zonasiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o`rtasida o`zaro manfaatli tijorat shartnoma va bitimlar imzolandi.

17 sentyabr. Prezident Ashxobod shahrida o`tkazilgan Yopiq inshootlarda va jang san`atlari bo`yicha V Osiyo o`yinlarining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Qozog`iston

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Qozog`iston Respublikasi yil davomida 4 marta tashrif buyurdi.

22-23 mart. O`zbekiston-Qozog`iston muzokaralari yakunida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo 13 hujjat imzolandi. Jumladan,O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo`shnichilikni mustahkamlash to`g`risidagi qo`shma deklarasiya, 2017-2019 yillarga mo`ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasi hamda O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasida hududlararo hamkorlik to`g`risidagi bitim, shuningdek, parlamentarizm, soliq, transport, mudofaa, savdo-sanoat va boshqa sohalardagi hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi.

29 aprel. Shavkat Mirziyoev kuni Janubiy Qozog`iston viloyatiga tashrif buyurdi va Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan amaliy uchrashuv o`tkazdi. Unda mart oyidagi tashrif chog`ida imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlar amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.

8 iyun. Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Sammit doirasida Prezident qator delegasiyalar rahbarlari bilan uchrashdi: Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif, Afg`oniston Prezidenti Ashraf G`ani, Qirg`iziston Prezidenti Almazbek Atamboev, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Ispaniya Qiroli Filipp VI.

Shuningdek, tashrif chog`ida "EXPO-2017" xalqaro ixtisoslashgan ko`rgazmasining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi.

10 sentyabr. Prezident Ostonada shahrida o`tkazilgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo`yicha birinchi sammitida hamda "EXPO-2017" xalqaro ixtisoslashgan ko`rgazmasining rasmiy yopilish marosimida ishtirok etdi.

Rossiya

4-5 aprel. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo`ldi.Tashrif asnosida O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi Prezidentlari Qo`shma bayonot,16 milliard dollarlik 50 dan ortiq hujjatlar imzolandi.

Xitoy

11-13 may. Shavkat Mirziyoev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan Xitoyda bo`ldi. 14-15 may kunlari Pekin shahrida o`tkazilgan “Bir qutb, bir yo`l” xalqaro forumida ishtirok etdi.

Muzokaralar yakunida O`zbekiston bilan Xitoy o`rtasida Qo`shma bayonot, hukumatlararo texnikaviy hamkorlik to`g`risidagi, xalqaro avtomobil qatnovi to`g`risidagi bitimlar, umumta`lim maktablarida ta`lim sifatini oshirish, sog`liqni saqlash sohasini asbob-uskunalar bilan jihozlashga doir loyihalarni moliyalashtirish to`g`risidagi hukumatlararo notalar almashinuvi hamda veterinariya va o`simliklar inspeksiyasi karantini sohasida Anglashuv memorandumi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`eklari o`rtasidagi hamkorlikni rag`barlantirish bo`yicha Anglashuv memorandumi, qishloq xo`jaligi sohasida 2018-2020 yillarga mo`ljallangan idoralararo almashinuv hamkorlik rejasi kabi qator muhim hujjatlar imzolandi.

Saudiya Arabistoni

21 may. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan Ar-Riyod shahrida bo`lgan arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammitida ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoev Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Islom taraqqiyot banki Prezidenti Bandar Hajar bilan uchrashdi. Muzokaralar yakunida O`zbekiston Respublikasi hukumati va Islom taraqqiyot banki o`rtasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tuzish to`g`risida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Qirg`iziston

5-6 sentyabr. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboev taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo`ldi.

Tashrif yakunlari bo`yicha Prezidentlar O`zbekiston Respublikasi va Qirg`iziston Respublikasi o`rtasida Qo`shma bayonot va O`zbekiston – Qirg`iziston davlat chegarasi to`g`risida shartnomani imzoladilar.

AQSh

18 sentyabr. Prezident BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga keldi. Keng doiradagi O`zbekiston – Amerika biznes-forumida ishtirok etdi.

Sochi

10 oktyabr. Shavkat Mirziyoev Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Rossiya Federasiyasining Sochi shahriga keldi. MDH sammiti doirasida O`zbekiston Prezidenti Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi.

Turkiya

25 oktyabr. Shavkat Mirziyoev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo`g`onning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Turkiyaga keldi. Tashrif davomida iqtisodiyot, savdo-sotiq, sanoat, bank-moliya, investisiya, turizm, transport-logistika, sog`liqni saqlash, kadrlar tayyorlash, mudofaa va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir 20 dan ziyod hujjatlar qabul qilindi.

Janubiy Koreya

22-25 noyabr. Shavkat Mirziyoev Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo`ldi. Prezidentimiz ikki mamlakatning iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari, etakchi ishbilarmonlari ishtirokidagi Janubiy Koreya –O`zbekiston biznes-forumida qatnashdi.

Prezidentlar Strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama chuqurlashtirish to`g`risida Qo`shma bayonotni imzoladilar. Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Koreya Respublikasi Inson resurslarini boshqarish vazirligi o`rtasida Hamkorlik memorandumi, ikki mamlakat adliya vazirliklari o`rtasida Hamkorlik memorandumi, O`zbekiston Tashqi savdo vazirligi hamda Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirliklari o`rtasida O`zbekistonda Milliy elektron savdo platformasini joriy qilish bo`yicha hamkorlik bitimi, O`zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo`shilishi bo`yicha hamkorlik to`g`risidagi hukumatlararo memorandum, ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o`rtasida 2018-2020 yillarga mo`ljallangan hamkorlik dasturi, O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan Koreya Strategiya va moliya vazirligi o`rtasida Bilimlar almashinuv dasturi bo`yicha Anglashuv memorandumi, 2018-2020 yillarda Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg`armasi kreditlari bo`yicha hukumatlararo hadli kelishuv hamda O`zbekiston Tiklanish va taraqqiyot fondi bilan Koreya eksport-import banki o`rtasida moliyaviy hamkorlik to`g`risida kelishuv kabi 60 dan ortiq muhim hujjatlar imzolandi.

Tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoev Koreya Respublikasi Bosh vaziri Li Nak Yon, BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan uchrashdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga Seul shahri faxriy fuqarosi unvoni tantanali topshirildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1