QIZLAR TAXTI BAXTDAN BO`LSIN

Hidoyat sari 04.01.2018, 09:43
QIZLAR TAXTI BAXTDAN BO`LSIN

Islom dini ta`limotida qiz bola tarbiyasiga katta e`tibor qaratilgan. Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” kitobida quyidagi hadisni naql etgan: Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) aytadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kimning uch nafar qizi bo`lib, ularni tarbiyalab katta qilsa, jannatga kirishi muqarrardir”, dedilar. Shunda bir kishi: “Yo Allohning rasuli! Uning qizi ikkita bo`lsa-chi?” deb so`radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ikki nafar bo`lsa ham”, dedilar.

Qiz bolani har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, unga hamisha g`amxo`rlik qilishning ahamiyati katta. Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Bir kuni tilanchi ayol ikki qizini etaklab keldi. Huzurimda bitta xurmodan tashqari narsam yo`q edi. Men xurmoni uzatsam, u ayol bir xurmoni ikki qiziga bo`lib berdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kirganlarida bu haqda xabar bergan edim, u zot: “Kim mana shu kabi qiz farzand bilan imtihon qilinsa (sinalsa), ularning tarbiyasini chiroyli qilsa, uning uchun jahannamdan parda bo`ladi”, dedilar» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Kishi farzandlari uchun sovg`a olib kelgan bo`lsa, uni tarqatishni, avvalo, qizlaridan boshlashi haqi­da ko`rsatmalar bor. Anas ibn Molik (roziyallohu an­hu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Kim bozordan farzandlariga hadya keltirsa, u sadaqa qilgan kishi kabi bo`ladi, hatto, uni ularning og`ziga soladi. Tarqatishni qizlardan boshlasin, chunki Alloh taolo ayollarga yumshoqlik qildi. Kim ayollarga yumshoqlik qilsa, Allohdan qo`rqib yig`lagan kishi kabidir. Kim Allohdan qo`rqib yig`lasa, uni Alloh kechiradi. Kim qizlari bilan xursand bo`lsa, Alloh qiyomat kuni uni xursand qiladi” (Abu Lays Samarqandiy).

Ota va oila ahllari qizlari uchun yaxshi xulqli, taqvodor kuyov qidirishlari shart. Uning boyligi va molini ko`zlashlari kerak emas. Agar sovchi qo`yuvchi xulqi yaxshi, taqvoli, sharafli, muruvvatli, ilmli va ko`rkam bo`lsa, qanday yaxshi.

Qiz bolani turmushga berishda kuyovning dunyosiga emas, avvalo, oqil va solih bo`lishiga e`tibor qaratish zarurligi ta`kidlangan. Sha`biy (rahimahulloh) aytadi: “Kim izzatlisini (qizini) fosiqqa nikohlagan bo`lsa, boshini yoribdi”. Bir kishi Imom Hasan Basriydan so`radi: “Qizimni kimga erga berayin?”. Imom javob berdilar: “Allohdan qo`rqqanga ber. Agar u qizingni sevsa, hurmat qiladi, agar yomon ko`rib qolsa, unga zulm etmaydi”.

Qiz bola kishining nomusi va sharafidir. Uni muhofaza qilish va saqlash lozim. Qizining sharafi, izzatiga molidan ko`ra ko`proq haris bo`lishi kerak. Oqil odam qizini o`ziga munosib, nomusini saqlaydigan, u bilan qarindoshlari qanoatlanadigan va qizini baxtli qila oladigan erga nikohlaydi.

Afsuski, ba`zi onalar turmushga chiqayotgan qizlariga oilada ustunlikni qo`lga olish borasida “nasihat” qiladilar. Aslida, kelin kuyovga nisbatan qanchalik muhabbat va sadoqat ko`rsatsa, kamtarlik bilan muomala qilsa, unga ham kuyovdan shunchalik iliqlik va samimiylik qaytishi tabiiy. Shoir aytganidek, “Muhabbatdin muhabbat bo`lur paydo, muhabbatsiz kishidan qoch, Huvaydo”.

Qur`oni karimning Fussilat surasi 34–35 oyatlarida aytiladi: “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo`lmas. Siz (yomonlikni) go`zalroq (muomala) bilan daf eting! (Shunda) birdan siz bilan o`rtalaringizda adovat bo`lgan kimsa qaynoq (qalin) do`stdek bo`lib qolur. Unga faqat sabrli zotlargina erishurlar, unga faqat ulug` nasiba egasigina erishur”.

Binobarin, ayol o`z turmush o`rtog`iga qanchalik yaxshi munosabatda bo`lsa, oilaning mustahkamlanib borishi barobarida, erdagi ba`zi qusurlar ham bartaraf bo`lishi, uning tom ma`nodagi oila boshlig`i bo`lib shakllanishiga sababchi bo`ladi. Muhtaram Birinchi Yurtboshimiz Islom Karimov ta`kidlaganidek: “Oila sog`lom ekan – jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan – mamlakat barqarordir”.

Nargiza ADILOVA,

“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o`rta maxsus

islom bilim yurti mudarrisi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1