1

BAHODIR YO`LDOShEV: "TEATR TARBIYaLAMAYDI, U HAMDARD BO`LIShNI O`RGATADI"

Madaniyat 04.01.2018, 12:41
BAHODIR YO`LDOShEV:  "TEATR TARBIYaLAMAYDI,  U HAMDARD BO`LIShNI  O`RGATADI"

Bahodir Yo`ldoshev! Bu insonning iste`dodi tomoshabinnidoim hayratlantirgan. O`zbek teatri deganda ko`z o`ngimdan Bahodir Yo`ldoshevning komediyalari, dramalari o`taveradi. O`z ishini sevadigan, fidoyi insonlar bilan suhbatlashishni xushlaganim uchunmi, anchadan buyon Bahodir Yo`ldoshev bilan uchrashishni orzu qilib yurardim... Uzoq kutilgan uchrashuv nasib etganda esa nega barcha mayoq kabi yo`l ko`rsatib turadigan bu iste`dod egasi tomon talpinishini tushungandek bo`ldim...

— Cizning teatrlaringizda tomoshabinga e`tibor bo`lakcha. O`zbek Davlat drama teatrida ham sahna tomoshabinga yaqin bo`lgan. “Diydorda esa aktyorlar tomoshabinning yonginasida turib rol ijro etishadi. Buning sababi nimada?

— Drama teatrini Georgiy Brim bilan birga qurgandik. O`ylaymanki, u sahna O`zbekistondagi eng yaxshi teatr sahnalaridan biri. Gap shundaki, o`zbek teat­ri asli bozordan boshlagan — masxarabozlardan, dorbozlardan. O`zbek, umuman Sharq teatri ko`proq davra teat­ri bo`lib, tomoshabin bilan muloqot qilingan. Shuning uchun drama teatrida ko`proq sahnani tomoshabin tarafga qaratganmiz. Teatr tomoshabini aslida kam bo`ladi. Biz 700-800 kishilik zallar quramiz. Lekin aktyor chiqib gapirganda oxirgi qatordagilar hech nimani eshitmaydi. Shu sabab boshqa teatrlarda aktyorlar baqirib gapirishga majbur, chunki tomoshabinlar eshitmaydi-da. Yunonlar ham davra teatri qurgan, lekin ularning akustikasi zo`r o`ylab chiqilgan. E`tibor bering, o`sha zamonda! Keyin aktyorlar niqob taqib o`ynashgan, bu niqoblarda ovozni kuchaytirib beradigan uskuna bo`lgan. “Diydor”da ham aktyorlar tomoshabinga yaqin turadi va samimiy o`ynaydi. Ulardan shuni talab qilamiz, bu erda kuchanib, baqirib gapirish yo`q. Shu sabab ta`sir kuchi ham katta.

— 1983 yili akademik teatrda Pirimqul Qodirovning "Yulduzli tunlar" romani asosida spektakl sahnalashtirgansiz, Bobur siymosini sahnaga olib chiqqaningiz uchun spektakl taqiqlangan. “Diydorda ushbu asarga yana qo`l urdingiz. O`sha davrda aytilmagan gaplaringiz qolib ketgani uchunmi yoki boshqa sababi bormi?

— U paytlarda tariximizni kamsitib ko`rsatishardi, maktablarda ham iloji boricha kam o`qitilardi. O`zbek bolalari o`z tarixini bilmay o`sgan. Bobur kim desa, vatanini tashlab ketgan bir qochqin podsho, de­yishardi. Hatto Amir Temurni ham qanchalik erga urishgan. Lekin shunga qaramasdan men Ibn Sino, Bobur, Nodirabegim, Beruniylar haqida spektakllar qo`yganman. Albatta katta qarshiliklar bo`lgan, lekin qarshiliksiz ish yaxshi ish bo`lmaydi. Bu asarga qayta qo`l urganimizning ham o`ziga xos sabab­lari bor. Hozirgi Bobur obrazisal murakkab, hatto Milliy teatrda qo`yilgan “Yulduzli tunlar”dan ham murakkabroq. U paytda Shayboniyxon bir qonxo`r sifatida gavdalantirilgan bo`lsa, bunisida Shayboniyxon butkul boshqacha. O`zi Shayboniyxon katta shoir bo`lgan, bejizga unga "Xalifai Rahmon" unvoni berilmagan. Bu hammaga ham berilavermaydi. U kishi Qur`onni juda yaxshi bilgan, musulmon olamida katta obro`ga ega bo`lgan.

Yangi spektaklda Shayboniyxon nima qilib bo`lsa-da, Boburni saqlashga urinadi. Qurshovdan chiqarib yuboradi. Opasiga uylanadi... Bobur o`sha paytlarda o`n olti-o`n etti yosh, qoni qizigan yigit bo`lgan. Lekin Shayboniyxon uning shaxsan o`ziga zarar etkazishni istamaydi. U boshqacha yo`l tutadi. Agar yosh hukmdornio`ldirmoqchi bo`lsa, qo`lidan kelardi. Boburning qurshovdan sog`-omon chiqib ketishiga imkon yaratib bergan odam sifatida gavdalanadi bu spektaklda. O`ylaymanki, hali Shayboniyxon haqida ham spektakl­lar bo`ladi. Registonning orqasida Shayboniylar daxmasi bo`lgan, o`sha erdagi qabrtoshlarni sovet davrida Leningradga Ermitajga olib ketishgan. Juda chiroyli qabrtosh bo`lgan... Endi zamonlar o`zgardi, hukumatimiz, prezidentimiz iloji boricha o`sha qabr toshni qaytarib olib keltirib, Shayboniyxon qabriga qo`yishadi, deb o`ylayman.

Nasib!

— Bu millatning o`z qahramonlariga, u qanday bo`lishiga qaramasdan hurmati hisoblanadi.

Bu savolni mendan xafa bo`lmasangiz, beraman.

— Shuncha kutdingiz, endi istagan savolingizni beravering.

Milliy teatrdagi to`fon hayotingizda qanday iz qoldirdi? Ko`p ijodkorlar fitnalar bo`roni ta`sirida sinib ketadi. Barchasini engib, yana bosh ko`tarish uchun nima kuch va iroda bag`ishladi?

— Bilasizmi, bu — rejissyorlarning taqdiri... Teatrda hammaga yoqqan rejissyor, rejissyor emas. Hayotda ham shunaqa-ku. Albatta, ijodingizni kuzatadigan muxlislaringiz bor, sizga qarshi bo`lgan odamlar ham bor. Men qarshi bo`lgan odamlarni ko`proq qadrlayman. Chunki ular ishlashga majbur qiladi. Mening teatrdan ketishim, kutilmagan hodisa emas, bu har bir teatrning an`anasi. Masalan, Mannon Uyg`urni ham teatr­dan quvishgan. U har kuni teatrga kelib, kun bo`yi qorovulxonada o`tirgan. O`zi tarbiyalagan aktyorlari u kishi bilan so`rashmay o`tib ketgan... Toshxo`ja Xo`jaevda ham xuddi shunday bo`lgan. Menda ham shunday bo`ldi. Bundan xafa bo`lish kerak emas. To`g`risi, agar menga qarshi chiqishmaganida hayron bo`lardim. Bu ishlarning hammasi odamga kuch beradi. Yaxshiroq, mukammalroq ishlashga undaydi.

Sobiq Hamza teatridan sizning ortingizdan Yoshlar teatriga o`tgan rassom do`stingiz Georgiy Brim Germaniyada vafot etganda uni dafn marosimiga vatan tuprog`idan olib borgan ekansiz...

— Rost, qabriga qo`yish uchun vatan tuprog`idan olib borganman. Menimcha, Georgiy Brim ichikib o`ldi. U O`zbekistonda katta bo`lgan. Uni 1937 yilda bolaligida O`rta Osiyoga surgun qilishgan. Bu yurt unga boshpana berdi. Hech narsaga qaramasdan uni o`qitishdi. Shuning uchun O`zbekistonni o`z vatanidek qabul qilardi. Mening bilishimcha, u sog`inib o`lgan. Uning o`limi Boburning o`limiga o`xshaydi. Uning ko`chib ketishi biz uchun katta yo`qotish bo`ldi, lekin boshqa iloj yo`q edi. Onasi, bolalari, nevaralari ko`chib ketishgach, yolg`iz qolishdan qo`rqib, u ham ketdi.

Brim boshqa millat vakili bo`lsa-da, O`zbekistonga qattiq mehr qo`ygan ekan-da. Ko`pchilik Vatan millatdoshlaring yashaydigan joy, deydi...

— Brim o`zbek bo`lmasa-da, O`zbekistonni, uning tarixini sevishi hech bir o`zbekdan kam emasdi.

— "Hamletmening do`stim. Men har tong uning yodi bilan uyg`onaman, u bilan birga dunyodan nafratlanaman va u bilan birga shu dunyoni sevaman", degandingiz bir intervyungizda...

— Bu fikr Shekspirni taniganimdan buyon men bilan. 9-10-sinfda o`qib yurganimda “Hamlet” spektaklini qo`yganman. U paytda xalq teatrlari bo`lardi, rollarni xalq teatri aktyorlari o`ynagan. O`zim esa Hamletni o`ynaganman. U men uchun juda qadrli pesa. Uni sahnaga olib chiqqanda, odam bir narsasini yo`qotgandek bo`ladi, shu sabab qo`rqaman. U hamishalik orzu men uchun. Odam har safar orzusiga etaversa ham bo`lmaydi. Bir-ikki narsa orzuligicha qolishi kerak.

Salbiy qahramon haqida yozayotgan ijodkorning o`zida ham o`sha salbiy xususiyatlar bo`ladi, deb o`ylaysizmi?

— Insonda hamma narsa bor. Biz insonga faqat biror vaziyatga tushib qolgandagina to`g`ri baho bera olamiz. Biz yaxshi deb o`ylagan inson shunday vaziyat keladiki, nega uni yaxshi deb o`yladim, deb hayron bo`lamiz. Masalan, Shekspirning o`zida Yago ham bor, Otello ham, Dezdemona ham bor. Odam o`zi bilmagan narsasi haqida yoza olmaydi. Deylik, katta o`g`rilik yoki qotillik jinoyatini shu ishga moyilligi bor odam tezroq ocha oladi. Chunki u o`g`ri qay vaziyatda qanday ish tutishi mumkinligini biladi. Chunki uning o`zida shunaqa xislat bor. Insonning ko`nglida ikkita "bo`ri" yashaydi. Biri juda badjahl, ikkinchisi sipo. Ikkalasi mudom janjal qiladi. Sizningcha, qaysi bo`ri yutib chiqadi? Qaysi biriga ko`proq emish bergan bo`lsangiz, o`shanisi yutib chiqadi.

Stanislavskiy "San`atdagi o`zingni emas, o`zingdagi san`atni sev", degandi. Siz o`z san`atingizni sevasizmi?

— Juda harakat qilaman. Boshqa ilojim yo`q. Bu Alloh bergan ne`mat. Har bir iste`dodli odam o`zining iste`dodi uchun shukr qilishi kerak. Bu iste`dod sizga qarzga beriladi. Iste`doddan foydalanish mumkin emas. Uni faqat rivojlantirish bilan shug`ullanish kerak. Agar undan foydalansangiz, masalan, Alloh ovoz bergan bo`lsa-yu, to`y-hashamlarda undan manfaat talab qilib pul ishlasangiz, bu noto`g`ri. Bu albatta jazosiz qolmaydi.

San`atda odam o`zi uchun ishlashi kerak. Mana shu spektaklni qo`yganimizda, tomoshabinlar kelib, menga gul berishsa, olqishlashsa yoki shu spektaklim uchun unvon olaman, degan fikr bilan ishlagan odamning spektakli o`xshamaydi. Bu spektakl men uchun, mening do`stlarim, tomoshabinlarim uchun. Tomoshabinlarni nihoyatda hurmat qilish, ularni sevish kerak. Chunki bir spektaklni tomosha qilish uchun ikki soat vaqt ketadi. Odamning umri juda qisqa, ular shu qisqa umrining ikki soatini sizga, spektaklingizni ko`rishgabag`ishlaydi. Ularning vaqtini o`g`irlab bo`lmag`ur bir narsani qo`ysangiz, bu yaxshi emas-da.

O`zbek tomoshabiniga qanday xarakteristika bergan bo`lardingiz?

— O`zbek tomoshabinini vaqti kelganda qadrlamasdan didini buzib yuborganmiz. Har bitta o`ylanmay qo`yilgan spektakl tomoshabin didini buzadi. “Obraz Shou” degan ko`rsatuv bor edi. Odamlar har xil spektakllardan rol ijro etishadi. Hatto Hamletni ham tayyorlanmasdan rol haqida, spektakl haqida chuqur tushunchaga ega bo`lmasdan ijro etaverishadi. Bularning bari televizorga chiqaman, deb qilinadigan ishlar. Ularning hakamlariga yuragim achiydi. Chunki hakamlar o`sha ijroga baho beradi. Shunaqa ko`rsatuvlar tomoshabinning didini buzib yuborayotganini televideniedagilar o`ylashi kerak. Har bir teatr ham biror asarni sahnaga olib chiqishdan oldin yaxshilab o`ylashi kerak. Lekin teatrni tushunadiganlar va uning tomoshabini ko`p bo`lmaydi. Aytaylik, hozir muzeyga borsak, qancha odamni ko`ramiz? Agar ekskursiya bo`lmasa, hech kim yo`q. Muzeyga borib mo`yqalam ustalari yaratgan portretlarni ko`raman, degan odam nech­ta? Juda kam. Hammamiz Alisher Navoiy kabi ulug` shoirlarimizni gapiramiz. Lekin hozir ikkalamiz Toshkentni kezib biror uyni taqillatsak-da, “Alisher Navoiyni o`qiyapsizmi?” deb so`rasak. To`rtmillionlik shahardan nechta odam Alisher Navoiyni o`qib o`tiribdi, deb o`ylaysiz? Balki talabalar o`qiyotgandir. Ular hisobmas, ular imtihon uchun kitobni qo`liga olgan bo`lishi mumkin. Gap shundaki, bilim berish oson, lekin uni ishlatish va tushunish qiyin. Maktablar bilim berish bilan shug`ullanishi kerak emas. Bilimni qandoq ishlatishni, tushunishni o`rgatishi kerak aslida.

O`zingizga nisbatan juda qattiqqo`lsiz... Vaholanki, komediya bo`ladimi, drama yoki ommaviy tomoshalar rejissyorligi bo`ladimi, nimaga qo`l urmang, barchasi muvaffaqiyatli chiqadi.

— Menimcha, bu tarbiyadan bo`lsa kerak. Ayamiz O`zbekiston xalq artisti Shirin Melieva juda qattiqqo`l ayol edilar. Ular 40 yil teatrda direktor bo`lganlar. Eskilarning aytishicha, teatrga rahbarlik qilish, armiyaga rahbarlik qilishdan ko`ra qiyinroq. Ijodkorlarning har birining o`ziga xos fe`l-atvori bor. Ularning har biri bir dunyo. Mana shu dunyolarni birlashtirib spektakl qo`yish juda qiyin ish. Aktyor qanchalik iste`dodli bo`lsa, dunyosi shunchalik kengroq, o`zi injiqroq bo`ladi.

Bolaligingiz xotiralarini biz bilan ham bo`lishsangiz...

— Bolaligimizda ayamiz teatrda ishlagani uchun ko`pincha bizni dadamizga tashlab ketardilar. Shu bois biz uchun dadamiz ham aya, ham dada edi. O`sha paytlarda ikki-uch oylik gastrollar bo`lardi. Ba`zida ayamiz kelsa, biz bu ayol kim ekan, deb o`ylardik... Yosh bolaning esidan tez chiqib ketadi-da. “Men ayangman”, deb sovg`alar olib kelardilar, lekin baribir u sovg`a odamga tatimasdi... Ayam teatridagi artistlarga bolangni teatrga olib kelma, derdilar. Bizni ham iloji boricha teatrga qo`ymasdilar.

Nega?

— Birinchidan, bola qo`rqadi. Chunki onasi sahnaga chiqqanda boshqa odamga aylanadi. Sahnada onasini kimdir urishi, urishishi mumkin... Sal kattaroq bo`lganda, ya`ni 12-13 yoshlarda borishi mumkin. "Gulsara" spektakli bo`lardi. O`shanda ayam Gulsaraning onasini o`ynardi. Gulsaraning otasi onasini pichoqlab o`ldiradigan sahna yaqinlashganda meni doim titroq bosardi. Bu spektaklligini bilsam-da, qo`rqardim.

Fidoyi odamlar jamiyatni ilgari suradi, deyishadi. Siz hamDiydorteatr studiyasini tashkil etib, bu erda bolalarga dars berishingiz, ularning bilimini oshirishda o`z hissangizni qo`shishingizni fidoyilik deb o`ylayman.

— Bu fidoyilik emas, agar hukumatimiz yordam bermasa, biz hech nima qila olmasdik. Bizga joy ajratildi, o`qituvchilarimizga oylik maosh beriladi. Bu hukumatimiz tomonidan bizga ko`rsatilgan g`amxo`rlik. Aytaylik, Chaykovskiyning ham homiysi bo`lmaganida, u hech qanday simfoniya yarata olmasdi. Bu yaxshilikka javob berish kerak. Biz bolalarni bepul o`qitamiz. Iloji boricha, yordam berishga harakat qilamiz. Spektakllarni bepul o`ynaymiz. Biz ham chipta sotib pul olishimiz mumkin edi. Lekin talabalarimizning spektakl­lari — o`quv spektakllar, hali pulga sotishga arzimaydi.

Ilgari fillarda rol o`ynagansiz. Lekin keyinchalik faqat rejissyorlik bilan shug`ullanyapsiz...

— Men faqat rejissyorlarning katta iltimosi bilan filmga tushganman. Hech qachon o`zim rol so`rab bormaganman. Ustoz Shuhrat Abbosovning iltimosi bilan rol o`ynab, shu bilan birga, u kishidan kino san`ati bo`yicha ko`p narsa o`rganganman. Kino va teatr san`ati bir-biridan juda farq qiladi. U kishi teatrda ishlashimni bilib, barcha sharoitni yaratib berardi. Aytaylik, men soat ikkigacha teatr­da bo`lsam, s`yomkani soat ikkidan keyin qo`yardi. Agar suratga olish ishlari Qo`qonda bo`lsa, men u erga samolyotda uchib borardim, suratga olish ishlarini tugatib kechki reys bilan qaytib kelib, ertalab teatr repetisiyasida bo`lardim. Shuhrat aka aktyorlarni yaxshi ko`radigan odam, u kishi aktyorlar uchun hamma sharoitni yaratib berardi.

Siz ham kino aktyorlarini teatrga jalb qildingiz. Qat`iy tartib asosida ishlaydigan teatringizga ular qanday moslashishdi?

— Gap shundaki, kino aktyorlar bizning teatrga o`qigani, o`rgangani kelishgan. Ularning nomidan, rasmidan foydalanib teatrimizni reklama qilish niyatimiz bo`lmagan. Buni ularning o`ziga ham aytganmiz. Shunga rozi bo`lganlar, kelgan.

Ko`pchilikda teatr insonni tarbiyalashi kerak, degan tushuncha bor...

— Yo`q, teatrga o`zi tarbiyali odamlar kelishadi. Teatr faqat hamdard bo`lishni o`rgatadi. Aytaylik, Kumushdan ayrilgan Otabekka achinib yig`lasangiz, demak siz o`z dardingizni biroz bo`lsa-da unutib, Otabekning dardiga hamdard bo`ldingiz. Undagi yig`ini o`z yig`ingiz bilan qiyoslab bo`lmaydi. Tafakkur tug`yoni bilan to`lqinlangan qalb yig`isi boshqacha bo`ladi. Buni his etish uchun teatrga tez-tez kelib turish kerak.

Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur! Sizdan yangidan-yangi asarlar kutib qolamiz.

— Sizga ham rahmat.

Dilfuza SOBIROVA suhbatlashdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1