Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboevning kuyovi — Qozog`iston ishbilarmonlarining «Atameken» milliy palatasi prezidiumi raisi Timur Kulibaev Forbes Kazakhstan jurnali tomonidan «Yil tadbirkori» deya e`lon qilindi, deb xabar bermoqda telegraf.uz.
Muqovasida Timur Kulibaev surati aks etgan jurnal 4 yanvar kuni sotuvga chiqdi.
Timur Kulibaev Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboevning o`rtancha qizi Dinaraga uylangan, 2011 yildan boshlab Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi direktorlar kengashi tarkibiga kirgan. Timur va Dinara Kulibaevalar «ALMEKS» kompaniyasi orqali Qozog`iston Xalq bankini nazorat qiladi, ma`lumki, bu bank o`tgan yili aktivlari bo`yicha Qozog`istondagi eng yirik — Kazkommersbankni sotib olgan edi. Boshqa kompaniyalarda ham Kulibaevning aktivlari bor.
“Kazkommersbank va Xalq bankining birlashuvi, sug`urta bozorida mavqeining oshishi, aviasiya sohasi va tibbiyot biznesidagi muvaffaqiyatlar— bularning hammasi biznesmenga qo`shimcha ball berdi. O`tgan yilda u qo`lga kiritgan yutuqlardan biri so`zsiz, “Atameken” milliy palatasi va hukumat o`rtasidagi muloqotning faollashgani bo`ldi”, — deyiladi Forbes Kazakhstanda e`lon qilingan izohda. Maqolada ta`kidlanishicha, 2017 yilda Kulibaev Forbes Kazakhstan versiyasi bo`yicha yana “50 nafar nufuzli tadbirkorlar” reytingini boshida turgan va Qozog`istondagi “Eng boy 50 nafar tadbirkor” reytingining birinchi uchligiga kirgan.
Timur Kulibaev Qozog`iston neftgaz va energetika KAZENERGY majmuasi tashkilotlari assosiasiyasi va Milliy olimpiya qo`mitasiga rahbarlik qiladi, Qozog`iston boks federasiyasi, Sport yakka kurashi va kuch sporti turlari Konfederasiyalari boshlig`idir. Amerikaning Forbes jurnali ma`lumotlariga qaraganda, Timur Kulibaevning boyligi 2,1 milliard dollarni tashkil qiladi. Kulibaevlar oilasining boyligi esa Amerikaning Forbes jurnaliga ko`ra, to`rt milliard dollardan oshib ketadi.
08.01.2018 12:32
NAZARBOEVNING KUYoVI «YIL TADBIRKORI» BO`LDI
