OILADAGI XOTIRJAMLIK IShDAGI MUVAFFAQIYaTNI TA`MINLAYDI

Munajjimlar bashorati 09.01.2018, 15:59
OILADAGI XOTIRJAMLIK IShDAGI MUVAFFAQIYaTNI TA`MINLAYDI

Sunbula

(24 avgust – 23 sentyabr)

Umumiy bashorat
Sunbula burjida tug`ilganlar tabiatan kirishimli va kuyinchak inson bo`lishadi. Ular hatto qo`lidagi oxirgi nonni ham birov bilan bo`lisha oladigan darajada mehribondirlar. Lekin hammaga bir xil munosabatda bo`lishlari va ko`ngilchanliklari hayotda biroz pand berib qo`yishi ham bor gap. Birovlarning g`amini eb, o`ziga nisbatan e`tiborsiz bo`lish har doim ham o`zini oqlamaydi. “Sunbula”lar buni unutmasligi lozim.

2018 yil davomida bu burj vakillariga bir ishning boshini tutish tavsiya etilmoqda. Ya`ni bir vaqtning o`zida ko`p vazifani bajaraman, deb hammasidan quruq qolish hech gapmas. Ular o`z xarakteridagi yosh bolaga xos jihatlardan voz kechib, ulg`ayish vaqti kelganini his etishlari kerak. Hayotdagi ba`zi masalalarda uzil-kesil qaror qabul qilish lozim. Ana shunda hayotlarida ham, ishlarida ham tartib bo`ladi. So`nggi maslahat: bilamizki, barchaning e`tibor markazida bo`lishni yoqtirasiz. Ammo bu doim ham siz o`ylagandek yaxshi bo`lmaydi. Oqibatda ko`nglingiz og`rishi hech gapmas. Demak, 2018 yilda bu jihatni ham inobatga olishni unutmang. “Sunbula”larga ta`rif berishda ularning nafaqat ichki olamini maqtash mumkin, balki xatti-harakatlari ham e`tiborga molik. Agar siz sevgilingiz bilan ahdu paymon qilgan bo`lsangizu, ammo oila qurishni keyinga qoldirayotgan bo`lsangiz, bu ishni 2018 yilda hal qiling. Qat`iy qarorga kelib oila qurish fikri eng to`g`risidir. Yilning ikkinchi yarmida sog`ligingizga e`tiborli bo`ling. Oshqozon-ichak kasalliklari sizni bezovta qilishi mumkin. Muammolardan qochish uchun esa hozirdanoq og`ir va yog`li ovqatlardan voz kechish tavsiya etiladi.

Kuz oyining ilk kunlarida uzoq vaqtdan buyon kutilayotgan yangi uyga ko`chish yoki chet el sayohatiga chiqish rejangiz amalga oshadi. Hatto orzuingizdagi avtomobilni xarid qilishingiz ham mumkin. 2018 yilning kuz oyi uchun yagona maslahat — kredit yoki qarz olishga shoshilmang. Har doim o`ylab ish qiling. Shoshib olingan qarzdorlik ko`ngilsiz holatlarga sabab bo`lishi mumkin.

“Sunbula”lar uchun yagona omadsizlik — kasbiy faoliyati bilan bog`liq bo`lishi mumkin. Unutmang, oddiy tushunmovchiliklar katta muammolarni yuzaga chiqaradi. Hamkasblar va rahbariyat bilan tortishib o`tirmang. Qiyin vaziyatdan chiqish uchun o`zingizdan kattalar yoki ustozlaringiz ko`magiga hamda o`z mahoratingizga suyaning.

ShAXSIY XAYoT

“Sunbula”lar ishqiy munosabatda ham xuddi ishdagi kabi juda sinchkov bo`lishadi. Ular uchun hamma narsa o`z vaqtida, tartib asosida, bo`lishi shart. Ammo “It” yili ularning o`ylarini boshdan-oyoq o`zgartirib yuboradi. Bunga esa yangi tanishuvlar sabab bo`ladi. Bir so`z bilan aytganda, siz xayollaringizdagi shahzodani yoki o`z malikangizni uchratishingiz va hayotingizni bir umrga bog`lashingiz mumkin.

Oilali “Sunbula”lar esa yilning oxirida oilasiga ko`proq vaqt ajratishlariga to`g`ri keladi. Haddan tashqari ishga sho`ng`ib ketish oqibatida yaqinlaringizga e`tiboringiz etishmayapti. Ular bilan munosabatlaringizni tiklang.

Farzandli “Sunbula”lar esa bolalariga bo`lgan mehrini ikki karraga oshirishlari lozim. Qish kunlarida o`ylagan rejalaringiz barbod bo`lib, shamollash yoki allergik kasalliklarni davolash bilan vaqt o`tkazishingiz ham ehtimoldan xoli emas. Bolalaringizning maktab yoki bog`chada qo`lga kiritgan yutuqlari uchun rag`batlantirishni ham unutmang. Bolalar kattalardan doim e`tibor kutishadi. Bayram kunlarini ish yoki do`stlar davrasidan uzilib, oila davrasida o`tkazishga harakat qiling.

Oila qurishga ulgurmagan “Sunbula”larga esa “It” yili o`zi bilan baxt olib kelishi ehtimoli kattaligini alohida aytib o`tmoqchimiz.

SALOMATLIK

Burj vakillari kirib kelayotgan “It” yilida salomat­lik­lariga jiddiy e`tibor berishlari lozim. Sog`ligingiz bilan yuzaga kelgan muammolarni hal etishda o`zingiz yo`l qidirmay, shifokorlar maslahatiga quloq tuting. Aks holda vaziyat yomonlashishi hech gapmas. Hatto oddiy shamollashning oldini olishda ham shifokoringiz bilan bog`laning. Yoz oylarida sizni yurak qon-tomir kasalliklari bezovta qilishi mumkin. Ularning oldini olish uchun yog`li, yarim tayyor mahsulot va taomlardan voz keching. Sog`lom turmush tarzini yuritsangiz, maqsadga muvofiq bo`ladi. Yil so`nggida barcha muammolardan xalos bo`lib, kundalik hayot tarzingizga qaytishingiz mumkin. Dekabr oyida keyingi yilga bo`lgan tayyorgarlik ko`ngildagidek kechadi, ungacha ko`pgina rejalaringiz amalga oshgan bo`lishi kutilmoqda.


KARERA

Aksariyat “Sunbula”larda 2018 yilda kasbiy o`sish kutilmoqda. Ular yangi lavozim yoki rahbarlikka tayinlanishlari mumkin. Ammo bunga erishish uchun sizdan yaxshigina mehnat talab qilinadi. Shuning uchun barcha diqqat-e`tiboringizni faqat ishga qarating. Mayda muammolarga ahamiyat bermaslik tavsiya etiladi. Aks holda, birgina e`tiborsizlik tufayli erishilgan natijadan o`n qadam ortga ketib qolishingiz hech gapmas. Yoz oylarida faoliyatingizda ko`zlagan maqsadingizga erishish kutilmoqda. Malaka oshirish uchun safarga ketishingiz ham mumkin. Bilimlaringizni oshirish ham zarar qilmaydi. G`oyalaringizni rahbariyatga taqdim etishdan tortinmang. Jadal tashlangan qadamlaringiz yaxshi kutib olinadi. Albatta, bu orqali moliyaviy ahvolingizni ham ancha o`nglab olasiz.


AYoL "SUNBULA"LAR
2018 yilning boshlanishi ushbu burj vakillari uchun sermahsul bo`ladi. Ular doimgidek, tinimsiz izlanish, ishlash bilan band. Ishdagi bu harakat va shijoat bilan uydagi nazoratni ham susaytirishmaydi. Doim xonadonlari ozoda, sarishta, turmush o`rtog`i va farzandlariga ham vaqtida e`tibor ko`rsata olishadi. Bir xil davom etayotgan bunday hayot tarzida salomatligingiz haqida ham bosh qotirishni unutmang. Haddan tashqari serharakatlik organizmni holdan toydirishi mumkin. Vaqtida shifokorlar ko`rigidan o`tishni unutmang.

2018 yilning o`rtasiga kelib “Sunbula”lar ayrim sabablarga ko`ra, tushkunlikka tushib qo­lishlari ham mumkin. Bunday paytlarda sunbula burji ostida tug`ilganlarning yaqin­la­riga mas`uliyat yuklanadi. Har qanday va­­ziyatda ham “Sunbula”larni qo`llab-quv­vat­lab, “inqiroz”dan chiqishga ko`maklashish za­rur.

ERKAK “
SUNBULA”lar UChUN

“It” yili, erkak “Sunbula”lar uchun katta omadni va`da qil­moq­da. Ayniqsa, biznes bilan shug`ul­la­na­diganlar uchun 2018 yil yaxshigina daromad olib keladi. O`zingizdagi xarizmatik fe`l-atvor va epchilligingiz bilan muammolarni vaqtida hal qilishga harakat qiling. Har bir buyuk erkak ortida ayol turadi, degan gapning haqiqat ekanligiga yana bir bor amin bo`lasiz. Shunday ekan, erkak “Sunbula”larning rafiqalari va onalaridan ham e`tiborliroq bo`lish talab etiladi. Erkak “Sunbula”larni qo`llab-quvvatlab, injiqliklariga “labbay” deb javob berib turish kerak. Oiladagi xotirjamlik ishdagi muvaffaqiyatni ta`minlaydi.

Erkaklarga yagona maslahat — qaltis o`yin­lar­dan uzoq yuring. Jamg`arilgan pullaringizni esa yaqinlaringizni xursand qilish uchun yoki ro`zg`orga kerakli narsani xarid qilish uchun sarflasangiz, maqsadga muvofiq bo`ladi.

Sharhlar

O`qishga tavsiya qilamiz

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1