O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga doir milliy qonunchilikni takomillashtirishga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tdi.
Tadbir Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari qo`mitasi hamda O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davra suhbatida qabul qilinadigan “Ijtimoiy sheriklik to`g`risida”gi qonunning mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirish va demokratik islohotlarni chuqurlashtirish jarayonidagi ahamiyati muhokama qilindi. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi joriy yilning mart oyida birinchi o`qishda qabul qilingan edi.
Qonun fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning ochiq-oshkoraligini ta`minlashda mazkur institutlar rolini kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga doir dasturlarni hayotga tatbiq etish, ijtimoiy muammolarni hal etish, aholi turli qatlamlarining huquqlari, erkinligi hamda manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining davlat organlari bilan o`zaro hamkorligi bo`yicha tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishga qaratilgan.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosari U.Muhammadiev, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari qo`mitasi raisi A.Saidov va boshqalar “Ijtimoiy sheriklik to`g`risida”gi qonunning qabul qilinishi mamlakatimizni modernizasiya qilish va isloh etish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlarini yanada faollashtirishga ko`maklashishini ta`kidladi.
Ushbu qonun loyihasi ijtimoiy sheriklikning asosiy tushuncha va tamoyillari, vazifalari, uni qo`llash sohalarini o`z ichiga olgan bo`lib, ijtimoiy sheriklik sohasidagi davlat siyosatini belgilaydi, ijtimoiy sheriklik sub`ektlarining huquq va majburiyatlarini, ularni ijtimoiy-iqtisodiy qo`llab-quvvatlash hamda o`zaro hamkorligi shakllarini tartibga soladi. Davra suhbati ishtirokchilarining fikricha, bularning barchasi ko`plab ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga yordam beradi.
– Shunisi e`tiborliki, qabul qilinayotgan mazkur qonunning o`nta moddasi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi va uning mablag`larini boshqarish bo`yicha parlament komissiyasi faoliyati bilan bevosita bog`liq, – deydi ushbu fond direktori Abdujalil To`raev O`zA muxbiriga. – Fond nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlaydigan mustaqil tizim sifatida davlat subsidiyalari, ijtimoiy buyurtma va grantlar shaklida moliyaviy yordam ko`rsatish borasida qisqa va uzoq muddatli loyihalar, dasturlarni amalga oshirmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillari qonun loyihasining partiya elektorati manfaatlarini himoya qilish, aholining siyosiy-huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasidagi ahamiyatini ta`kidladi.
Davra suhbati ishtirokchilari “Ijtimoiy sheriklik to`g`risida”gi qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo`yicha taklif va tavsiyalarini bildirdilar.