Braziliyaning San-Pauli metropolitenida 55 yoshli erkak metroda poezd yaqinlashib kelayotganini ko`rgach, bekatda turgan ayolni relsga itarib yubordi, deb xabar berdi Tvzvezda.ru nashri.
Mazkur voqeani kuzatuv kamerasi videoga oldi.
Voqea seshanba, 9 yanvar kuni sodir bo`ldi. Nashrning xabar berishicha, 23 yoshli yo`lovchi ayol poezdning kelishini kutib, telefonida yozishib o`tirgan vaqtda orqasidan kelgan erkak uni relsga itarib yuborgan. Bir necha soniyalardan keyin ayol relslar oralig`iga yiqilganligi sababli poezd uni bosmadi. Metropoliten xodimlari zudlik bilan elektr tokini o`chirib, jabrlangan ayolni yuqoriga olishdi. Shifokorlar ayolning chap qo`li singanligini va jiddiy bo`lmagan shikast olganligini qayd etishdi.
«Men endi o`lsam kerak, deb o`yladim. Kim itarib yuborganini keyinchalik televizordagi yangiliklardan bilib oldim”, dedi jabrlangan ayol.
Surushtiruvlar natijasida jinoyatchi 55 yoshli Sebastyan Xose da Silva ekanligi aniqlandi. Polisiyaning ma`lumot berishicha, erkak ruhiy xasta bo`lgan. Metrodagi hodisaga guvoh bo`lgan yo`lovchilar uni qo`lga olib, huquq-tartibot idorasiga topshirishdi.






