Poytaxtimizdagi “Ko`rgazma savdo markazi” majmuasida bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari VII “BankExpo – 2014” milliy ko`rgazmasi boshlandi.
Mazkur ko`rgazma O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar hamda Axborot va kommunikasiya texnologiyalari masalalari qo`mitalari, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, O`zbekiston Axborot texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari assosiasiyasi, Banklar assosiasiyasi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda tashkil etildi, deya xabar beradi O`zA.
Bugungi kunda tijorat banklarining yuridik va jismoniy shaxslarga, biznes tuzilmalariga ko`rsatishi lozim bo`lgan xizmat turlari ko`paymoqda. Keyingi bir yilda banklarning amaldagi operasiyalari va xizmat turlari sifat jihatidan takomillashdi. Xususan, joriy yildan kichik tadbirkorlik sub`ektlariga aylanma mablag`larini to`ldirishga kredit mablag`lari ajratish muddati 12 oydan 18 oyga uzaytirildi. Kichik tadbirkorlik tuzilmalarini kreditlash tartibi soddalashtirilib, bank ishi sohasida ruxsatnomalar berish tartibi yanada erkinlashtirildi. Natijada bank xizmatlaridan foydalanish darajasi tobora yuksalmoqda. Xususan, har 100 ming katta yoshdagi aholiga qariyb 50 bank muassasasi to`g`ri kelayotgani, har ming kishiga bir ming o`ttizga yaqin bank hisobraqami ochilgani buning yorqin tasdig`idir.
Mazkur an`anaviy ko`rgazma mijozlarni kreditlash shartlari, mexanizmlari va boshqa moliyaviy xizmatlar ko`rsatish tartiblari, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasi bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilayotir. Unda barcha tijorat banklari, lizing beruvchilar assosiasiyasi, etakchi sug`urta kompaniyalari, mahalliy va xorijiy axborot texnologiyalari kompaniyalari o`z mahsulotlari va xizmatlari bilan qatnashmoqda. Zero, ko`rgazma mijozlarning banklarga bo`lgan munosabatini shakllantirish, ishonchini mustahkamlash, zamonaviy xizmat turlarini joriy etish va takomillashtirishning istiqbolli yo`nalishlarini belgilab olishga xizmat qiladi.
Ko`rgazmaning asosiy yo`nalishi “Sog`lom bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash, xususan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari, oilaviy biznes, o`z tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo`lgan ta`lim muassasalari bitiruvchilari, uy mehnatini engillashtirish maqsadida xotin-qizlarga taklif etilayotgan bank xizmatlari bo`yicha ma`lumot va maslahatlar berishga qaratildi.
Ayni paytda mamlakatimiz bank tizimida yuqori texnologik ishlanmalardan keng foydalanilayotir. Ularning rivojlanish istiqbollarini xalqaro reyting kompaniyalari “barqaror” deb baholamoqda. Mazkur ko`rgazmada ham bank-moliya sohasining yangi zamonaviy texnologiyalari va mahsulotlari, interaktiv xizmatlar, xususan, mijozlarni internet orqali jalb etishning zamonaviy usullari kabi bank va mijozlar o`rtasidagi munosabatlarni yuqori pog`onaga olib chiquvchi yangi axborot dasturlari namoyish etilmoqda.
Ko`rgazmada kichik biznesni, jumladan, yoshlar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlashda bank tizimi bilan hamkorlik qilib kelayotgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Davlat soliq qo`mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi kabi qator tashkilotlar faol ishtirok etmoqda.
Mamlakatimizda o`ttizdan ortiq bank samarali faoliyat yuritmoqda. Ularda ko`rsatilayotgan barcha xizmat turlari haqidagi ma`lumotlar “Ko`rgazma savdo markazi” pavilonlaridan joy olgan. Shuningdek, bank tizimi xodimlari va ishtirokchilarning samarali muloqot o`tkazishi uchun sharoitlar yaratilgan bo`lib, seminarlar, taqdimotlar, uchrashuvlar, mahorat saboqlari qizg`in davom etmoqda. Bunda aholi va bank mijozlari taklif etilayotgan xizmatlar bilan tanishish, taqqoslash, mutaxassislardan kerakli maslahatlarni olish, muzokaralar o`tkazish imkoniga ega bo`ldi.
Ikki kunlik ko`rgazmada tijorat banklari tomonidan chekka va aholi zich joylashgan tumanlarda faoliyat yuritayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari, ishlab chiqarish mikrofirmalari, dehqon-fermerlar, yosh tadbirkorlarning loyihalarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha o`tkazilgan tanlovlar g`oliblari aniqlanadi. Ularga imtiyozli kredit ajratish huquqini beruvchi sertifikatlar topshiriladi.