“O`zekspomarkaz”da “Sog`liqni saqlash – TIHE 2014”, “Farmasevtika sanoati – AptekaExpo Central Asia 2014” hamda “Stomatologiya – Stomatology Uzbekistan 2014” xalqaro ko`rgazmalari ochildi.
Tadbirlar O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, “O`zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni, “O`ztibtexnika” mas`uliyati cheklangan jamiyati, Stomatologlar uyushmasi bilan hamkorlikda “ITE Uzbekistan” xalqaro ko`rgazma kompaniyasi tomonidan tashkil etildi, deya xabar beradi O`zA.
2013 yilda sog`liqni saqlash sohasiga yo`naltirilgan investisiyalar hajmi 2010 yilga nisbatan 3,8 barobar oshdi. Buning natijasida 295 tibbiyot ob`ekti rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari yuqori texnologiyalarga asoslangan uskunalar bilan jihozlanmoqda.
Sog`lom bola yili, deb e`lon qilingan joriy yilda bu boradagi ishlar ko`lami yanada kengaymoqda. “Sog`lom bola yili” Davlat dasturi doirasida tibbiyot muassasalari qurish va zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta`minlash, tibbiy xizmat sifatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimizda muntazam o`tkazib kelinayotgan xalqaro tibbiyot ko`rgazmalari tibbiy-ilmiy yangiliklar va texnologiyalar bilan tanishish, soha mutaxassislarining o`zaro tajriba almashishi uchun imkoniyat yaratish orqali sog`liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Bu yilgi ko`rgazmalarda Avstriya, AQSh, Belarus, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya, Italiya, Litva, Niderlandiya, Polsha, Rossiya, Slovakiya, Xitoy, Chexiya, Shveysariya, Yaponiya, Hindiston kabi yigirmadan ortiq mamlakatdan bir yuz ellikka yaqin kompaniya o`z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda. Pavilonlarda zamonaviy tashxis apparatlari, ortopediya, stomatologiya, implantologiya va jarrohlik asbob-anjomlari, dori-darmonlar namoyish qilinmoqda.
Ko`rgazma doirasida ilk marta “Tibbiyot turizmi” sho``basi ham tashkil etildi. Unda “University Medical Center Freiburg” (Germaniya), “Kardiolita” (Litva) va “Acibadem Hospitals Group” (Turkiya) kabi tibbiyot muassasalari sog`lomlashtirish xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.
Mamlakatimizda farmasevtika sohasini rivojlantirish, mazkur tarmoq korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, farmasevtika bozorini aholi talab va ehtiyojlariga mos, bezarar va samarali dori-darmonlar bilan to`ldirish hamda eksport salohiyatini yuksaltirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunday sa`y-harakatlar samarasida mazkur sohada faoliyat yurituvchi muassasalar soni tobora ko`payib borayotir.
O`zbekistonda stomatologiya sohasi jahon tibbiyoti va ilm-fani bilan hamqadam rivojlanmoqda. Bemorlarga tez va malakali tibbiy yordam ko`rsatish, tish, milk, og`iz bo`shlig`idagi nuqsonlarni samarali davolash imkoniyati kengaymoqda. Stomatologiya klinikalari zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Aholiga tibbiy profilaktika yordami ko`rsatish borasida qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda o`tkazilayotgan tibbiy ko`riklar yuqori samara bermoqda. Stomatologiya sohasida xalqaro tajribani o`zlashtirish bilan birga aniq tashxis qo`yish va davolashning samarali usullari amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Ko`rgazmalar mamlakatimizga xorij sarmoyasini jalb etish, farmasevtika, stomatologiya va tibbiyot turizmini yanada rivojlantirish, chet ellik sheriklar bilan hamkorlikda qo`shma korxonalar tashkil etish, sohaga oid talab va takliflarni o`rganish hamda tovar ayirboshlashni kengaytirishga xizmat qiladi.