AsosiyDunyo

AQSh elchisi: Mirziyoev shu qadar tez va talabchanki, u bilan yonma-yon ketish qiyin

'AQSh elchisi: Mirziyoev shu qadar tez va talabchanki, u bilan yonma-yon ketish qiyin'ning rasmi

Ayni paytda xalqaro ekspertlar, siyosatshunoslar, tahlilchilar, dunyo OAVlari O`zbekistonda kechayotgan o`zgarishlarni diqqat bilan kuzatib, olib borilayotgan islohotlarga yuqori bahobermoqda.

Yaqinda O`zbekistonda so`nggi vaqtlarda shiddat olgan islohotlarning mazmuni va ko`lami borasidagi savollar bilan “Amerika ovozi” teleradiosi muxbiri AQShning O`zbekistonda favqulotda va muxtor elchisi Pamela Spratlen bilan suhbat qurdi.

Quyida suhbatning matnli hamda video shakli bilan tanishasiz.

Navbahor Imamova:

— Elchi Spratlen xonim, sizni Vashingtonda ko`rib turganimizdan, studiyamizga kelganingizdan juda xursandmiz.

Elchi Pamela Spratlen:

— Navbahor, sizni ko`rib men ham xursandman. Yangi yil bilan!

Navbahor Imamova:

— Siz Markaziy Osiyoda va region bilan uzoq vaqtdan beri ishlab kelasiz. Tarixiy jarayonlarga guvoh bo`lgansiz.

Elchi Pamela Spratlen:

Shunday.

Navbahor Imamova:

— Bugungi O`zbekiston haqida qanday fikrdasiz? Hozirgi aloqalarni qanday ta`riflaysiz? Eng muhimi, har ikki davlatda ham rahbarlar o`zgarishidan oldingi ahvol bilan hozirgi sharoit qanchalik farqli?

Elchi Pamela Spratlen:

— Juda dolzarb savollar. O`zbekistonda ish boshlaganimga bu oy uch yil bo`ladi. 2015 yilning 27 yanvarida Prezident Karimovga ishonch yorlig`i topshirganman. O`sha davr bilan taqqoslasam, hozirgi vaziyat juda boshqacha. Eng katta farq — hozirgi O`zbekiston g`ayratga to`la. O`zgarish uchun xohish kuchli. O`zbekistonning dunyodagi o`rnini tiklash va uni qanday rivojlantirish haqida samimiy va ochiq muhokama ketmoqda. Juda hayajonli, quvonchli davr. O`zbekistondan oldin Qirg`izistonda elchilik qilganman, undan oldin Qozog`istonda elchi o`rinbosari bo`lganman.

Prezident Mirziyoev lider sifatida ko`plab mintaqaviy masalalar echimi tomon jonbozlik qilmoqda. Muvaqqat prezident sifatida 2016 yilning sentabrida qilgan nutqida yangicha qo`shnichilik siyosati haqida gapirib, O`zbekiston yonidagi davlatlar bilan aloqani mustahkamlaydi, degan.

Bu jarayon tezlikda avj olib, prezident Turkmanistonga bordi, keyin esa Qozog`istonga va boshqa davlatlarga. Bosh vazir hozir Tojikistonga bormoqchi... Bu Markaziy Osiyo bilan ishlab kelayotgan tomonlar uchun juda quvonchli. Mintaqa katta potensialga ega deb kelganmiz va mana endi buni mintaqaning o`zi isbotlashga harakat qilmoqda. Hamma umidga to`la.

Markaziy Osiyo qo`shni Afg`oniston bilan ham hamkorlikni rivojlantirishni boshlagan. O`zbekiston va Afg`oniston aloqalarida o`zgarishlar katta. Prezident G`ani o`tgan oy O`zbekistonda juda yaxshi kutib olindi. Men o`zim Prezidentlarning ziyofatida qatnashish sharafiga muyassar bo`ldim. Ajoyib rishtalar. Prezident G`ani Buxoroga ham borib, faxriy daraja oldi. O`zbekiston tashqi ishlar vaziri ayni damda afg`on delegasiyasi bilan muzokarada.

O`zbekiston, Markaziy Osiyo bo`ylab, qolaversa Afg`oniston bilan avj olayotgan jarayonlarga qarasangiz, 2015 yildagi vaziyatdan er va osmoncha farqni ko`rayapman.

Navbahor Imamova:

— AQSh hamisha Markaziy Osiyoda integrasiyani targ`ib qilib kelgan, o`tgan uch prezidentlikda shuni ko`rdik. O`zbekiston hukumati odatda qarshi tomon, to`siq sifatida qaralar edi. To`g`rimi?

Elchi Pamela Spratlen:

— Ko`p hollarda, ha, to`g`ri.

Navbahor Imamova:

— Hozir esa Prezident Mirziyoev integrasiyaga etakchilik qilishga urinayotgandek.

Elchi Pamela Spratlen:

— Shunday, etakchilik qilayapti ham, nazarimda.

Navbahor Imamova:

— Gap faqat shundami yoki u AQShning boshqa g`oya va tashabbuslariga ham ochiqmi?

Elchi Pamela Spratlen:

— Prezident Mirziyoev juda ochiq odam, nazarimda. Rahbarlikka kelishi bilanoq bu ko`zimga tashlandi. Odamlar bilan yaqindan ochiq muloqot qilishni xohlaydi, sizni qunt bilan tinglaydi. Gaplashayotganda siz tomon egiladi. Prezident Trampning Janubiy va Markaziy Osiyo bo`yicha yordamchisi Liza Kurtis bilan uchrashganida ham shunday muloqot qildi.

Barcha uchrashuvlarda shuni ko`raman. Davlat kotibi o`rinbosari Tomas Shennon ham 2016 yil kelganida juda ochiq gaplashdi. G`oyalarni olqishlaydi. AQShdan, Evropadan, Janubiy Koreyadan... Bu juda yaxshi, nazarimda. Ko`p jihatdan tashqi dunyoga yopiq turgan davlatning hammaga ochiq ekanini ko`rsatmoqda.

Endi bu real ma`noda nimani anglatadi, buni vaqt ko`rsatadi, lekin "biz hamma bilan ishlashga shaymiz" deb turishning o`zi ham katta o`zgarish.

Navbahor Imamova:

— Mirziyoevni yaqindan birga ishlash mumkin bo`lgan rahbar sifatida ko`rasizmi?

Elchi Pamela Spratlen:

— U bilan ochiq gaplashsa bo`ladi, deb o`ylaymiz. Davlatini yangicha yo`ldan olib borishga tayyor rahbar deb hisoblaymiz. Bu degani Mirziyoev bilan yaqindan ishlay olamiz.

Navbahor Imamova:

— Mirziyoev Vashingtonga tashrif buyurish harakatida.

Elchi Pamela Spratlen:

— Shunday katta umid bor va har qanday elchi davlatlarning rahbarlari uchrashishini xohlaydi. Eng oliy darajadagi uchrashuv bo`lsa, men elchi sifatida jon deyman. O`tgan oyda Prezidentlar telefonda gaplashdi. Samarali muloqot, ijobiy. Keyingi qadamlar ustida harakat ketmoqda. Vashingtonga tashrif, albatta, eng ajoyib voqea bo`ladi.

Navbahor Imamova:

— Mirziyoev sizni hayron qoldiradimi? Chunki, bilasiz, u sistemadan chiqqan. Kamdan-kam odam u hozirgidek rahbar bo`la oladi deb o`ylagan.

Elchi Pamela Spratlen:

— Shak-shubhasiz. U nafaqat meni, balki hammani ajablantirdi. Uning rahbarlikka tanlanishi juda qiziq, ehtiyotkorona va pishiq, chuqur mulohazali bir qaror bo`ldi. Xalqaro hamjamiyatda hech kim Prezident Karimov o`rniga shu odam keladi deb kutmagan edi. Meni, shaxsan, Mirziyoev juda ko`p jihatdan hayron qoldirgan va qoldiradi.

Birinchidan, uning temperamenti, boya aytganimdek. U odamlar bilan ishlashni xohlaydi, hamjihatlik tarafdori. Ikkinchidan, va bu O`zbekiston xalqi uchun juda muhim: Mirziyoev rahbarlikka kelganidan beri davlat va xalqni yaqinlashtirish harakatida. Xalq manfaatlarini o`ylang, u bilan muloqot qiling, deb kelmoqda. Bunday yondashuvni odamlar, nazarimda, kutmagan edi.

Oqsashlar bo`ldi albatta, lekin ayrim ishlari samara bera boshladi. Gapirayotganida bir narsa oydek ravshan: u hukumat zolim kuch bo`lishini xohlamaydi, aksincha, hukumat xalqqa xizmat qilsin, deydi. Bunga erishish esa juda qiyin. Mashaqqatli yo`l oldinda, lekin Mirziyoevning xalqqa xizmat qilishga bel bog`lagani men uchun kutilmagan hol.

Ikkinchi ajablanarli hol, hukumat apparatini yangilash harakati. Oldinlari eski davr odamlari ko`p edi. Ularning ayrimlari hali ham bor. Lekin ular orasida juda iqtidorli odamlar ham bor — ko`p narsani biladi va foydasi katta. Yangi shaxslar ham serob. Hukumatning chet elda o`qiganlarga keng ochilayotgani ham katta o`zgarish.

Yoshlarga e`tibor katta. Xorijda ishlayotganlarga salbiy emas, ijobiy ruhda qarashayotgani tahsinga sazovor. Siz, masalan, bu haqda ko`p gapirib kelasiz, "Tvitter" va boshqa joylarda. Bu juda muhim. Bozor iqtisodiyoti ham siljiy boshladi. Oldinda qilinadigan ishlar talay. Biroq Prezidentning bu borada BMTda va boshqa minbarlardan turib gapirishi, yangi yo`nalishga o`tish, o`tgan sentabrda Nyu-Yorkda AQSh biznes doiralariga bu borada ochiq aytishi keng olqishlandi. Endi biz kutayapmiz, bu qarorlar amalga oshishini.

Har kuni xushxabar. Oldinlari O`zbekistonga shoshmay, choy ichib, astalik bilan harakat qiladigan xalq va hukumat deb qarashar edi. Hozir ham ko`p jihatdan mana shu madaniyat joyida. Lekin bugungi signal shuki, O`zbekiston oldinga shahdam qadam tashlashga shay.

Prezident Mirziyoev, nazarimda, orqada qolmoqchi emas; dadillik va epchillik bilan ko`proq bizneslarni jalb etmoqchi; mamlakatda to`g`ridan-to`g`ri sarmoya oqimi oshsin, deya urinmoqda. Bu juda qiyin, lekin o`tgan yili sentyabrda konvertasiyani ochgani u bu mashaqqatni engishga bel bog`laganidan darak. Shunday ekan, yana ko`plab xushxabarlar kutib qolamiz.

Navbahor Imamova:

— Mirziyoev nimaga qodirligini isbotlashi uchun muhlat bormi, sizningcha? Gaplari odamlarga kuch berayotgani aniq. Retorik jihatdan xalqqa yoqayapti. Lekin Mirziyoevning bir o`zigina asosiy kuchdek ko`rinmayaptimi? O`zgarish ortida uning bir o`zimasmi? O`zgarishlar sistematik emas, keng ko`lamli emas, deganlar ko`p.

Elchi Pamela Spratlen:

— Bunga e`tibor berayapmiz va kuzatayapmiz. Hozirgacha o`zgarishlar ortida uning o`zi turibdi, bunga shubha yo`q. Mirziyoev shu qadar tez va talabchanki, u bilan yonma-yon ketish qiyin. Uning tashabbuslarini quvvatlovchilar haqiqatda qancha? Uning kelajak haqidagi gaplarini qanchalik tushunishmoqda? Mirziyoevda tezlik kuchli. Shunday ekan, muhlat haqida gapirish menga qiyin.

Navbahor Imamova:

— Prezident kuchli bosim ostida.

Elchi Pamela Spratlen:

— To`g`ri, bosim kuchli. O`zgarish qilish kerak. Bu imkoniyat aslida. Imkoniyatlardan foydalanib qolish kerak, chunki ularning muddati bor. Aholining toqati qanchalik? Buni bilmayman. Prezidentga qarab, u o`ziga muhlat bergani aniq, deysiz. Ayrimlar fikricha, 2-3 yil. Qani, ko`ramiz. Ammo, xulosangizga qo`shilaman, Prezident nimaga qodirligini isbotlashi kerak degan bosim bor. Buni u o`ziga o`zi berayotgan bo`lishi ham mumkin.

Navbahor Imamova:

— Bu aniq. Har safar gapirganida umid darajasi yanada oshayapti. Ularni oqlash oson bo`lmaydi. Bu ulkan sinov.

Elchi Pamela Spratlen:

— To`g`ri, shunday.

Navbahor Imamova:

— O`zbekiston hukumati AQShdan qanday yordam so`rayapti? Islohotlar bobida ko`mak so`rayaptimi? AQSh haqida gap kesa, "sarmoya" umidi haqida ko`p eshitamiz.

Elchi Pamela Spratlen:

— Muayyan narsalar bor lekin umuman olganda, hukumat O`zbekistondagi o`zgarishlarni tan olishimizni xohlaydi. Prezident Mirziyoev boshqarayotgan O`zbekiston oldingi O`zbekiston emas – u shuni tan olishimizni istaydi.

Navbahor Imamova:

— Mirziyoev AQShdan unga islohotchi sifatida qarashini xohlaydimi?

Elchi Pamela Spratlen:

— Shubhasiz... Nafaqat men balki Amerika siyosiy doiralari unga islohotchi deb qarashini istaydi. U ko`tarayotgan masalalar, nutqlarida ahamiyat qaratayotgan mavzular - misli ko`rilmagan chiqishlar. Uning to`rt soatlik murojaatida men yo`q edim, lekin Konstitusiya kunidagi nutqini tinglashga bordim. Qiynoqlarga qarshi gapirdi. Bu tarixiy o`zgarish. Bu islohot. Qora ro`yxatlar bekor qilinishi, odamlar undan chiqarilishi — islohot.

Mirziyoev u qilayotgan ishlar to`g`ri baholanishini istaydi. U boshlayotgan islohotlar tan olinib, quvvatlanishini istaydi. U biladiki, O`zbekiston uzoq davr salbiy baholangan. Xalq hukumatdan uzoq edi, shuni o`zgartirmoqchi. U islohotchi sifatida maydonga chiqmoqda.

Prezident Mirziyoev AQShning iqtisodiy jihatdan faol bo`lishini xohlaydi, ayniqsa, savdo bobida. Bizning gapimiz shuki, O`zbekistonda sharoit yaxshilangan sari sarmoyachilar ham ko`payaveradi. Bizneslarimiz o`zi boradi.

O`zbekiston buning uchun nima qilishi kerakligi muhokamada. Bizning investorlarimizni qanday jalb qilishi mumkin? Shu haqda gaplashayapmiz. Amerika-O`zbekiston Tijorat Palatasining Nyu-Yorkdagi yig`inida, o`tgan sentyabrda, qiziqish katta ekani sezildi. Mana shu qiziqish endi amalda qanday aks etadi? Shuning ustida ishlash kerak.

Ko`p narsa O`zbekistonga bog`liq. Valyuta borasida qilinadigan ishlar ko`p. Qonun ustuvorligini ta`minlash masalasida ham muammolar talay. Mamlakatdagi mehnat kuchi yuzasidan ham savollar ko`p. Sarmoyachilar talabiga javob bera oladigan mehnat kuchi bormi? Hajmi va uquvi qanday?

Prezident to`g`ridan-to`g`ri sarmoya kelishini istaydi. Biz bilan yaqin iqtisodiy hamkor bo`lishni xohlaydi.

Bundan tashqari u mintaqa xavfsizligi borasida ham etakchi rol o`ynamoqchi. O`zbekistonning Afg`oniston yuzasigan hamkorlik qilib kelayotganini qadrlaymiz. Yangi strategiya e`lon qilindi. Mirziyoev uni quvvatlamoqda. U xalqaro hamjamiyat bilan yaqin bo`lmoqchi, AQSh bilan o`zaro manfaatlar yo`lida birga ishlab, hamkorlik qilmoqchi. Bizning ishimiz — mana shu manfaatlarni aniqlab, bosh qotirish va samarali qadamlar tashlash.

Navbahor Imamova:

— Vashington uchun siz Toshkentdagi eng ishonchli odamsiz. Poytaxtingizga kelib, siyosiy doiralar bilan gaplashganingizda, Tramp ma`muriyati bilan muloqot qilganingizda, nimalar deyishayapti, qanday masalalarni ko`tarishmoqda? Tramp ma`muriyati uchun O`zbekiston bilan aloqada nima eng muhimi? Biz yangi strategiya (Milliy Xavfsizlik Strategiyasi) matnini o`qidik. Markaziy Osiyo muhim mintaqa deya tilga olingan, lekin prioritet emas. Pokiston bilan aloqalar sovuqlashar ekan, AQShda Markaziy Osiyoga qiziqish oshadi, chunki Afg`onistonga kiradigan yo`llar bor.

Elchi Pamela Spratlen:

— Har bir masalaning o`z murakkab jihatlari bor, albatta. Janubiy va Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyada Markaziy Osiyo juda muhim. Markaziy qo`mondonlik boshlig`i General Votel, Oq uy rasmiysi Liza Kurtis O`zbekistonga tashrif buyurib, Tramp ma`muriyati uchun O`zbekiston qanchalik muhim ekanini qayd etdi. Markaziy Osiyo biz uchun juda muhim region. Uning ahamiyati pasaymagan.

Mamlakatlar bilan alohida hamkorlik ham bor. Vashingtondagi uchrashuvlarimda O`zbekistonga qiziqish juda yuqori...

Navbahor Imamova:

— Gap faqat Afg`onistonda emas, demak?

Elchi Pamela Spratlen:

— Faqat Afg`onistonda emas. Keng muhokama. Odamlar O`zbekistondagi jarayonlarni tushungisi keladi. Nima bo`layapti, ahamiyati nimada, deb so`rashadi. Farq qanday? O`zgarish nimada? Boya aytganingizdek, o`zgarishlar ortida kim turibdi? Prezidentni kim quvvatlamoqda? Shular qiziq.

Navbahor Imamova:

— Mirziyoevning atrofidagi odamlarni qanday baholaysiz? Komandasi qanchalik kuchli? Toshkentdan eshitamizki, asosan eski odamlar...

Elchi Pamela Spratlen:

— An`anaviy komanda va unda eski davrdan qolganlar bo`lsa-da, muhim odamlar bor. Ularning borligidan minnatdormiz. Tashqi ishlar vaziri, masalan. O`zbekistonning qo`shnilari va Afg`oniston bilan bugungi ochiq va do`stona siyosatda uning xizmati katta.

Navbahor Imamova:

— Abdulaziz Komilovni anchadan beri bilasiz.

Elchi Pamela Spratlen:

— Shunday. Tajriba va malakaning ahamiyati katta. Shu bilan birga yangi ovozlar va chehralar ham bor. Sarmoya qo`mitasida, xususan, yosh raisni ko`rasiz. Sobiq mehnat vaziri hozir turizm sohasini boshqarmoqda. Yangi odamlar ko`p. Ularning g`oyalari quvvatlanishi muhim. Senator Sodiq Safoevdek maslahatchilar bor, ularning yordami ham muhim. Lekin, bizga ham qiziq: xo`sh, bu komanda qanchalik katta va Prezident kimlarga tayanmoqda? Quvvatlov qanchalik ishonchli? Prezident berayotgan va`dalar amalga oshishi uchun u atrofidagilarga suyana olishi kerak.

O`zbekistonga qaytish arafasidaman. O`zgarishlar to`xtamaydigan ko`rinadi va ular davom etishi uchun O`zbekiston xalqiga va rahbariyatiga kuch va matonat tilayman. Biz O`zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilishni xohlaymiz, bu aniq.

Navbahor Imamova:

— Oxirgi savolim Amerikadagi o`zbeklar haqida.

Elchi Pamela Spratlen:

Ha...

Navbahor Imamova:

— Nyu-Yorkda o`tgan oktyabr oyida yuz bergan terror xurujida o`zbekistonlik ayblanayotgani rishtalarga biror jihatdan salbiy ta`sir qildimi? AQShdagi o`zbeklar Prezident Trampning gaplarini eshitib, xavotirga tushgan.

Elchi Pamela Spratlen:

— AQShda biror joyda terror xuruji bo`lsa, munosabat bildiriladi, javob beriladi. Sakkiz odam o`ldi, axir. Og`ir fojia. Bu voqea ortidagi odam O`zbekiston fuqarosi ekani afsuslanarli hol.

Qo`shma Shtatlarda immigrasiya masalasi dolzarb bo`lib turgan paytda yuz bergani uchun ham bu ishga e`tibor kuchli. Bu shaxs AQShga qonunan kelgan.

Xavfsizlik, albatta, qaltis masala. Biz grin karta dasturini o`rganib chiqib, shuni aniqlaganmizki, bu yo`l bilan kelayotganlarning aksariyati Amerikada yangi hayot qurish bilan band va to`g`ri yo`lda.

Immigrasiya bo`yicha debatlar qanday qarorlarga etaklaydi, buni oldindan ayta olmaymiz. Kuzatamiz, ogohmiz. O`zbekiston hozirgacha biror cheklov yoki alohida chora bilan yuzlashadi, degan gap yo`q. Terror xurujlarining ta`siri kuchli har doim, lekin O`zbekistonga nisbatan salbiy qarashni sezmayapman. Bu voqeadan keyin Liza Kurtis (Oq uy rasmiysi) O`zbekistonga kelib ketdi. Kongressdan sakkiz kishilik delegasiya kelib ketdi. Prezident Mirziyoev va Prezident Tramp telefonda gaplashdi. Bitta voqea bilan aloqalar izdan chiqmaydi.

Navbahor Imamova:

— U erdagi o`zgarishlarni ham, bu erdagi o`zgarishlarni ham kuzatishda davom etamiz.

Elchi Pamela Spratlen:

— Albatta. Kuzatamiz. O`zbekiston bilan aloqalarimiz, ikki tomonlama rishtalarni mustahkamlashda davom etamiz. AQSh O`zbekiston suvereniteti, mustaqilligini quvvatlab, uning taraqqiyotida hissa qo`shaveradi.

Yaqinda AQSh Savdo boshqarmasi vakili O`zbekistonda bo`ldi. Respublikaning Jahon Savdo Tashkilotiga kirish harakatini quvvatlaymiz. BMT vakillari mamlakatga borib kelayotgani, bizning nazarimizda, juda muhim o`zgarishlar va muloqotlar. Diniy erkinlik bo`yicha janob Shahid, inson huquqlari bo`yicha bosh rasmiy Ziyod borganidan xursandmiz. Bu O`zbekiston yangi yo`lga tushganidan dalolat.

2018 yil Prezident Mirziyoev va uning butun komandasi uchun, O`zbekiston xalqi uchun ajoyib davr bo`lsin. Kelajak porloq bo`lsin.

Navbahor Imamova:

— O`zbekiston hukumati 2018 yildan juda ko`p narsa kutmoqda, ulkan umidlar, ayniqsa AQSh bilan hamkorlikdan.

Elchi Pamela Spratlen:

— Ular ro`yobga chiqishi uchun mamlakatda ko`proq o`zgarishlar bo`lishi kerak. Jarayonlar bir-biriga bog`liq.

Navbahor Imamova:

— Shunday. Suhbatingizdan minnatdormiz, elchi xonim.

Elchi Pamela Spratlen:

— Siz bilan ham gaplashib, juda xursandman. Navbahor, bir narsani qayd etmoqchiman, "Amerika Ovozi" juda muhim rol o`ynaydi. Sizni "Tvitter" orqali kuzataman. Sizning ta`sir maydoningiz keng, nafaqat O`zbekiston ahlini boxabar qilishda, balki dunyo bo`ylab o`zbek tilida gaplashadigan odamlar xizmatidasiz. Sizning ta`siringiz siyosatni belgilovchilar doirasida ham seziladi. Ishingizga baraka tilayman. Ishingizni hurmat qilaman. Shunday davom eting. 2018 yil va undan keyingi davrda ham sizga muvaffaqiyat tilab qolaman.

Navbahor Imamova:

— Katta rahmat!

Elchi Pamela Spratlen:

— Omon bo`ling!

Boshqa yangiliklar