AsosiyJamiyat

Oliy Majlis Senatining o`n to`rtinchi yalpi majlisi to`g`risida Axborot

2014 yil 10 aprel kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n to`rtinchi yalpi majlisi ochildi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a`zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo`ldilar. Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Senatorlar o`z ishlarini O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan parlament muhokamasiga qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan «O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining ayrim moddalariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini ko`rib chiqishdan boshladilar.  Ushbu Qonun davlatimiz rahbarining  O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 21 yilligiga bag`ishlangan tantanali majlisidagi  mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish borasidagi ustuvor vazifalarni belgilab bergan ma`ruzasida bayon etilgan  qoidalar va g`oyalarga muvofiq tayyorlangan va qabul qilingan.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga ushbu o`zgartish va qo`shimchalar  hokimiyat va boshqaruv tizimini yanada demokratlashtirish, «Kuchli davlatdan – kuchli fukarolik jamiyati sari» prinsipi bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ta`minlash, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining  davlat hokimiyati organlari tizimidagi rolini, ichki va tashqi siyosatning  strategik vazifalarini ro`yobga chiqarishdagi huquqlari hamda vakolatlarini kengaytirish, qonun chiqaruvchi oliy organ, hokimiyat vakillik organlarining Vazirlar Mahkamasi va ijro etuvchi organlar faoliyati ustidan  nazorat qilish, shuningdek,  mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini amalga oshirish uchun  hukumatning, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining  mas`uliyatini oshirish maqsadida kiritilmoqda.

Senatorlar ushbu Qonun qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyatlarining bo`linishidan iborat konstitusiyaviy prinsipni amalga oshirishning muhim omili bo`lishini alohida qayd etdilar.

Qonun  «Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» deb nomlangan mamlakatimiz taraqqiyotining bosh prinsipini amalga oshirishni  bundan buyon ham  davom ettirish, mamlakatimiz Konstitusiyasida belgilab qo`yilgan  inson huquqlari va erkinliklari hamda demokratiyaning boshqa umume`tirof etilgan qadriyatlari va normalarining ishonchli himoyasini ta`minlaydigan siyosiy  tuzilmani  shakllantirishda ulkan ahamiyatga ega.

Asosiy Qonunga  parlament nazorati instituti kiritilmoqda.

Bosh vazir lavozimiga  nomzod  parlamentda  uning nomzodi ko`rib chiqilayotgan va tasdiqlanayotgan paytda  hukumatning yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo`ljallangan  harakat dasturini taqdim etishi haqidagi normaning Konstitusiyaga kiritilishi demokratik jamiyatning  eng muhim tarkibiy qismi bo`lgan parlamentarizm, ko`ppartiyaviylik tizimi va partiyalararo raqobat, fraksiyalararo kurashni  yanada mustahkamlashda  g`oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Qonunda  mamlakatimizning  ijtimoiy-iqtisodiy  hayotiga doir eng muhim masalalar yuzasidan hukumatning har yili  o`z ma`ruzalarini  parlamentga  taqdim etish majburiyati ham nazarda tutilmoqda.

Senatorlar Konstitusiyaning 98-moddasida  Vazirlar Mahkamasining  vakolatlari va huquqlarini aniqlashtirishni va kengaytirishni nazarda tutadigan normalarning mustahkamlab qo`yilishi muhimligini ta`kidladilar.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining zimmasiga  samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy siyosatni, pul-kredit siyosatini amalga oshirish,  ilm-fan, madaniyat, ta`lim-tarbiya, sog`liqni saqlash hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning  boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo`yicha  dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun mas`uliyat yuklatilmoqda. Vazirlar Mahkamasi  davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining ishini muvofiqlashtiradi va yo`naltiradi,  qonunda belgilangan tartibda ularning faoliyati nazorat qilinishini ta`minlaydi. Senatorlar ta`kidlaganlaridek, O`zbekistonni siyosiy va konstitusiyaviy rivojlantirish mantig`ining o`zi Vazirlar Mahkamasining  mustaqilligi va mas`uliyatini ta`minlashga qaratilgan ushbu qoidalarni taqozo etmoqda.

Konstitusiyaning 32-moddasiga kiritilayotgan tuzatishlar ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi g`oyat muhim vazifalarni hal qilishda  fuqarolik institutlarining roli va ahamiyatini ancha kuchaytiradi. Ushbu moddaning O`zbekiston Respublikasi fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda o`zini o`zi boshqarish,  referendumlar o`tkazish va davlat organlarini demokratik tarza tashkil etish orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanligini belgilab beradigan normasi bu huquq davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik  nazoratini rivojlantirish va  takomillashtirish yo`li bilan ham amalga oshirilishi haqidagi norma bilan to`ldirilmoqda.  

Mahalliy ijro etuvchi  hokimiyat organlarining mustaqilligini va ayni vaqtda vakillik organi oldidagi mas`uliyatini kuchaytirish maqsadida Konstitusiyaning 103-moddasi  viloyat, tuman va shahar hokimining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning  eng muhim va dolzarb  masalalari yuzasidan  hisobotlar taqdim etish  majburiyatini belgilaydigan  norma bilan to`ldirilmoqda. Ushbu hisobotlar bo`yicha xalq deputatlari Kengashlari tegishli qarorlar qabul qiladi.

Senatorlar Konstitusiyaning 117-moddasiga kiritilayotgan tuzatishlar alohida ahamiyatga egaligini ham ko`rsatib o`tdilar. Bu tuzatishlar parlament tomonidan  tuziladigan  mustaqil konstitusiyaviy organ sifatidagi  O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining  faoliyatini tashkil etish,  uning ishlashi va maqomining konstitusiyaviy asoslarini mustahkamlab qo`ydi. Konstitusiyada  Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining  mustaqillik,  qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, odillikdan iborat asosiy prinsiplari mustahkamlanmoqda. Bularning barchasi saylov tizimini yanada demokratlashtirish yo`lidagi muhim qadamdir.  Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

So`zga chiqqan senatorlar  davlatimiz rahbari  tashabbusi bilan qabul qilingan Qonunning qoidalari  chet ellik siyosiy arboblar va mutaxassislar tomonidan  yuqori baholanayotganligini, ular  bu yangiliklar  eng demokratik talablarga  va umume`tirof etilgan  xalqaro standartlarga  mosligini ta`kidlayotganliklarini  ko`rsatib o`tdilar.

Shundan keyin senatorlar «O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining ayrim moddalariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)»gi O`zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida»gi Qonunni ko`rib chiqdilar va ma`qulladilar.  Ushbu Qonunga muvofiq  amaldagi qonun hujjatlarining normalari O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiqlashtirildi.

Yuqoridagi qonunlarni muhokama qilish jarayonida senatorlar qayd etganlaridek, ularning qabul qilinishi, shuningdek, O`zbekistonda demokratik islohotlarni izchil ro`yobga chiqarish mamlakatning barqarorligi va uning rivojlanishini ta`minlashdagi hal qiluvchi omil bo`ladi. Shu bilan bir qatorda, davlatimiz rahbarining mamlakatni yanada demokratlashtirish hamda fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi tashabbuslarini amalga oshirish  muhim xalqaro ahamiyatga ega.

Senatorlar xalqaro vaziyat nuqtai nazaridan kelib chiqib,  butun jahon hamjamiyati qatori O`zbekiston ham  Ukraina va uning atrofidagi vaziyatdan  tashvishlanmasligi mumkin emasligini ta`kidladilar. Senatorlar ushbu masala bo`yicha Tashqi ishlar vazirligining shu yil 4 va  24 martdagi bayonotlarida  bildirilgan pozisiyani qo`llab-quvvatlab,  Ukrainada yuz berayotgan voqealar vaziyatning jiddiy murakkablashuviga hamda  qarama-qarshilikka olib kelgani barobarida, ular tanglikning yanada  kuchayishini,  oldindan aytish mushkul bo`lgan  oqibatlarni keltirib chiqarishi,  mamlakat  suvereniteti va hududiy yaxlitligiga  jiddiy  xavf solishi mumkinligi  O`zbekistonda  chuqur xavotir va tashvish uyg`otmasligi mumkin emasligini qayd etdilar.

Senatorlar yuzaga kelgan vaziyatning  bartaraf etilishini, eng avvalo, kuch ishlatishlar qo`llanilishidan voz kechilgan holda, vujudga kelgan muammolar tinch yo`l bilan, siyosiy vositalar va sa`y-harakatlardan foydalanilgan tarzda, xalqaro huquqning  asosiy me`yorlariga hamda BMT Nizomiga asoslangan holda, muzokaralar yo`li bilan  hal etilishida ko`riladi, degan fikrni bildirdilar.

Senatorlar Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini  ijro etish yuzasidan tayyorlangan «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini ko`rib chiqdilar.

Ushbu Qonun fuqarolarning  davlat organlari faoliyati to`g`risida axborot olishga bo`lgan  konstitusiyaviy huquqlarini amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga, ular faoliyatining  shaffofligini, ochiqligini ta`minlashga, shuningdek,  davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va ular mansabdor shaxslarining  qabul qilinayotgan qarorlar sifati uchun  javobgarligini oshirishga qaratilganligi ko`rsatib o`tildi. Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

Shundan keyin senatorlar Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 18 iyuldagi «Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan  «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini yangi tahrirda ko`rib chiqdilar.

Qonun korporativ boshqaruv va nazorat organlarining  vakolatlarini, huquqlari va mas`uliyatini yanada aniq belgilab qo`yishga, bozor munosabatlarini qo`llanish amaliyotini hamda ularni rivojlantirishning yangi real voqeliklarini hisobga olgan holda aksiyadorlik jamiyatlari  kuzatuv kengashlari, umumiy yig`ilishlari va taftish komissiyalarining rolini hamda ahamiyatini  oshirishga, aksiyadorlik kompaniyalari  faoliyatining shaffofligini va  hamma aksiyadorlar va potensial investorlar uchun aksiyadorlik  jamiyatlari faoliyatiga doir axborotdan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilganligi  qayd etildi.

Senatorlarning fikricha, Qonun bozor islohotlarini yanada demokratlashtirishga hamda aksiyadorlik jamiyatlarining  faoliyatini liberallashtirishga, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirishga,    o`rta mulkdorlar sinfining iqtisodiyotdagi ahamiyatini va  ishtirokini  oshirishga,  moliya bozorida  raqobatni yanada chuqurlashtirishga,  mamlakatimizda  investisiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga yordam beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

Senatorlar «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko`rib chiqdilar. Yalpi majlisda  ushbu Qonun   huquqbuzarliklar profilaktikasining huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirishga,  huquqbuzarliklar profilaktikasi sub`ektlari, shu jumladan,  huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar  o`zaro hamkorligining  samaradorligini oshirishga, ularning faoliyati muvofiqlashtirilishini,  ko`rilayotgan choralarning tizimliligini va batartibligini ta`minlashga, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalarini tartibga soladigan ko`p sonli huquqiy normalarni birxillashtirishga qaratilganligi ko`rsatib o`tildi.

Parlament yuqori palatasi vakillarining fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida  yaxlit normativ-huquqiy baza shakllantirilishini ta`minlash imkonini beradi,  joylarda huquq-tartibotni yanada  mustahkamlashga, jamoat tartibi saqlanishini,  fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta`minlaydigan samarali, ko`p bosqichli profilaktika tizimini yaratishga  yordam beradi.

So`ngra senatorlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 30 noyabrdagi «Sudlarning  faoliyatini yanada takomillashtirish bo`yicha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida»gi Farmoni va  2012 yil 29 dekabrdagi «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo`yicha oliy malaka komissiyasi faoliyatini takomillashtirish to`g`risida»gi Farmoyishi qoidalarini amalga oshirish doirasida tayyorlangan yangi tahrirdagi Sudyalarning malaka hay`atlari to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi O`zbekiston Respublikasi Qonunini ko`rib chiqdilar.

Majlisda qayd etilganidek, ushbu Nizomning normalari sudyalar lavozimlariga nomzodlarni tanlash, tayyorlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari tizimini, barcha darajalardagi sudyalarning malaka kollegiyalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirishga, sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta`minlashga qaratilgan.

Senatorlar «O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o`z kuchini yo`qotgan deb topish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko`rib chiqdilar. Qonunning asosiy maqsadi  ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy sohalardagi va sud-huquq sohasidagi amaldagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishdan iborat.

Qonun bilan bir qator qonunlarga: «Notariat to`g`risida»gi, «Aloqa to`g`risida»gi,  «Sud hujjatlarini va boshqa organlarning hujjatlarini ijro etish to`g`risida»gi,  «Xo`jalik yurituvchi sub`ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to`g`risida»gi, «O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to`g`risida»gi, «Qonun loyihalarini tayyorlash va ularni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to`g`risida»gi, «Qimmatli qog`ozlar bozori to`g`risida»gi qonunlarga, Jinoyat, Fuqarolik kodekslariga, boshqa bir qator qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.

Shundan keyin O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining  tarkibiga o`zgartishlar kiritish to`g`risidagi masala ko`rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.

Senatorlar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo`yicha vakilining (ombudsmanning) 2013 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisobotini ko`rib chiqib, tasdiqladilar. Ombudsmanning o`tgan yildagi faoliyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning mansabdor shaxslari tomonidan inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini chuqurlashtirish  choralarini amalga oshirishga, bu sohadagi qonun hujjatlari takomillashtirilishiga yordam berishga qaratilganligi qayd etildi.

Huquqiy madaniyatni oshirish va fuqarolik jamiyati institutlarining  davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari,  huquqni muhofaza qiluvchi va sud tuzilmalari bilan o`zaro hamkorligini kuchaytirish, ular faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmini takomillashtirish bo`yicha qator tadbirlar ro`yobga chiqarildi.

Ombudsman tomonidan  fuqarolarning o`z huquqlari va erkinliklari buzilayotganligi to`g`risidagi shikoyatlari va murojaatlarini ko`rib chiqishga,  bu huquq va erkinliklarni tiklash bo`yicha qonuniy  choralar ko`rishga alohida e`tibor berildi.  So`nggi vaqtlarda  murojaatlarni elektron pochta orqali qabul qilish amaliyoti kengayib bormoqda. Shu bilan bir qatorda aholi o`rtasida  murojaatlarning boshqa shakli – Ombudsman va uning Kotibiyati xodimlarining shaxsiy qabuli ham keng amal qilmoqda.

Muhokama asnosida senatorlar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan bir qator istak va tavsiyalarni bayon etdilar.

Shu bilan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o`n to`rtinchi yalpi majlisining  birinchi ish kuni tugadi.

 

                                                                 O`zbekiston Respublikasi

                                                                 Oliy Majlisi Senatining

                                                                          Matbuot xizmati

         

    Boshqa yangiliklar