1

Ayol matonati haqidagi o`zbek filmi — “Nazira”

Madaniyat 16.01.2018, 14:55
Ayol matonati haqidagi o`zbek filmi — “Nazira”

Ayolni qanchalik ojiza demaylik, uning kuchli iroda va g`ayrati oldida dunyoning har qanday muammosi arzimasdek tuyuladi, Rejissyor Jahongir Qosimovning 8 yillik tanaffusdan so`ng taqdim etgan “Nazira” filmi esa yuqoridagi fikrlarimizni yana bir karra isbotlaydi. Biz bilan bir zamonda yashagan Nazira Shodmonova hayoti badiiy asarga aylantirilgan kinokartinada o`zbek ayolining naqadar sabr-qanoatli, haqiqatparvar, farzandlarining hotirjamligini baxt, deb bilganiga guvoh bo`lasiz...

“Nazira” filmi ijodkorlari bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashishga qaror qildik. Zero, kinokartina voqealarida ko`rsatilgan kechinmalar hech bir tomoshabinni befarq qoldirmaydi.


“Men uchun Nazira haqiqiy qahramon!”

— Jahongir aka, salkam 8 yildan so`ng navbatdagi badiiy filmingizni tomoshabinlar e`tiboriga havola etdingiz.

— Xabaringiz bor, o`tgan vaqt davomida bir qancha lavozimlarda faoliyat yuritdim. Rasmiy va tashkiliy ishlar bilan kino suratga olish biroz qiyin. Ammo oradan shuncha vaqt o`tganiga qaramay, o`zim ishlashni istagan janrdagi ijod mahsulini taqdim etdim. Bilasizmi, Nazira Shodmonovaning o`g`li Shokir Xoliqov menga onasining hayotini so`zlab berganida, juda ta`sirlanganman. Filmda ham qahramonlarning hayotdagi ismlaridan foydalanilgan. U ayolning qiyinchiliklarga dosh bera olgani, shu bilan birgalikda o`zligini yo`qotmasdan, faqat oldinga intilishi va sabrini yo`qotmaganiga tan bermasdan iloj yo`q. Bir insonning taqdir yo`lidan ilhomlanib ssenariy yozganmiz. Film voqealarida badiiy to`qimalar juda oz. “Nazira”ning 70-80 foiz voqealari real hayotdan olingan.

— Filmning rejissurasiga taalluqli bir jihatga aniqlik kiritmoqchi edim. Voqealar davomida Naziraning o`nta bolaning onasi ekani bir necha bor ta`kidlangan bo`lsa-da, kadrda faqat ikki o`g`li va qizini ko`rdik, xolos...

— E`tibor bergan bo`lsangiz, film ikki soatdan ko`p davom etadi. Agar vaqtini undan oshirsak, “prokat” qonunlariga zid bo`lardi. Aslida kadr ortida qolgan voqealar juda ko`p. Nasib qilsa, bir yildan so`ng “Nazira”ning serial varianti efirga uzatiladi. 6 qismdan iborat, har biri 50 daqiqa davom etadigan serialda voqealar rivojini to`liq ko`rish mumkin bo`ladi.


— Filmda ayolning irodasi naqadar kuchli ekanini isbotlash bilan birga ayrim erkaklarning zaif tomonlarini ham ko`rsatib bergansiz. Masalan, Naziraning umr yo`ldoshini olaylik. U er sifatida rafiqasini tuhmatlardan qutqara olmadi. Erkak kishi sifatida buni ko`rsatish, qabul qilish siz uchun qiyin kechmadimi?

— Men bu holatni biroz boshqacha ta`riflagan bo`lardim. Inson xoh u erkak bo`lsin yoki ayol, qalbida yonib turgan o`ti bo`lsa, u hatto, haddi sig`magan narsalardan ham ortig`ini bajara oladi. Filmning voqeasida esa ana shu yurakdagi vujur Naziraga tegishli edi. Hayoti davomida hech narsadan qo`rqmay, haqiqatni izlab, u uchun kurashib, hatto “korrupsiya va byurokratizmni engaman”, degan ayol edi u. Shaxsan men ana shunday kuchli fe`l-atvorga ega boshqa qahramonni ko`rmadim. Shuning uchun ham kinokartinamizda biz zamonamizning qahramonini ana shu ayol timsolida ko`rdik.

— “Nazira” orqali tomoshabinga aytar so`zingiz...

— Hech ahamiyat berganmisiz, bugungi zamonamizning odamlari juda noziklashib boryapti. Salgina shamol tegsa jabirlanib qolayotgandek. Bunday zaiflik bilan hayotning sinovlariga bardosh bera olmasligimiz aniq. Aslida, xoh ayol, xoh erkak bo`lsin, avvalambor o`z oldiga qo`ygan maqsadiga erishishi kerak emasmi? Yo`lida uchragan suvni simirib, toshni kemirib, to`xtamaslikni o`rganishimiz kerak! Baxt, to`kin hayot shunchaki berilmaydi. Buning uchun kurashish, ma`lum bir qiyinchiliklardan o`tishimiz shart. Insonlar mana shu muhim narsani yodida tutishlarini istadim.

Yana bir gap, aksariyat holatlarda ayolning vazifasini faqat farzand dunyoga keltirib uni tarbiyalashda, deb bilamiz. Ammo “Nazira”ning qiyofasida tomoshabin ayol faqat birgina shu bilan cheklanmasligini ko`rish mumkin. Qahramonimiz o`nta farzand ko`rib, ulg`aytirib, o`qitib, hayotda o`z o`rnini topishiga ko`mak bergan va shu bilan birgalikda o`zi ham O`zbekistonning birinchi tadbirkor ayollaridan biriga aylangan. Film orqali ayol bir qo`li bilan beshikni, ikkinchi qo`li bilan esa dunyoni tebrata oladigan kuchga egaligini isbatlagim keldi.


“Nazira” deb sog`lig`imdan kechganman”

Shodiya Abduqodirova, (Naziraning yoshligini ijro etgan): — Bilasizmi, doim zamonamiz qahramoni, deya bong uramiz-u, lekin nega o`sha qahramon ayol kishi bo`la olishi mumkinligi haqida kam o`ylaymiz. Hatto ayollar uchun atab yozilgan ssenariylar ham kam. Aslida oila va ishni birdek uddalash, jamiyatda o`z o`rnini topish bizga ikki karra qiyinchilik tug`diradi. Shu ma`noda, “Nazira” filmi ayni paytida namoyish etilgan, zarur kinokartina bo`la oldi.

Real voqealarga asoslangan filmning hayotdagi qahramoni bilan tanishishga ulgurmadik. Nazira aya 61 yoshda, og`ir xastalikdan olamdan ko`z yumgan ekan. Ammo o`g`illarining “Onam biz uchun hamma narsadan voz kechib, qiyinchiliklarga dosh bera olgan ayol. Hech bo`lmasa, volidam uchun film suratga olishimiz kerak”, deya taklif kiritishgandi.


Aslida aktrisa sifatida hech qachon rol ijro etib qiynalmaganman. Har qanday kuchli his-hayajonli qahramonlarni gavdalantira olishimga ishonardim. Ammo tan olishim kerak, bu gal juda qiynaldim. Sababi, filmning suratga olish jarayonida ikkinchi farzandimga homilador edim. Shu holimda, qahramonimning emosional sahnalarini ijro etib, hatto bir necha bor tobim ham qochdi. Naziraning yoshi katta davrini ham o`zim ijro etishim kerak edi, biroq sog`ligimda muammolar yuzaga kelmasligi uchun bu davrni Muyassar Berdiqulova o`ynadi. Nimaiki bo`lmasin, bari yaxshilikka, deyishadi-ku. Nazarimda, Muyassar Berdiqulova Naziraning katta yoshdagi davriga mendan ko`ra ko`proq mos tushgan. Tajriba, tashqi ko`rinish, umuman har jihatdan rolni to`ldirib turibdi.

“Filmning har bir sahnasi men uchun sinov bo`ldi”

— O`rta yosh aktrisalarga kinoda bosh qahramon rolini ijro etish bir omad...

Muyassar Berdiqulova: — Haqsiz. Hech ikkilanmay aytishim mumkin, Nazira har bir tengdosh va mendan kichik hamkasblarim ham orzu qilib, uzoq kutgan rollardan biri. Aslida har bir yoshda ham muvaffaqiyatli hamkorlik qilish bu ijodkorning omadi. Bu baxt aynan menga va shu yoshimda berilganidan hursandman.

Birinchidan film psixologik drama janrida, ikkinchidan Jahongir Qosimovning talablarida judayam charxlandim. Hatto bitta epizod ustida bir kun davomida ishlagan paytlarimiz ham bo`ldi. Har bir sahnani ijro etganda ich-ichimdan ezilib, “nahotki, vazifani tushuna olmayapman?” deb yig`ladim. Bugun esa shu qadar talabchan ijodiy guruh bilan ishlaganimdan juda faxrlanaman. Ortga nazar tashlab, qaysidir sahnani ijro etish oson bo`lganini eslolmayman. Har biri haqiqiy sinov edi. Ammo ijodkor uchun bu qiyinchiliklar, haqiqiy rohat ekan!



“Zolim qaynonaman...”

— To`ti aya, sizni doim ijobiy rolda ko`rib o`rganib qolgan ekanmiz. “Nazira”da salbiy qahramonni gavdalantirishga sizni qanday ko`ndirishdi?

To`ti Yusupova, Naziraning qaynonasi roli ijrochisi: —Jahongir bilan ilk bor 1989 yilda hamkorlik qilgan edik. O`shanda “Jangak” filmida kinodagi birinchi salbiy – amma rolini ijro etganman. Oradan sal kam o`ttiz yil o`tib, yana salbiy qahramonni gavdalantirishimni aytdi. Qanday ko`ndirganini o`zim ham bilmayman (kuladi). Ammo taklifini qabul qilib adashmadim. Tomoshabin meni bunday zolim qaynona rolida umuman ko`rmagan. Filmdagi rolim uncha katta bo`lmasa-da, vaziyatni keskin hal qilishi bilan e`tiborga loyiq.

“Jamiyatimiz hayotiga tutilgan ko`zgu"

Nigora Umarova, san`atshunos: — Mavlono Rumiy "Qanotim yo`q, va lek, uchmoqdaman", deb yozgan edi. Agar insonda sabot bo`lmaganda edi, o`zining yuksak maqsadiga erishmagan, turmushning mayda ikir-chikir tashvishlariga o`ralashib o`zi ham maydalashib qolgan bo`lardi. Yuqorida keltirilgan hayot hikmati esa go`yo film qahramoniga atab bitilgandek. Naziraning taqdirini kinotasmaga tushirishda rejissyor Jahongir Qosimovning hayot haqiqatini kino san`atidagi namoyishiga guvoh bo`lamiz. U o`z oldiga qo`ygan maqsadiga erishish yo`lida turmushning “mushti”, taqdiri azalning “toshli” zarbalariga qaramay oilam, farzandlarim, elim-yurtim, deb yashagan zamonamiz qahramoni sifatida gavdalangan tadbirkor ayol qiyofasida namoyon bo`lgan.

Film yaqin 25-45 yildagi voqealarni o`zida aks ettirgani, yurtimizda hozir kechayotgan jarayonlarda ko`tarilib, echilishi shart bo`lgan masalalarning yoritilishi jihatidan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Kinokartinadagi voqealar "yaltir-yultur", "jimjimalar"dan holi, biroq unda hayotning achchiq-chuchuklari ko`rsatilgan. Agar insonda e`tiqod, iroda kuchli bo`lsa, uni na tuhmat, na mahalliy boshqaruv tizimining o`sha paytdagi (1994-2000 yillar) byurokratik to`siqlari enga olmasligi film voqealiklarida yaxshi ochib berilgan. “Nazira” ana shu jihatdan tomoshabinga qadrdon bo`lib qolsa kerak. Chunki undagi rakurs jamiyatimizning hayotiga tutilgan ko`zgu sifatida olingan.

Aktrisalar Shodiya Abduqodirova va Muyassar Berdiqulova ijro etgan Nazira Shodmonovalarning qiyofasida fe`l-atvor jihatdan bir-biridan farqli taraflari bor. Biri o`z orzulari yo`lida harakat qilsa, ikkinchisi aql va yurak bilan uyg`unlashgan qat`iyat orqali harakat qiladi. Obrazning umumiy tarafi esa Nazira Shodmonovaning sinmas va bukilmas irodasi hisoblanadi.

FAKT:
  • Film voqealari Qashqadaryo viloyatida surat olingan.
  • Ssenariy muallifi: Fahriddin Nizomov.
  • Tasvirchi: Rustam Murodov.
  • Rassom Alisher Umirzoqov
  • Ikkinchi rejisser Axmad Unarboev
  • Mantaj ustasi Bahodir Qosimov

Aliya SULAYMANOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1