1

Birovning qo`shig`i, birovning musiqasi, birov bergan ohang, bezak va ishlov yoxud jonli “pleer”chilik xususida

Madaniyat 18.01.2018, 09:34
Birovning qo`shig`i, birovning musiqasi, birov bergan ohang, bezak va ishlov yoxud jonli “pleer”chilik xususida

Baqiroqlik jarchiga xos. Lekin san`atkorman, deb davraga chiqqan odam jarchi emas. Uning ovozida shira, joziba, jilla qursa jindek iqtidor, ichki dard bo`lgani yaxshi. Aks holda... deya «Xalq so`zi» gazetasi Navoiy viloyati qo`shiqchilik maktabini tanqid ostiga oldi.

Texnika rivojlangan bugungi asrimizda ovozni har maqomga yo`rg`alatish mumkin. Binobarin, ustoz ko`rmagan shogird haqidagi hikmat ham allaqachon ko`p qirralarni kashf etgan...

Tilga olmoqchi bo`lgan mavzuimiz aslida ustoz yoxud noshud shogirdlar haqida emas, balki Navoiy viloyati qo`shiqchilik maktabi xususida. Shu bois avval boshdanoq hududda o`zi qo`shiqchilik maktabi bormi, degan haqli savolga javob izlaymiz.

Ushbu mavzu viloyatning ikki nomdor san`atkori bilan bo`lgan suhbatda ham ko`tarilgan edi. “Yaxshi qo`shiqlar ko`p, ular muxlislarga etib bormayapti”, degan edi o`shanda har ikkisi ham ta`na aralash. Gap qo`shiq emas, qo`shiqchilik maktabi haqida borardi. Modomiki, ular shuni istashgan ekan, mayli har ikkisi xususida ham fikr yuritaylik.

Istagan to`yga boramiz, mahalliy yallachilar, davraga Komiljon Otaniyozov, Ma`murjon Uzoqov bo`lib kirib, Ozodbek Nazarbekov, Alisher Fayz va hokazolar bo`lib chiqib ketishadi. Bu, ehtimol to`y egalari uchun ma`quldir. Lekin savol tug`iladi: Andijon yoki Farg`onada navoiylik qaysi xonandaning qo`shig`i davrani “qizdirmoqda”? To`ybop qo`shiqlarimiz ham yo`qmi?! Yoki navoiyliklarning qaysi qo`shiqlari kunning xitiga aylanib, mobil aloqa kompaniyasi va ijtimoiy tarmoqlardan sizu bizni “bezovta” qilayapti. Nima, bu erda iste`dodlar yo`qmi, favqulodda talantlar jug`rofiy muhit tanlab tug`ilishadimi yo?..

Yana viloyatdagi to`y va davralarga qaytamiz: odamlar eshitayapti, raqsga tushayapti ba`zilar esa jo`shib, “ey, do`st, xuddi o`zi-ya”, deya olqishlab ham qo`ymoqda. Afsuski, ana shu holat, ya`ni birovning “xuddi o`zi” bo`lib yurish ortidagilar uchun san`at, asosan, ro`zg`or tebratish manbai bo`lib qolib, bunday ovoz sohibi faoliyatining jarchidan farqi qolmagan. Birovning qo`shig`i, birovning musiqasi, birov bergan ohang, bezak va ishlov ekan uni tinglovchiga etkazayotgan xonanda jonli “pleer” vazifasini bajarayapti xolos.

Ha, endi otarchi o`z oti bilan-da, degan e`tiroz tug`ilishi tabiiy. To`y azaliy qadriyatimiz, ming-ming yillik an`analarga ega ekan, san`atkorning unga bepisand qarashini yana nima bilan izohlaylik? Qolaversa, qo`shiq faqat to`y uchungina yaratilmaydi. Binobarin, san`atkor uchun ham faqat to`y-tomosha sahna emas.

Chalg`ib ketdik, aslida so`z ovoz xususida bormoqda. Demoqchimizki, jozibador ovozlar bor. Shunga birgina misol: 2011 yil Istiqlolimizning 20 yilligi tantanalari kuni viloyat amfiteatrida Feruza Ro`zieva “Go`zal diyorim” qo`shig`ini ilk bor ijro etdi. Qo`shiq avj nuqtasiga chiqib, engil pauza bilan xonanda nafas rostlaydi. Olqish yog`ilib ketdi. Shundan ruhlangan xonanda sahna uzra go`yo uchib yuribdi (hamon uchmoqda). Xullas, o`shandan e`tiboran shu birgina qo`shiq xonandani tanitibgina qolmay, keyin ham bir necha ommaviy tadbirlarning “xit”iga aylandi.

Bu o`z-o`zidan bo`lgan emas. Mazkur qo`shiq yaralishidan bir necha oy avval viloyatning yosh, iqtidorli san`atkorlari viloyat hokimligida qabul qilinib, har biri bilan alohida samimiy suhbat o`tkazilgan edi. Shundan so`ng Feruza Ro`zieva, Zilola Karimova kabi bir qator yoshlar poytaxtlik bastakorlar bilan hamkorlik o`rnatishdi. Albatta, holva degani bilan og`iz chuchimaydi. Biz yuqorida sanagan yosh iqtidorlarning qo`shiqlari qanchadan-qancha bedor tunlar samarasi. Lekin poytaxtga borib san`atkorlarning qaynoq “kuxniya”siga kirib olishning ham mashaqqati bor.

Navoiy shahridagi tashkilotlardan birining yonida (shundoq yangi bozor ro`parasida), daraxtlar tagida har shanba va yakshanba kunlari qo`shni viloyatlik bir onaxon kimtinibgina yoz bo`yi pomidor, bodring sotadi. Sababi, bozordan onaxonga o`rin yo`q. Ushbu maqolani tayyorlashda negadir shu onaxon yodimga tushaverdi. Bir kun hech bo`lmasa bozorga yaqinroq joyda sotmasligining sababini so`ragan edim.

— Ular (olibsotarlarni nazarda tutmoqda — T.E.) pachkalab erga urishadi — aytgan narxiga bermasam, — dedi onaxon.

Odatda mehnatga bo`yni yor bermagan, tabiat iqtidordan qisganlar darrov til topishib, guruh tuzadilar. Va bunday guruh hamda uning a`zolari o`zlaridan bir qadam oldinga o`tayotganlarni qayirib tashlash, ularning mehnatini yuzaga chiqarmaslikning barcha chorasini ko`radilar. Ayniqsa, ijod bilan bog`liq sohalar, jumladan qo`shiqchilikda bu nihoyatda chigal jarayon. Boisi iqtidorning aniq mezoni yo`q. Texnika imkoni shu qadarki, ozgina hafsalang bo`lsa, elning oldiga xohla Hosila Rahimova, xohla Abdulaziz Yo`ldoshev bo`lib chiqishingni ta`minlaydi.

Xullas, shunday qo`shiq va qo`shiqchilik “bizga bo`laveradi” tamoyilida ayrimlar viloyatda kunini ko`rib yuribdi. Muhimi, katta-kichik sahnaga torgina bo`lsa-da yo`lakcha topsang etadi. Chiqaverasan, aytaverasan, biror o`n yil o`tib, mukofot ta`ma qilsang ham hech kim e`tiroz bildirolmaydi. Axir, o`n besh yildan buyon sahnadasan, “mumtoz ashulalarni maromiga etkazib ijro etgan,” degan tavsifnomang bor.

To`g`ri, san`at elning yaxshi kunlarida xizmat qilishi kerak. Biroq xizmat qilsangu san`atdan yiroq bo`lsang, boda o`rniga nuqul suv ichishday gapda. Natijada depsinib, erga musht o`qtalib, men buyuk yurt farzandiman, deb jazava bilan aytilgan qo`shiqlar dunyoga kelmoqda. Ularni bayram repertuaridan olib tashlab ko`rchi!?

Xalkimiz tirikchilikning aybi yo`q, mehnat bilan topilsa har bir so`m ona sutiday halol deydi. Ammo tirikchilik, “tirriqchilik” bo`lmasligi kerakda. Shunda har bir hududning o`z qo`shiqchilik maktabi, o`zini xizmat ko`rsatib qo`ygan san`atkori bo`ladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1