U hamisha tanqidlar qurshovida, boisi bachkanalikda ayblashadi. Ko`rinishadan jaxldor bu ayol bilan suhbatlashish juda maroqli. U bolalarcha soddaligi, haqiqiy o`zbekka xos bo`lgan jaydarilik, chapanilikni yo`qotmagan. Hatto tilyog`lamalik qilishni, jurnalistlar bilan suhbatlarda fikrlarini zarqog`ozga o`rab etkazishni ham bilmaydi. Qanday o`ylasa, shunday gapiradi. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Mavluda Asalxo`jaevaga xos samimiylik bilan bo`lib o`tgan suhbatimizda ham xonanda har qanday tanqidiy ruhdagi savollarimizga ham ochiq-oydin javob berdi.
— Shu kunlarda sizni topish ancha qiyin bo`lib qolgan. O`tgan hafta gazetamiz orqali ham bu haqida yozgandik.
— Xabarim bor. Lekin “izlagan imkon topar”, deyishadi. “Asalxo`jaevani topib bo`lmaydi”, deb yozgan jurnalist qiz astoydil qidirganida albatta topgan bo`lardi! Mana siz topdingiz-ku.
— Ko`pchilik jurnalistlarning aytishicha, aytmoqchi bo`lgan gapingizni to`liq etkazib berolmas ekansiz....
— Yo`q, yanglishyapsiz. Savollarga aravani quruq olib qochmasdan, dangal javob berishga o`rganganman. To`g`ri, ba`zi san`atkorlarga o`xshab, fikrlarimni adabiy qilib etkazib berolmasam-da, aytmoqchi bo`lgan gapimni tushunarli va lo`nda qilib gapirib qo`ya qolaman. Lekin hamma jurnalistlarni ham savodli, gaplarimizni xuddi o`ylaganimizdek qog`ozga tushirishadi, deyish qiyin. Uyimga kelib intervyu olib ketishadi. Berilgan savollar, suhbatdan mamnun bo`lib qolaman-da, gazetani qo`limga olgach, suhbatdan ko`nglim to`lmaydi.
— Nimalar Mavluda Asalxo`jaevaning g`ashiga tegadi?
— (Jahli chiqib) Odamlar meni TVda ko`rib “Voy shu yoshida aytgan qo`shig`ini qara, bas qilsa bo`lardi”, deyishlari juda g`ashimga tegadi. Ham yoshlarbop, ham kattalarga yoqadigan qo`shiqlar aytgim keladi. Chunki bugungi zamon shuni talab qilyapti. Tinglovchilarning talabi ham shu. Ushbu talabga javob bersanggina san`at qozonidi qaynaysan. “Siz kattasiz, yoshlarni katta yo`lga olib borishingiz kerak”, degan tanbehlarni to`g`ri qabul qilaman. Lekin bir o`zimning qay biriga kuchim etadi? Atrofimda biz bilan birga ijodini boshlagan va davom ettirib kelayotgan birorta san`atkorni ko`rmayapman.
—Bugun g`ashingizga tegishga majburman! “Unutma”, “Alam qilar”, “Xiyonat” kabi odamlarning ko`ngliga yaqin, “xit” qo`shiqlaringiz hozir yo`qdek. Mavluda Asalxo`jaevaning ijodida avvalgi xalqonalik yo`qolgan.
— Kechirasiz-u, fikringizni mutlaqo rad etaman. Xalqona qo`shiqlarni tinglovchilarning o`zlari eshitishmayapti.
— “Gilos” nomli qo`shig`ingiz milliy uslubda bo`lsa-da odamlarga yoqyapti-ku!
— Bu qo`shiqni ilk bor 2008 yildagi konsert dasturimda kuylagandim. O`shanda odamlar bu qo`shiqqa uncha e`tibor qilishmagan. Endi qaerga bormay, shu qo`shiqni so`rab, “yangi qo`shig`ingiz yaxshi chiqibdi”, deyishyapti. Demak, bu qo`shiqning davri endi kelibdi.
— Nega doim turk qo`shiqlarini ko`chirib kuylaysiz?
— Har bir qo`shiqni qonunan sotib olib kuylayman. O`tgan yili tahririyatga o`sha qo`shiqlarni sotib olganim haqidagi xujjatlarni olib borgandim. Aslida u qo`shiqlar turklarniki ham emas. Ular ham musiqaini greklardan olishgan. Ustiga ustak xorijiy qo`shiqlarni o`zbekchalashtirgan bitta men emasman. Istagan xonandani ko`rsating, qaysi qo`shig`i qaysi xalqniki ekanini aytaman. Bu bilan hamkasblarimning “iniga cho`p suqish” niyatida emasman. Hozir shou-biznesda qo`shiqni xorijiy musiqa bilan boshlab, o`rtasiga o`zbekcha ohang qo`shib, oxirini yana boshqacha qilib tugatish urfga kirgan. Go`yoki ular qo`shiqni o`g`irlamagan, shunchaki, o`xshash bo`lib qolgan. Men esa buni o`zimga ep ko`rmayman. “Oshing halol bo`lsa ko`chada ich”, deb bejiz aytishmagan.
— Qo`shiqlaringiz hamon sevgi, xiyonat haqida. Oila, ota-onaga hurmat, vatanparvarlik, pand-nasihat tarzidagi qo`shiqlaringiz deyarli yo`q.
— Bor, faqat bunday qo`shiqlarim odamlar e`tiboridan chetda qolib ketadi. Ko`plari tinglovchilarga etib borishga ham ulgurmagan. Lekin muxlislar doim zamonaviy, hozirgidek qo`shiqlarimni yaxshi kutib olishadi. Vatan haqida ham ajoyib qo`shiqlar kuylaganman, lekin negadir tinglovchilar nazariga tushmagan. Yaqinda bir qiz “Sevsangiz avval shu Vatanni seving...” deb kuylab chiqdi. Musiqasi ham, so`zlari ham juda tanish. (Kulib) Keyin bilsam bu qo`shiqni bir necha yil ilgari o`zim kuylagan ekanman. Hatto qo`shiqlarni o`zim ham unutayozganman.
— To`ylarda doim turkcha qo`shiqlarni kuylashingizning sababi nimada?
—Imkoni bo`lsa vaqt topib, men bilan to`ylarga borsangiz yaxshi bo`lardi. Qanchalik o`zimizning milliy qo`shiqlarni kuylashga urunmay odamlar kelib, “Sho`x bola”ni, “Chal-chal”ni ayting”, deb ketishadi. Hatto qaysi qo`shiqlarni aytishimni avvaldan yozib beradiganlar bor. Ishonsangiz “Sho`x bola” qo`shig`ini aytishni shunchalik yomon ko`ramanki, sizga buni tushuntirib berolmayman. Bir-ikkita to`ylarda kuylamaslikka harakat qilsam, odamlar “o`shani ayting”, deb kelaverishadi. Iloj qancha, ularning talabini bajarish bizning vazifamiz.
— Bilasizmi, negadir ba`zi ayollar sizni yoqtirishmaydi?
— (Jahli chiqib) Juda oshirib yubormadingizmi? E`tiboringiz uchun asosan ayollarning talablari bilan to`y-hashamlarga taklif qilishadi. Xo`sh, qaysi ayol meni yomon ko`rarkan? Risoladagidek san`atkor bo`lsam, birovning to`yida janjal ko`tarmasam, aksincha xursandchiligiga sherik bo`lib, xizmatini kutganidan ziyoda qilib chiqib ketsam...
— Jahlingiz chiqishini bilgandim. Aytmoqchi bo`lganim, siz ko`proq ayollar dardini kuylasangiz ham muxlislaringizning ko`pchiligi – erkaklar.
— (Kulib) Shunaqa demaysizmi? Bu haqda sira o`ylab ko`rmagan ekanman. Muxlislar ayolmi, erkakmi muhimi e`tiborda ekanimiz, bizni tinglashayotgani! Ayollar tilidan aytayotgan qo`shiqlarim, erkaklarning yuragiga etib boryaptimi, demak men haqiqatdan ham ayollar xonandasiman. Sizga bundan boshqa qanday isbot kerak?
— Avval san`atkorning to`yga chiqishi uyat sanalardi. Bugun esa bu oddiy holga aylangan. Ba`zilar hatto to`yga chiqib, pul topish uchun san`atkor bo`lyapti.
— Gapingizda jon bor. Lekin men xalqimizning yaxshi kunida xizmat qilishni ayb sanamayman. Chunki, bugun san`atkorga bo`lgan qarash, e`tibor avvalgidan ancha farq qiladi. Hozir qaerga bormaylik odamlar uyining to`riga o`tkazib, xurmatimizni joyiga qo`yadi. Ammo bundan havolanmaslik kerak. Qarsak chalib osmonlarga ko`taradigan ham, erga tushirib qo`yadigan ham shu xalq. (Kulib) Talabalik yilllarimdagi bir voqea yodimga tushdi: Birinchi kursda o`qirdim. Dugonam bilan o`qishimiz yo`lagida qo`shiq kuylab o`tirsam, yonimga boshqa bosqichda o`qiydigan Mirzabek Xolmedov kelib qoldi. “Sizga bir gap aytsam maylimi?” dedi. “Ha, gapiring”, dedim. “Mavluda, juda chiroyli qo`shiq aytarkansiz, to`yga taklif qilsam borasizmi?” desa bo`ladimi. U vaqtlar Mirzabekning sochlari uzun, jingalak edi. “Hali sen meni to`yga taklif qilmoqchimisan?” deb sochiga yopisha ketganman. Zo`rg`a ajratib olishgan. Xovurimdan tushib kaftimga qarasam jahl ustida Mirzabekning bir tutam sochini yulib olgan ekanman. (Kulib) Haligacha bu voqealarni kulib eslaymiz.
— Singlingiz bilan bo`lib o`tgan suhbatda “Opam qaysi qo`shig`iga klip suratga olishni bilmaydi. Qaysi qo`shiqqa klip olsam ekan, deb maslahatlashadi-yu, baribir hafsalangizni pir qilib, o`z bilganidan qolmaydi”, degandi.
— Guli avval o`zini bilsin! “Opa qaysi qo`shig`imga klip olay?” deb 4-5 ta qo`shiqni olib keladi-da, “mana bunga ol”, desam “xo`p” deb ketib, o`z bilganidan qolmaydi.
— Siz haqingizda gap ochilgudek bo`lsa “Asalxo`jaeva turmush o`rtog`i bilan ajrashib bo`lgan. Ular birga yashashmaydi, Davlet aka og`ir kasallikka chalingan”, degan gaplarni eshitamiz.
— Allaqachon bunday gaplarga quloq solmaydigan bo`lib ketganman. El og`ziga elak tutib bo`larmidi? Har kimning oilasida qanday vaziyat ekanini, turmushidagi kam ko`stlarini faqat to`rt devor biladi, xolos. To`g`ri, Davletning biroz vaqt tobi bo`lmadi. O`zim bosh bo`lib, shifokorlarga qaratdim. Shukr, birga yashab kelyapmiz. Xuddi aybdor kishidek hadeb “birga yashayapmiz, ishonmasangiz kelib ko`ring”, deyaverishdan charchadim.
— Mavluda Asalxo`jaevaning hanuz o`z mavqeini ushlab kelayotganining siri nimada?
— (Uzoq o`ylanib) Sadoqatda! Xalqqa, oilaga, san`atga, do`stlarga bo`lgan vafoda. Yosh san`atkor qizlarimizga ham oilangiz, yaqinlaringiz, Vatanga sadoqatli bo`ling, deb maslahat beraman. Hayotim davomida nimagaki erishgan bo`lsam, hammasining ortida tinimsiz mehnat, bedor tunlar yotibdi. Birovning turmushini buzmadim, oilamni yarim yo`lda tashlab ketmadim. Farzandlarim, oilamning kelgusi taqdirini vaqtincha bejirim ko`ringan narsalarga almashmadim. Shukr, bugun oilada ham, jamiyatda ham, san`atda ham o`z o`rnimni topdim!
— Oilangizda hammaning tashvishi sizning gardaningizda. Sira xotirjam o`tirganingizni ko`rmaganman.
— Oilamdagilar, uka-singillarimga ota o`rnida ota, ona o`rnida onaman. Tashqaridan qaraganda zalvorli va tashvishli ko`ringan turmush tarziga ko`nikib ketganman. So`zlarimni oila boshliqlari, katta farzandlar yaxshi tushunishadi.
— Qachon ko`nglingiz xotirjam bo`ladi.
— Qachonki yonimdagilar kulib tursa.
Qamariddin ShAYXOV suhbatlashdi