1

O`Zingizdan ko`nglingiz to`ladimi?

SUG'DIYONA 27.01.2018, 09:10
O`Zingizdan ko`nglingiz to`ladimi?

«O`z qadr-qimmatini bilmagan insonni atrofdagilar ham qadrlamaydi», deyishadi. Ayniqsa, bizayollarning doim ham o`zimizdan ko`nglimiz to`lmaydi, hayotimizdan mamnun bo`lavermaymiz. Goh tashqi ko`rinishimiz, goh yon-atrofdagilar ta`bimizni xira qiladi. Natijada esa oldga emas, ortga tomon qadam tashlay boshlaymiz. Quyidagi testimiz sizning o`z shaxsingizdan qanchalik qoniqishingiz haqidagi savollarga oydinlik kiritadi.


1. Yana qaytadan dunyoga kelsangiz-u hayotingiz yangidan boshlansa...

A. «Yo`q, hech ham bunday o`ylamayman! Hayotimdan mingdan-ming roziman!»

B. «Gohida hammasi yangidan boshlansa edi, bola bo`lib qolsaydim, deyman».

V. «Ko`pincha «Qaytadan yashay boshlasam...» degan o`y-xayollarga berilaman».


2. Hayot sizga qayta berilsa, yana shu umr yo`ldoshingiz bilan umguzaronlik qilishni istaysizmi?

A. «Albatta, nafaqat istayman, bu fikrni doim e`tirof ham etaman!»

B. «Aniq bir narsa deya olmayman».

V. «Haqiqatni tan olish kerak — yo`q».


3. Ishlaringiz yurishmay qolganida «Nuqul men bilan shunday bo`ladi» degan fikrga borasizmi?

A. «Aslo, xayolimning bir uchiga ham kelmaydi».

B. «Bu vaziyatga bog`liq».

V. «Nimasini aytasiz, haqiqatda men boshlagan ishlar doim chappasiga ketadi, omadsizlik soyamdek gap».


4. Lotereya o`yinlarida yoki biror musobaqada yutuqqa erishganmisiz?

A. «Ha, bir emas, bir necha marta!»

B. «Yo`q desam ham bo`ladi, chiqqan yutuqlar ham arzimas bo`lgan».

V. «Yo`q, biror marta yutuq chiqmagan, bundan keyin ham chiqmasligi aniq».


5. Sizni xushlamaygina suhbatlashishlari nafsoniyatingizga tegadimi?

A. «Yo`q, bu menga zarracha ta`sir qilmaydi».

B. «Kayfiyatimga qarab ta`sir qiladi».

V. «Albatta, iloji boricha bu suhbat tezroq tugashini istayman».


6. Tanishlaringizning hayotida ko`ngizsizlik yuz bersa, darrov uni yupatishga tushasizmi?

A. «Yo`q, har kim o`z boshiga kelgan sinovni o`zi engib o`tishi kerak».

B. «Uning holatiga qarayman, chunki ba`zan kishiga yupanch so`zlar tasalli bermaydi, aks ta`sir ko`rsatadi».

V. «Bu mening vazifam! Axir qanday qilib mum tishlab turish mumkin?!»


7. Yaqinlaringizning sizga tuhfa etgan qimmatbaho sovg`asi ularga bo`lgan munosabatingizga ta`sir qiladimi?

A. «Yo`q, gap sovg`adamas, e`tiborda!»

B. «Ba`zida men uchun shuncha xarajat qilishibdi deb o`rtadagi tushunmovchiliklarni unutib yuboraman».

V. «Ko`nglimni tog`dek ko`taradi!»


8. Sizga hasad qilishlaridan quvonasizmi?

A. «Ha, chunki bu men ulardan bir qadam oldindaman deganidir!»

B. «Bu hasadgo`yning kimligiga bog`liq».

V. «Hech bunaqasi bo`lmagan».


9. Kimningdir sizdan ko`ra yaxshi ishlayotgani, yashayotganiga qarab o`yga tolib qolasizmi?

A. «Men o`zimni boshqalar bilan solishtirmayman».

B. «Bu kim qanday ishlayotgani yoki yashayotganiga bog`liq tarzda yuz beradigan holat».

V. «Ha, deyarli doim shunday».


10. Katta davraning e`tiborini o`zingizga qaratishni yaxshi ko`rasizmi?

A. «Ha, buning uchun doim harakat qilaman».

B. «Juda ham emas».

V. «Aslo, katta davralarni yoqtirmayman».


11. Ko`nglingiz uchun shug`ullanadigan biror sevimli mashg`ulotingiz bormi?

A. «Ha, busiz hayot zerikarli bo`lib qoladi-ku!»

B. «Ba`zida yangi narsalarni o`rgangim keladi, ammo bu vaqtinchalik holat».

V. «Yo`q, vaqtim ham, xohishim ham yo`q, bunga».


12. Atrofdagilar siz kutgan taklifni bildirishmasa...

A. «O`zim taklif bilan chiqaman!»

B. «Ba`zan vaziyatni qo`lga olaman, ba`zida esa payt poylayman».

V. «Ko`nglim o`ksiydi...»


13. Jamoaviy tushgan suratlaringizni tomosha qila turib...

A. «Hammadan ajralib turishimga yana bir bor amin bo`laman!»

B. «Ko`zim quvnaydi, omadsiz chiqqan suratlardagi xatolarimni esa eslab qolaman».

V. «Ko`pincha ularni o`chirib tashlash harakatida bo`lganman».


14. Jon-jahdingiz bilan qilgan ishingiz uchun sizni maqtashmasa, qanaqa kayfiyatning asiriga aylanasiz?

A. «Qancha mehnat qilganimni va a`lo darajada uddalaganimni ta`kidlayman».

B. «Mayli, maqtashmasa-maqtashmasin, o`zim uchun xulosa chiqarsam bo`ldi-ku, axir».

V. «Boshqa bu ishga qo`l urmayman».


15. Tasavvur qiling, tajribali inson sizga maslahat berdi, ammo ma`lum sabablarga ko`ra tavsiyasiga amal qila olmadingiz va ishingiz baroridan kelmadi...

A. «Men bilan hech qachon bunday bo`lmaydi, o`zimdan o`zga maslahatchim yo`q!»

B. «Vaqtni endi ortga qaytarib bo`lmaydi, shunday ekan keyingi gal uchun bu ham bir saboq deya qabul qilaman».

V. «Boshqa o`zibilarmonlik qilmaslikka qat`iy qaror qilaman».


Javoblarga diqqat qilamiz!

Agar A javob ko`p bo`lsa. Tanlagan javoblaringizdan shuni aytish mumkinki, o`zingiz va hayotingizdan ko`nglingiz to`q. Hatto, haddan ortiq deyish ham mumkin. O`zingizga bo`lgan ishonchingiz juda oshib ketgan. Shu sabab ham ba`zan yon-atrofga bepisandlik bilan boqib qo`yasiz. Yaxshi xislatlaringiz talaygina, omad kaliti doim qo`lingizda go`yo. Faqat o`ylab ko`ring: o`z-o`zingizni tanqid qilish, o`zingizga chetdan baho berish kabi fazilatlaringiz bormi? Ba`zida xudbinlik qilmaysizmi? Yaqinlaringiz va do`stlaringizning fikrlariga quloq tutasizmi? «Ha» deya javob berishga shoshmang. Chuqur o`ylang, bu sizda rosmana minnatdorlik hissi uyg`onishiga, atrofdagilar bilan munosabatlaringiz chiroyli tus olishiga zamin yaratadi.

Agar B javob ko`p bo`lsa. Sizni o`zingizga bo`lgan sog`lom ishonch bilan tabriklasak bo`ladi! Zero, bu ishonch me`yordan oshmagan. Ayrimlardagi kabi o`ziga bino qo`yish, o`z omadidan sarmast bo`lish kabi tuyg`ular bilan uyqashib ketmagan. Shu sababdan ham boshlagan ishlaringiz xayrli, omadli kechadi. Yaqin-uzoqlar bilan munosabatlaringiz havas qilgulik. Oltin o`rtalikni topgan insonsiz, axir. Har qanday vaziyatda o`zni qo`lga olib, echimni topishga ustaligingiz tahsinga loyiq. Faqat ba`zan judayam loqayd insonga aylanib qolishingiz mumkin. Mana shu tomoningiz haqida o`ylab ko`rishni tavsiya beramiz.

Agar V javob ko`p bo`lsa. Balki test javoblaridan xafa bo`larsiz. Ammo haqiqat tan olinsagina, o`zgarishlar bo`ladi. O`zingizda, hayotingizda... Siz yaxshi insonsiz. Oqko`ngilsiz, hammaga yordamga shaysiz. Bolalik beg`uborligi ham ko`ngilni tark etmagan. Biroq bu fazilatlaringizni to`g`ri va munosib baholay olmaysiz. O`zingizga ishonchingiz past. O`z ustingizda ishlashingiz kerak. Hoziroq bunga kirishing. Qanday qilib, deysizmi? Qo`lingizga qog`oz oling-da, naq 50 ta yutug`ingizni yozing, nimani yutuq sanasangiz shuni. Uzun sochlar deysizmi, olmali piroglarni qoyillatib pishirishmi, hammasini. 50 dan oshib ketsa, tag`in to`xtab qolmang! Qunt qilsangiz, yuzlab yutuqlaringiz chiqadi. Ularni tan oling va ongostiga muhrlang. Anna shunda omad doimiy yo`ldoshingiz bo`ladi, hayotingizga mazmun kiradi.

MUXLISA tayyorladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1