AsosiyMadaniyat

Zulfiqor Musoqov suratga olayotgan so`nggi filmi haqida

'Zulfiqor Musoqov suratga olayotgan so`nggi filmi haqida'ning rasmi

"Xalq so`zi" gazetasi ijodkorlari rejissyor Zulfiqor Musoqovning “o`z faoliyatimdagi eng so`nggi filmim” deya e`lon qilgan va shu kunlarda suratga olish jarayonlari qizg`in ketayotgan “Berlin-Oqqo`rg`on” kartinasi haqidagi eng so`nggi ma`lumotlarni o`z ichiga olgan ekslyuziv suhbat hamda fotosuratlarni chop etdi. Suhbatni e`tiboringizga havola etmoqdamiz.

Zulfiqor Musoqov: “Amaliy rejissuradan sportchilarga o`xshab o`z vaqtida, obro`si bor vaqtda ketish kerak...”

— Agar sir bo`lmasa mazkur filmingiz syujeti haqida bir-ikki og`iz gapirib bersangiz...

— Xudo xohlasa, syujetini tayyor filmda ko`rarsiz...

— Ssenariy o`zingizdan bo`lsa kerak?..

— Ha, albatta. Ikki yil mobaynida yozganman.

— Film qaerlarda suratga olinayapti?

— O`zimizning o`lkamizda,qisman Germaniya va Rossiyada olinadi.

Unda rol o`ynayotgan aktyorlar kimlar?

— Bosh rolda “FOCUS” san`at maktabining aktyorlik bo`limi talabasi Hasan Shuhratov. Bu katta ish — uning ilk roli. Ko`plab nomzodlar ichidan shu yigitni tanladik. Umuman filmda debyutantlar juda ko`p...

— Bu filmni olish ishtiyoqi sizda qachon paydo bo`ldi. Bunga biror narsani turtki yoki sabab qilib ko`rsata olasizmi? Va umuman, shu film orqali aytmoqchi bo`layotgan gapingiz jamiyatda, muxlislaringiz orasida yangi tendensiyalarning shakllanishiga sabab bo`la oladimi?

— Aynan unda ko`tarilgan mavzu tufayli, ya`ni bobolarimizning Ikkinchi jahon urushidagi G`alabasi sharofati bilan hammamiz shu erda o`tiribmiz, ular ota-onalarimizning hayotini saqlab qolishgan. Gapning ochig`i, shaxsan meni inson,fuqaro va ijodkor sifatida ba`zi odamlarning ehtiyotkor,konfet qog`oziga o`rab “bu mavzu hozir kerakmi?” degan savolining o`zi juda qattiq ranjitadi. Har galgiday, aytayotgan gaplarim havoga gapirganday bo`lib qolishi ma`lum.

Lekin baribir gapirishim kerak. Bu ssenariyga qarshi bo`lgan odamning umuman san`atga aloqasi yo`q. Pozisiyasi temir-betonday qotib qolgan. Nimalarga aloqasi borligi - alohida mavzu. Kerak bo`lsa, boshqa vaqt men bu haqda bafurja gapirib berishim mumkin. Shaxsan menda bitta insoniy va ijodiy pozisiya bor. Rahmatli Malik Qayumov aytgandilar, “Sen tajriba orttirib, o`nta filmdan keyin, albatta, o`zbeklarning urushdagi jasoratini ko`rsatgin” degan edilar...Balkim shuning uchun “Vatan” va “Qo`rg`oshin” filmlari tug`ilgandir. Har bir millat, har bir xalqning tarixida eng ko`p qurbon bo`lgan zamonlar bo`lgan. Vatanimizda na Iskandar Zulqarnayn,na Chingizxon paytida, na “inqilob” zamonlarida qurbon bo`lganlar sonini Ikkinchi jahon urushida qirilib ketganlarga na nisbiy,na foizli va na umumiy jihatdan tenglashtirib bo`lmaydi: 475 ming 18 yoshdan 45 yoshgacha bo`lgan erkaklar va shular sonidan 2 foizga teng xotin-qizlar nobud bo`ldi. Mening enam Mayram buvining 24 sinfdoshidan birortasi qaytib kelmagan, 4,5 million aholidan 1,5 million odam majruh—ko`r,oyog`i yoki qo`li yo`q nogiron bulib qaytishdi...

Biz 1999 yilda Berlinda Xojiakbar Nurmatov bilan “II jahon urushi” muzeyida bo`ldik. Gid bizga sarg`ayib ketgan katta “Barbarossa rejasi”ning 2-kismini ko`rsatdi. O`sha hujjatda SSSR tarkibidagi respublikalarda yashovchi barcha millatlar nemis aniqligi bilan qachon va qay tarzda yuq qilinishi rejasini o`z ko`zimiz bilan ko`rdik. Birinchi o`rinda-yahudiylar, ruslar, beloruslar, ukrainlar, 5-o`rinda o`zbeklar va boshqa 126 millat 1950-yilgacha “chala odamlar” sifatida 100 foiz yo`q qilinishi kerak edi. Bu xunrezlikni amalga oshirish reyxsfyurer Genrix Gimmlerga yuklangan edi...

— Mazkur film oldingi asarlaringizdan nimasi bilan farqlanadi?

— G`alati savol-ku... Ko`rarsiz...

— Yana bir gap. Bu film o`zbek kinosi taqdiriga qay darajada ta`sir qila oladi deb o`ylaysiz?

— Shaxsan bu haqda o`ylamaganman. Umuman,bo`lajak asar qanaqa bo`lishini qaerdan bilaman? Umuman bu savolingizga men tomonimdan javob berish o`ta beandishalik va nokamtarlik bo`lardi.

— Nima uchun uning nomi “Berlin-Oqqo`rg`on”?

— Chunki ota-onamning tug`ilib o`sgan joylari Toshkentdan 55 chaqirim narida Oqqo`rg`onda, u erda bobom,enam va otamning qabrlari bor.

— Bu rostdan ham so`nggi filmingiz bo`lib qoladimi yoki?...

— Bu gapni birinchi bor “Achchiq choy” ko`rsatuvida aytuvdim... Har bir ijodkorning o`z yo`li bor. Juda katta jismoniy va asabiy kuch talab qiladigan amaliy rejissuradan sportchilarga o`xshab o`z vaqtida, obro`si bor vaqtda ketish kerak... Bu tabiiy jarayon. Qarigan chog`ida muxlislar oldida sharmanda bo`lish kerakmi? Xudoga shukr, ozmi-ko`pmi, suratga olgan bir nechta filmlarim odamlarning yuragidan joy olibdi. Bu baxt emasmi? Ssenariylar yozaman. Bunday to`xtamga kelishimning ikkinchi sababi – aynan kino sohasidagi bugungi noprofessional muhitni men o`zimga hech singdira olmayapman...

Boshqa yangiliklar