1

Rayhon G`anieva shou-biznesdagi o`n sakkiz yillik faoliyati davomida nimani o`rganolmadi?

Shou-biznes 29.01.2018, 13:47
Rayhon G`anieva shou-biznesdagi o`n sakkiz yillik faoliyati davomida nimani o`rganolmadi?

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rayhon G`anievaning o`zbek estradasiga kirib kelgan paytidan to shu bugungacha bo`lgan vaqtda ijodi va hayotida ancha-muncha o`zgarishlar ro`y berdi.

Ayni kunlarda ijodiy faoliyatini o`n sakkiz yillik yubileyi va hisob bo`yicha, o`n beshinchi konsert dasturiga tayyorgarlik ko`rayotgan xonanda bugun mehmonimiz...

— 2018 yil siz uchun juda qizg`in boshlanar ekanda, eshitishimizcha fevral oyida navbatdagi yakkaxon konsert dasturini taqdim etmoqchi ekansiz? Tayyorgarliklar avjida bo`lsa kerak...

— To`g`ri aytasiz, butun ijodiy guruhim bilan birga san`atdagi faoliyatimning kichik yubileyini nishonlash arafasidamiz. Bir qarashda bu oddiy sanadek ko`rinishi mumkin. Ammo bu kun men uchun juda muhim, o`rganganlarim, tajribamga asoslangan holda konsertga kelgan mehmonlarga yaxshi dastur taqdim eta olishim shart deb o`ylayman. Bu katta mas`uliyat ham yuklaydi. Konsertimning tashkiliy ishlari bilan doimgidek “Proart” shug`ulanayotgan bo`lsa ham ijodiy tomoniga o`zim mas`ulman. Konsertim rejissyori o`zim, xoreografi esa Elya Malikova. U bilan birga dasturni rang baranglashtirish ustida ishlayapmiz. Yangi qo`shiqlarimni umuman o`zgacha uslubda kuylamoqchiman. Shuningdek, 15 yil davomida taqdim etilgan qo`shiqlarimni ham kelganlar??? bilan birga qayta kuylashni istayman. Bu orqali muxlislarim bilan birgalikda bir necha yillar ortga qaytishni rejalashtirganman. Yangi duetlar ham bo`ladi. Faqat ular haqida hozir ochiq gapira olmayman. Lekin ishonamanki, duetdoshlarimni ko`rib muxlislarim faqat xursand bo`lishadi.

— Jarayon davomida nimalarda qiyinchilik sezyapsiz?

— Yopiq eshiklar, yo`llarimizda katta-kichik to`siqlar doim bo`lgan va bo`ladi. Lekin ularga duch kelishdan qo`rqmayman. Bunday vaziyatda asosiysi, qiyinchiliklardan cho`chimay, ular engib o`tish. Yillar davomida buni uddalay oldim va shukrki, shu kunlarga etib keldim. Yaratganning va yaqinlarimning ko`magi doim menga yor bo`lgan.

— So`nggi paytlarda ko`proq nimalar haqida o`ylayapsiz?

— Negadir so`nggi paytlarda o`zimdan keyingi hayot va chin dunyo haqida ko`p o`ylanyapman. O`zimdan yaxshi nom qoldirishim kerak. Bolalarimga namuna bo`la oladigan inson bo`lish mening eng oliy maqsad va vazifam ekanligini yanada kuchliroq his etayapman.

Aytingchi, o`tgan yillar fe`lingizni o`zgartirdimi?

— Bugun men sabrliroqman. O`tgan vaqt menga har qanday vaziyatga ijobiy yondashishni o`rgatdi. Bizga berilgan sinovlar bejizga emasligini, ularni enishga kuchimiz etgani uchun ham berilayotganini tushunyapman.

— Singlingiz Nasiba bilan juda ko`p maslahatlashishingizni bilamiz...

— U mening birinchi maslahatgo`yim. Oila, farzandlar va boshqa barcha mavzularda ham uning fikri men uchun muhim. Hatto qo`shiqlarimni ham Nasiba va turmush o`rtog`im bilan birgalikda tanlaymiz. Bilasizmi, ba`zida men uning opasi emas, singlisidek his qilaman o`zimini. Uning fikrlashidan menda shunday tasavvur uyg`onadi. Shu sabab yoshim katta bo`lsada undan maslahat so`rashdan uyalmayman.

— Ijtimoiy tarmoqdagi suratlaringizdan bilish mumkinki, egizaklaringizning kun tartibi juda tig`iz. Ular doim mashg`ulot va to`garaklar bilan band ekan...

— Albatta, Imron bilan Islomning har bir kuni reja asosida o`tadi. Ortopedning maslahatiga ko`ra 1 yoshdan boshlab suzishga qatnaymiz. Ularda mendan o`tgan yassioyoqlik bor. Yoshi ulg`ayganda men kabi oyoq va bel og`rig`idan qiynalmasligi uchun hozirdan buni nazoratga olganman. To`g`ri, avvaliga suvdan qo`rqishdi, biroq bugun suzish ularning jonu-diliga aylangan. Yaqindan boshlab ot sporti bilan shug`ullanishni boshladik. Mashg`ulotlarda ularning zavqlanganini ko`rib, o`zim ham quvonaman. Nazarimda, bolalar jonzotlarga mehr qo`ysa, ko`ngli ochiq va samimiy inson bo`lib ulg`ayishadi. Qolaversa, ot sporti bilan shug`ullanish salomatlik uchun ham juda foydali. Darslarga kelsak, bog`chadan tashqari ingliz tilini o`rganish saboqlariga ham qatnashadi.

— Bolalaringizni xaddan tashqari band qilib ularni qiynab qo`ymayapsizmi?

— Inson o`zi yaxshi ko`rgan mashg`uloti bilan shug`ullansa, qiyinchilik sezmaydi. Men bolalarimni o`zlari istagan yo`nalishlarga bog`laganman, xolos. Agar ularda mashg`ulotlarga qiziqish sezmaganimda, majburlamasdim. Masalan, yozda futbolga borgandik, lekin ular bu sport turiga umuman qiziqishmadi, o`yin davomida chalg`ib, qum o`ynab yurishardi. Ularning munosabatini ko`rib, futboldan voz kechdik.

— Ularning ulg`ayayotganini gap-so`zlaridan his qilyapsizmi?

— Inson vaqt qanday o`tganini bilmay qolarkan. Kechagina, qalbimning bir parchasi, bolalarimni qo`limda ko`tarib yurardim. Bugun ular shaxs sifatida ulg`ayishyapti, o`z fikr va qarashlariga ega. Bilasizmi, har bir narsada fikrlarini bilishga urinaman. Hatto ba`zida so`ramasam ham men kiygan yoki o`zlari kiymoqchi bo`lgan liboslarga munosabat bildirib qo`yishadi. Agar yarashmagan bo`lsa, ayab o`tirishmaydi (kuladi). Ayni paytda atrofda nimalar bo`layotgani va kim qanday gapirayotganini tezgina ilg`ab oladigan davri. Shuning uchun ham bir zum jim turisholmaydi. Savollarga “ko`mib” tashlashadi. Ularga qarab men ham ko`p narsalarga e`tibor bera boshladim. Masalan, kuni kecha mashinadan tushib, yo`lakchadan ketayotsak, erda yotgan bargni ko`rib “Oyijon, qarang qanday chiroyli barg” dedi. Qarasam, rostdan ham shakli noodatiy ekan. Biz kattalar hayot tashvishlari bilan bo`lib, oddiy narsalardagi go`zallikni sezmay qolamiz. Bolalar esa atrofdagi go`zallikni payqay olishadi...

— Bolalaringiz bir-biri bilan tortishib qolsa, bunday “muammo”ni qanday hal etasiz?

— Men uchun og`riqli mavzuni ochdingiz (kuladi). Chunki Islom bilan Imron ko`pincha bitta o`yinchoqni talashib urshishadi. Vaholanki, o`sha o`yinchoqdan ikkita. Menimcha, bunday vaziyat ikkita farzand o`stirayotgan oilalarda tez-tez uchrab tursa kerak. Bunday paytda sho`xlik va erkalik qilib birovni xafa qilish yaxshi emasligini tushuntiraman. Ular ahil bo`lib bir-birini qo`llab-quvvatlashi lozimligini hozirdan uqtirib boraman. Balki hozir gaplarimni unchalik tushunishmas, lekin keyinchalik baribir anglab etishadi.

— Ularning orzulari haqida ham bilasizmi?

— Orzu qilish bolalar qoyillatishadi. Ba`zida imkonsiz narsalar haqida ham orzu qilishadi. Lekin shunda ham ularning orzularini to`smayman. Hozir ayni tasavvur olamini kengaytiradigan mahali. Bundan tashqari inson doim orzu va niyat bilan yashashi lozim.

— Shu kunlarda o`zingizning qaysi orzuingiz ro`yobga chiqdi?

— Bolaligimdan Parijga borishni juda istardim. Bu shaharning ko`chalaridan atirlarning ifori kelib turadi deb xayol qilardim. Ayollari chiroyi, poshnali tuflilarda yurishadi, rassomlari esa tabiat qo`ynida peyzaj chizib o`tirishadi deb tasavvur qilardim. Bolalikdagi xayollarimni bu yil turmush o`rtog`im haqiqatga aylantirdi. U bilan birgalikda orzuimdagi shaharga sayyohatga bordik. Parijni bir kungina aylandik, biroq shuning o`zi menga etarli bo`ldi. Ertaklardagi shaharni o`z ko`zlarim bilan ko`rganimdan xursandman. Buning uchun turmush o`rtog`imdan minnatdorman.

— Farzandlaringiz bilan sodir bo`lgan biror qiziqarli voqeani gapirib bera olasmi?

— Yaqinda ularning tinimsiz sho`xliklaridan jahlim chiqib “Agar menga quloq solmasanglar, to`polon qilaversanglar, yomon amaki kelib sizlarni olib ketadi. U sizlarga hech qachon shokolod bermaydi” desam, gaplarimni diqqat bilan eshitib turgan Imron “Oyijon, agar o`sha amaki sizni olib ketganida, men sizni albatta qutqargan bo`lardim” desa bo`ladimi (kuladi). Ochig`i, kutilmaganda aytilgan bu javobdan dovdirab qoldim.

— Bolaligingizda berilgan qaysi sovg`a haligacha yodingizda?

— 12 yasharligimda oyim menga kuchukcha sovg`a qilgandilar. Uzoq vaqt orzu qilgan narsamga ega bo`lganimdan rosa xursand bo`lganman. O`sha paytdagi quvonchimni bugungacha yaxshi eslayman.

— Shou-biznesdagi o`n sakkiz yillik faoliyatingiz davomida salbiy izohlarga immunitet hosil qilolmagansiz. Hamon juda ta`sirchansiz...

— Afsuski, bu mening qo`limdan kelmadi. Lekin shunday bo`lsa ham, atrofimdagi ko`p narsalarga bee`tiborroq bo`lishni o`rganyapman. Bilasizmi, ko`proq nimadan jahlim ko`proq chiqadi? Ayrimlar ijtimoiy tarmoqlarda qalbaki sahifa ochib, asossiz tanqidlar yozishadi. Agar ularning gapi rost va o`zlari mard bo`lishganda bunday yo`l bilan yashirinishmagan bo`lardi.

— Hayotda yana nimalarni o`rganishni istardingiz?

— Bilishni istagan narsalarim juda ko`p. Ulardan biri jahon yulduzlarining ish tartibi bilan yaqindan tanishish. Nazarimda, har bir san`atkor uchun bu professionallik tomon qo`yilgan yana bir qadam bo`lib xizmat qiladi.

— Suhbat uchun tashakkur. Ijodingizda yuksak parvozlar tilab qolamiz.

— Sizga ham rahmat!

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1