1

Prezident kuni qishloq xo`jaligini iqlim o`zgarishiga moslashtirishntirishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi

Jamiyat 10.05.2024, 18:19
Prezident kuni qishloq xo`jaligini iqlim o`zgarishiga moslashtirishntirishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoev 10 may kuni qishloq xo`jaligini iqlim o`zgarishiga moslashtirish, erlardan samarali foydalanish va sohani ilmiy rivojlantirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda 3 million gektar yaylov va ekin erlari degradasiyaga uchragan, 2 million gektarga yaqini turli darajada sho`rlangan. Xorijiy ekspertlar iqlim o`zgarishi sababli 2030 yilga borib, mintaqamizda suv resurslari qariyb 6 foizga qisqarishini aytmoqda. Buning choralarini hozirdan ko`rish zarur.

Shu bois qishloq xo`jaligida iqlim o`zgarishiga moslashish va sohaning iqlimga salbiy ta`sirini yumshatish bo`yicha 52 banddan iborat milliy dastur ishlab chiqildi. Dastur doirasidagi chora-tadbirlarga 294 million dollardan ortiq grant mablag`lari jalb qilish nazarda tutilgan.

Jumladan, Orolbo`yida 1 million gektardagi agroekologik landshaftlar hamda degradasiyaga uchragan yaylovlar holati yaxshilanadi. Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida ihotazorlar barpo qilinadi. Suv ta`minoti og`ir erlarda qizilmiya, na`matak, kunjut, artemiya etishtirish yo`lga qo`yiladi.

Iqlim o`zgarishini tahlil va bashorat qilish bo`yicha markaz tuzilib, 5 ta viloyatda agrometeorologiya stansiyalari o`rnatiladi. Shuningdek, Italiya bilan hamkorlikda Intensiv urug`chilik va ko`chatchilik xalqaro markazi, sho`rga va suvsizlikka chidamli ekinlar bo`yicha urug`chilik xo`jaligi tashkil etiladi.

Suvni tejash masalasi, ayniqsa, Amudaryoning quyi mintaqasida dolzarb. Shu bois, yana bir hujjatga ko`ra, Qoraqalpog`istonda erni lazerli tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish rejalashtirilmoqda. Ya`ni, paxta, boshoqli don va sholi etishtiruvchilarga lazerli tekislangan har bir gektar maydonga sarflangan yoqilg`i-moylash materiallari xarajati 100 foizgacha qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiya beriladi.

Birinchi bosqichda bu To`rtko`l, Beruniy va Amudaryo tumanlarida amalga oshiriladi. Bunday maydonlarda hosildorlik o`rtacha 5-7 sentnerga oshadi va suv sarfi 15-20 foiz tejaladi.

Akademik M.Mirzaev nomidagi bog`dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining er maydonlaridan samarali foydalanish rejalari ham bayon qilindi.

Xususan, institutning Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasidagi 142 gektar er qaytadan foydalanishga kiritiladi. 300 gektar maydonda suv tejaydigan zamonaviy texnologiyalar o`rnatilib, eksportbop meva va uzumzorlar barpo etiladi.

Qiziltepa tumanidagi Navoiy ilmiy-tajriba stansiyasida uzum ko`chatchiligi bo`yicha tajriba xo`jaligi tashkil etilib, Fransiya va boshqa davlatlarning eksportbop navlari ko`chati olib kelinadi. Har ikki stansiyada suv ta`minotini yaxshilash uchun energiya tejamkor nasos agregati va transformator o`rnatiladi.

Qishloq xo`jaligi mahsulotlarining uzluksizligida issiqxonalarning alohida o`rni bor. So`nggi yillarda ularning maydoni 2,6 baravar, mahsulot etishtirish hajmi 3 baravardan ziyod oshgan. Ushbu tarmoqda 80 ming aholi doimiy va 70 ming nafari mavsumiy ish bilan band.

Issiqxona xo`jaliklarining samardorligini oshirish maqsadida xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizini, ko`mir qozoni sotib olish xarajatlarining 20 foizgacha qismini qoplash taklif etilmoqda.

Davlatimiz rahbari har doim sohani ilmiy rivojlantirish talabini qo`yadi. Shu maqsadda Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish taklifi bildirildi.

Institutda yangi yo`nalishdagi tolali ekinlar bo`yicha tadqiqot ishlari yo`lga qo`yiladi. Tarmoqda ilmiy natijalarga asoslangan yangi texnologiyalar, asbob-uskunalar joriy etiladi. Fan va ishlab chiqarish samarali bog`lanib, paxta-to`qimachilik korxonalari rentabelligi ortadi. Paxta, kanop va zig`ir homashyolaridan olinadigan mahsulotlarning xalqaro standart talablariga mosligi ta`minlanadi.

Prezidentimiz bu takliflarni takomillashtirib, manzilliligi va natijadorligini ta`minlash bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1