1

Investisiyaviy hamkorlik bo`yicha vazifalar ijrosi va kelgusi rejalar muhokama qilindi

Jamiyat 10.05.2024, 20:29
Investisiyaviy hamkorlik bo`yicha vazifalar ijrosi va kelgusi rejalar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoevga xorijiy sheriklar bilan investisiyaviy hamkorlik bo`yicha erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi va kelgusi rejalar yuzasidan hisobot berildi.

Rossiya, Xitoy, Qatar, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan kooperasiya loyihalari va investisiya dasturlariga alohida e`tibor qaratildi.

Ma`lumki, 22-24 aprel kunlari Toshkent shahrida “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko`rgazmasi bo`lib o`tdi. Ushbu tadbir Rossiya Federasiyasi bilan muvaffaqiyatli savdo-iqtisodiy hamkorlikka yorqin misoldir.

2023 yil yakunida mamlakatlarimiz o`rtasidagi tovar ayirboshlash qariyb 10 milliard dollarga etdi.

Ushbu ko`rsatkichni 2030 yilga qadar ikki barobarga ko`paytirish maqsad qilingan. O`zbekistonda 3 mingdan ortiq qo`shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. 2023 yilda 700 dan ziyod yangi korxona tashkil etildi. O`tgan yili Rossiyaning 3 milliard dollarga yaqin investisiyalari o`zlashtirilgan bo`lsa, joriy yilda bu ko`rsatkich 5 milliard dollar bo`lishi kutilmoqda.

Umuman, “Innoprom” doirasida 4 milliard dollarlik bitimlar to`plami imzolandi.
2-3 may kuni esa dunyoning 93 ta mamlakatidan 2,5 ming mehmon ishtirokida Toshkent xalqaro investisiya forumi bo`lib o`tdi. Uning doirasida o`tgan ishbilarmonlik tadbirlari yakunida umumiy qiymati 26,6 milliard dollarlik investisiya bitimlari va eksport shartnomalari imzolandi.
Ular orasida qurilish, “yashil” energetika, tog`-kon sanoati, infratuzilma, oziq-ovqat, to`qimachilik sanoati va sog`liqni saqlash sohasidagi yirik loyihalar bor.

Forum natijalari bo`yicha xorijiy hamkorlar bilan imzolangan investisiya va savdo bitimlarini amalga oshirish bo`yicha “yo`l xarita”si ishlab chiqildi. Unda barcha bosqichlar, muddatlar va mas`ullar aniq belgilandi. Shuningdek, forumda hamda Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi yig`ilishida xorijiy investorlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslarni joriy qilish bo`yicha “yo`l xarita”si ishlab chiqilgan.

Davlatimiz rahbari hisobotni tinglab, “yo`l xarita”larining barcha bandlari o`z vaqtida va to`liq amalga oshirilishi ustidan qat`iy nazorat o`rnatish, investorlar bilan doimiy muloqot qilib, ular uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan masalalarni tizimli hal etib borishni topshirdi.

Mutasaddilarga to`rtinchi Toshkent xalqaro investisiya forumiga tayyorgarlikni hozirdan boshlash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida istiqbolli loyihalar to`plamini shakllantirish vazifasi qo`yildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1