1

"Qibla-Tozabog`" hikoyalari

Moziydan sado 31.01.2018, 15:19
"Qibla-Tozabog`" hikoyalari

Xorazmning nodir javohiri sanalmish Xiva atrofida "xon bog`i" deb ataladigan bog`lar ko`p: "Gandumkon", "Bog`ishamol", "Rofanik", "Nurullaboy", "Orqa toza bog`" va boshqalar. Shaharning janubi-g`arbiy tomonida barpo qilingan "Qibla-Tozabog`" ham shular jumlasidan. U Muhammad Rahimxon XX va uning o`g`li Isfandiyor­xon tomonidan bunyod qilingan.

Xon bog`lari uchun joy tanlash mulozimlar oldidagi asosiy vazifa bo`lgan. Chunki tanlangan er hosildor, tabiati go`zal, ob-havosi mo``tadil bo`lishi kerak edi. Buning uchun ular asrlar davomida tajribadan o`tgan ajoyib usul tanlaganlar: bir qancha joyga yangi so`yilgan qo`y go`shti nimtalarini ilib chiqishgan. Ikki-uch kundan keyin qaysi joydagi go`sht bo`lagi yangidek tursa, o`sha joyda bog` yaratishgan.

Sharq va G`arb tajassumi

“Qibla-Toza bog`” ham aynan shunday sinovlardan o`tgach, barpo qilingan. Bu manzil barcha talablarga javob bergani uchun bu erda Muhammad Rahimxon Feruz, uning tog`asi Ibrohimxo`ja, keyinchalik tog`avachchasi Islomxo`ja yozgi uy-joylar, madrasalar qurishgan.

“Qibla-Tozabog`” aslida katta bog` o`rtasiga qurilgan xon saroyi bo`lib, uning uchta hovlisidan birida xon va saroy xizmatkorlari ishxonalari, ikkinchisida xon va uning oila a`zolari uchun turar-joylar, uchinchisida Evropa uslubida qurilgan ayvon va xonalar joylashgan.

Birinchi va ikkinchi hovli Xorazmning eski an`anaviy uslubida Muhammad Rahimxon II tomonidan, uchinchi, pishiq g`ishtli, ayvonli saroy Isfandiyorxon tomonidan qurilgan.

Yaxshilardan qolgan nishona

“Qibla-Tozabog`” qurilishida ishlagan ustalardan biri usta Abdulla bo`lgan. Saroyda hukmdorning qurilish ishlarida uzoq yillar ishlab, xonga yaqin bo`lib qolgan ustaning obro`si katta edi. Shu bois u xon bilan bevosita, yuzma-yuz gaplasha olgan, o`z ehtiyoj­larini ochiq-oydin bayon qilgan.

Aytishlaricha, usta umrining oxirida xonning huzuriga kirib, o`ziga mo``jazgina sag`ana qurdirish uchun izn so`raydi. Xon unga yordam sifatida besh tilla beradi.

— Muruvvatingizdan minnatdorman, — dedi usta ta`zim bilan. — Ammo men bu sag`anani o`zimning halol pulimga tiklamoqchi edim.

— Mening pulim harom, deb senga kim aytdi? — so`raydi xon biroz ranjigandek bo`lib. Shundan so`ng usta xijolatpazlik bilan xon bergan tillani oladi va unga ta`zim bajo keltiradi.

Yana bir rivoyatga ko`ra, usta Abdulla vafotidan keyin uning 9 yoshli kenja o`g`li Xudoybergan katta og`asi Bobojon tuzatib bergan jangli (jarangli) varrak yasab, uning ustiga mushuk bolasini o`tqizib, elimini quritish uchun baland joyga qo`yadi.

Ustaning oilasi ham xonning yaqin a`yonlari qatori “Qibla-Tozabog`”da, xon bilan qo`shni turishgan. Mushuk kechasi bilan miyovlab, xonni bezov­ta qiladi. Ertasiga Muhammad Rahimxon II varrak egasini jazolamoqchi bo`ladi. Ammo u marhum ustaning farzandi ekanini bilgach, “yaxshilardan qolgan nishona ekansiz”, deb uni afv etadi va qo`liga to`rt tilla beradi.

Barmoqdagi baxtli belgi

Ustaning vafotidan so`ng Muhammad Rahimxon uning o`g`illari Bog`bek bilan Bobojonni “Qibla-Tozabog`” saroyining qurilishiga jalb qiladi. Ustaning kichik o`g`li Xudoybergan bu paytda ancha yosh edi. Shuning uchun xon uni “tarbiyalang, voya­ga etgach, uylantiring”, deb Polasulton (Bolasulton) qishlog`idagi Muhammad Karim oxunga topshiradi.

Oxun tarbiyasidagi Xudoybergan, uning Onabibi ismli qizi bilan mol boqar, qaytishda daladan o`t o`rib qaytishar edi. Bir kuni o`roq qizning jimjilog`ini qirqib ketadi. Qiz qonni to`xtatish uchun kul bosadi. Qon to`xtagach, o`rni qorayib qoladi. Buni ko`rgan Onabibi

— Endi barmog`im qora bo`lib qoladimi? — deb yig`laydi. Xudoybergan kulib:

— Qaytaga yaxshi bo`ldi, katta bo`lganingda shu barmog`ingdan tanib, senga uylanaman, — deb hazillashadi.

Haqiqatdan ham oradagi bu iliq munosabatni sezgan oxun, qizini unga nikohlab beradi. Xudoybergan qaynotasining qo`llab-quvvatlashi bilan boylik orttirib, katta imoratlar quradi. Yozda qishloqda, qishda Ichan-qal`adagi uyida yashaydi.

O`g`rining jazosi

Xudoybergan qaynotasi Oxun boboning ogohlantirishiga qaramay, uyini hamma vaqt ochiq qoldirib yurarkan. Chunki xonlikda o`g`irlik sodir qilinmas, o`g`ri zoti deyarli yo`q edi.

Lekin bir kuni kechasi Xudoyberganning qishloqdagi uyi­ga o`g`ri tushib, ko`p mollarini olib ketadi. Xonga arzga borish uchun yo`lga chiqqan Xudoybergan, hech kimga bildirmaslik uchun kechasi otining tuyog`iga kigiz bog`lab, “Qibla-Tozabog`” sari yo`l oladi.

— Gumoning kimdan? — so`raydi xon uning shikoyatini tinglab bo`lgach.

— Hech kimni ko`zim bilan ko`rganim yo`q, shu bois gumon qilishdan qo`rqaman, — deydi Xudoybergan.

— Yaxshi bu ish bilan men o`zim shug`ullanaman, sen boraver, — deb xon unga ijozat beradi.

Ertasiga qishloqqa kelgan xon oqsoqolni chaqiradi:

— Qishlog`ingda birorta o`g`ri bormi? — deb so`raydi. Shunda xon oldida tili kalimaga kelmay turgan oqsoqol avvaliga bosh chayqaydi.

— Yaxshilab o`ylab ko`r, Xudoyberganning mollari qanot chiqarib uchmagandir? — so`raydi xon siyosat bilan.

— Olampanoh bir qoshiq qonimdan keching, — deydi oqsoqol nimanidir eslagandek bo`lib. — Bittasi bor, bundan ancha yillar avval qo`shnisining tovug`ini o`g`irlagan, ammo keyin hammaning oldida tavba qilgandi.

Xonning amri bilan haligi kishini tutib keltiradilar. Qattiq tazyiqdan keyin u o`g`irlangan mollarni Xudoyberganga qaytarib beradi. O`g`rining kaftiga cho`g` bosib jazolaydilar.

Xudoybergan ota o`tgan asrning o`rtalariga qadar umrguzaronlik qilgan. Uning Islomxo`ja minorasi yonida mehmonxonasi bo`lgan. Otaxon 1963 yilda 90 yoshida vafot etgach, Tosh darvozadan ichkarida, g`arbiy tomondagi to`rtinchi gumbazda dafn qilingan.

Komil Xudoyberganov,

Rustam Jabborov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1