Tayvan polisiyasi yakshanba kuni o`tkazgan reydi natijasida Gaosyun shahridagi portda baliqchilik kemalarining biridan 1289 kilogramm miqdordagi ketamin giyohvandlik moddasini topishga muvaffaq bo`ldi, deb xabar berdi Ria.ru nashri.
Polisiyaning giyohvandlikka qarshi kurashish bo`limi xodimlari Gaosyun shahar porti orqali Tayvanga giyohvandlik moddalari kirib kelayotganligi haqidagi xabarni olishgandan keyin bir hafta davomida portda kuzatuv ishlarini olib borishdi.
ShengLiMan nomli baliqchilik kemasi polisiyachilarning diqqatini tortdi. Mazkur kema baliq ovlash uchun mo`ljallangan bo`lsa-da, u deyarli baliq ovlash bilan shug`ullanmas edi. Yakshanba kuni dengizga chiqqan kemaning Syaolyusyu orolida buzilib qolgani haqida xabar berildi. Polisiyachilar hodisa yuz bergan joyga etib borib,uni tintuv qilishdi.
Huquq-tartibot idorasi xodimlari tintuv natijasida ShengLiMan kemasidan muzlatkichga yashirilgan 126 dona qora paketga o`ralgan giyohvandlik moddasini topishga muvaffaq bo`lishdi. Hisob-kitoblarga ko`ra, mazkur giyohvandlik moddasining bahosi 102 million dollarni tashkil etishi ma`lum bo`ldi.