AsosiySport

O`zbekiston sport delegasiyasi Pxyonchxanda

'O`zbekiston sport delegasiyasi Pxyonchxanda'ning rasmi

Janubiy Koreyada o`tkaziladigan qishki Olimpiya o`yinlarida ishtirok etadigan O`zbekiston sport delegasiyasi Pxyonchxan shahriga etib bordi. Bu xaqda MOQ xabar qildi.

Koreyada delegasiyamizni tashkiliy qo`mita vakillari va bir guruh o`zbekistonlik sport muxlislari kutib oldilar.

Ertaga, 8 fevral kuni Milliy olimpiya qo`mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov boshchiligidagi mamlakatimiz sport delegasiyasi Olimpiya shaharchasida O`zbekiston Respublikasining davlat bayrog`ini ko`tarish rasmiy marosimida ishtirok etadi. 9 fevral kuni esa Pxenchxanda XXIII qishki Olimpiadaning tantanali ochilish marosimi o`tkaziladi. Mazkur tadbirda ham MOQ Prezidenti bevosita qatnashadi.

Figurali uchish bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi a`zosi Misha Ge ayni paytda AQShda o`quv-mashg`ulot yig`inlarini davom ettirayotgani sababli, Janubiy Koreyaga 11 fevral kuni etib boradi. U 16 fevral kuni “Gangneung Ice Arena” muz saroyida figurali uchishning qisqa dasturida chiqish qilsa, 17 fevralda erkin dasturda o`z omadini sinab ko`radi.

Komiljon To`xtaev 18 fevral kuni tog` chang`isining gigant slalom bahslarida ishtirok etadi. 22 fevralda esa slalom bo`yicha musobaqada qatnashadi. Tog` chang`isi bo`yicha bellashuvlar “Yongpyong Alpine Centre” majmuasida bo`lib o`tadi.

Qayd etib o`tishimiz lozimki, qishki Olimpiya o`yinlarida sportchilarimizdan tashqari hakamimiz ham ishtirok etadi. Figurali uchish bo`yicha Xalqaro toifadagi hakam Saodat Numanova o`yinlarda hakamlik vazifasini bajaradi.

    Boshqa yangiliklar