Xalqaro olimpiya qo`mitasi prezidenti Tomas Bax MOQ prezidenti Umid Ahmadjonovning taklifiga ko`ra, poytaxt Toshkentga tashrif buyuradi.
Qishki Olimpiadaning ochilish marosimida ishtirok etish uchun Pxyonchxanda bo`lib turgan Ahmadjonov XOQ prezidenti bilan ko`rishdi. Uchrashuv davomida tomonlar yangi bosqichga ko`tarilayotgan O`zbekistondagi olimpiya harakatini rivojlantirish masalalari yuzasidan o`zaro fikr almashish borasida kelishib oldi.
Tomas Baxning Toshkentga tashrifidan ko`zlangan asosiy maqsad — MOQ va XOQ o`rtasidagi o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat bo`ladi. Bungacha Bax 2015 yil O`zbekistonga kelgan bo`lib, mamlakat sporti haqida tasavvurga ega bo`lgandi.
Biroq o`tgan ikki yil davomida O`zbekiston sportida katta o`zgarishlar boshlandi. Xususan, O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakat sportni tubdan isloh qilish masalasini kun tartibiga qo`ydi. Orada O`zbekiston futbol federasiyasi va Milliy olimpiya qo`mitasida rahbariyat almashdi.
Umid Ahmadjonov MOQ prezidenti etib saylangach, Tomas Bax birinchilardan bo`lib tabrik maktubi yo`llagandi. Endi martabali mehmonda yangi bosqichga chiqayotgan O`zbekiston sporti borasidagi tasavvurlarni yanada boyitish uchun amaliy imkoniyat bo`ladi.
MOQ faoliyati ham O`FA singari zamonaviy talablar asosida tashkil etiladi. Ayni vaqtda futbol mutaxassislari, hakamlari va murabbiylari Ispaniya, Angliya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Qatar kabi rivojlangan mamlakatlarda ish tajribasini o`rganayotgan bo`lsa, kelgusida qolgan sport turlari mutaxassislarining faoliyatiga ko`maklashish maqsadida, ular ham ish o`rganish uchun rivojlangan xorij mamlakatlariga yuboriladi.