Qatarning “Al-Jaish” klubi Osiyo Futbol Konfederasiyasiga rasmiy shikoyat yozib, “Bunyodkor” FKni OChL-2014 musobaqalaridan chetlatishni so`ragandi.
Gap shundaki, qatarliklar saralash bahslarida “Lokomotiv” safida to`p tepgan himoyachi Anvar G`ofurovni turnirning guruh bosqichida “Bunyodkor” jamoasi uchun o`ynayotganini xato deb ko`rsatishdi. Aynan shu masala yuzasidan bugun OFKning tartib-intizom qo`mitasi yig`ilish o`tkazdi. Unda “Al-Jaish” e`tirozi o`rinsiz deb topildi va “Bunyodkor” musobaqani davom ettirishi ma`lum qilindi, deya xabar bermoqda Bunyodkor futbol klubi rasmiy sayti.
OFKning “Bunyodkor” FKga yuborgan rasmiy xatida vaziyatga quyidagicha izoh berdi:
- “Bunyodkor” FK Osiyo Chempionlar ligasida muntazam ravishda ishtirok etibgina qolmasdan, musobaqaning guruh bosqichini muntazam ravishda muvaffaqiyatli bosib o`tayotgan yagona klub hisoblanadi. Qit`amizning etakchi klubi bu safar ham o`z an`anasini davom ettirib, nimchorak finalga yo`llanma oldi.
Osiyo Futbol Konfederasiyasining tartib-intizom qo`mitasi o`z majburiyatiga ko`ra “Al-Jaish” e`tirozini ko`rib chiqdi. Yig`ilishda ma`lum bo`lishicha, “Bunyodkor” futbol klubi Osiyo Chempionlar ligasi reglamentining 35-E punktiga to`la amal qilgan holda, musobaqa uchun hech qanday muammosiz ro`yxat topshirgan. Futbolchi Anvar G`ofurov bir vaqtning o`zida ikkita jamoada ro`yxatdan o`tmaganligi aniqlandi va “Al-Jaish”ning e`tirozi o`rinsiz deb topildi.
“Bunyodkor” 1/8 final doirasidagi ilk uchrashuvini o`z maydonida Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubiga qarshi o`tkazadi. Jamoaning navbatdagi o`yinlarida omad va zafarlar tilaymiz"
Qayd etish kerakki, “Bunyodkor” futbol klubi qit`amizning klublar o`rtasidagi eng nufuzli turniri – Osiyo Chempionlar ligasida ettinchi bor ishtirok etmoqda. Klubimizda o`z ishining ustalari bo`lgan tajribali mutaxassislar faoliyat yuritishmoqda. “Bunyodkor” FK tomonidan olib boriladigan har bir ish belgilangan tartib qoidalarga asoslangan holda yuritiladi.





