HAMDARDLIK

Mutolaa 09.02.2018, 19:33
HAMDARDLIK

Rajab kerishib, yonida uxlayotgan xotiniga tikildi. Bechora xuddi jon taslim qilayotgan bemorday to`lg`anib chiqdi. Uning og`ir nafas olishi bilan birga mungli ingrashi quloqqa chalindi. Ayol qo`pol va qadoq qo`lini musht qilib tugib olgandi. Peshonasidan tomgan ter tomchilari yuzidagi kirni yuvib, quyoshdan qoraygan bo`yni orqali o`mroviga tomar, bug`doyrang terisi esa ketma-ket tomayotgan ter tomchilarini o`ziga ochko`zlik bilan singdirardi. Uning beo`xshov, katta siynalari esa qorong`uda xuddi tovada yoyilib yotgan ikki quymoqni eslatardi. Ayol nafas olganda, siynalari og`ir ko`tarilib-tushardi...

Rajab xotiniga uzoq termilib turdi va “Uni ko`zi ojiz odamgina ayol, deb o`ylashi mumkin”, degan xulosaga keldi. Yarim tun bo`lishiga qaramay, havo dim, qilt etgan shabada yo`q. Rajab paypaslanib, ko`ylagini topdi. Zim-ziyo tunda dadil qadamlar bilan eshik tomon yo`naldi. Hovliga chiqib, ko`kragini erga berib yotdi.

Daraxtlar go`yoki yozning qaynoq tuni bag`riga singib ketgandek taassurot uyg`otardi.

Dilgir xayollardan qutulish maqsadida Rajab tamakidonini oldi va popiris o`radi. Uning yuragini tushunarsiz g`am-qayg`u, og`ir his-tuyg`u egalladi. Bu uni oqsoqol qilib saylashgan kundagi tuyg`ularga o`xshamasdi, hatto bu narsani jandarm kaltaklagan kuni qalbini egallagan alam bilan ham tenglashtirib bo`lmasdi. Rajab aravasini besh liraga[1] sotgandan keyin uni etti yarim liraga sotishi mumkin bo`lganligini bilganda ham bunchalik ezilmagandi. Qalbini xufton qiladigan hech nima bo`lmaganiga qaramay, kayfiyati tushib ketdi. Lavlagini vaqtida ekdi, oqsoqlangan ho`kizning oyog`i tuzaldi, sigir buzoqladi, jandarm bilan yarashib oldi, hattoki u bilan qahvaxonada “oltmish olti” qarta o`yinini o`ynadi. Rajab hayotidan norozi bo`lishga biror bahona topolmadi. U bir necha marotaba u yonboshidan bu yonboshiga ag`darildi. Bu haqda boshqa o`ylamaslikka qaror qilib, xotirjam tortdi va uyquga ketdi.

***

Rajab ko`zini ochganda quyosh qiyomga kelgandi. Xotini bilan qizi allaqachon dalaga ishga ketgan bo`lsa kerak. U shiringina kerishib, o`rnidan qo`zg`aldi va uy ichkarisiga yo`l oldi. Pechka yonida turgan ko`zadagi ayronga non to`g`rab, ishtaha bilan paqqos tushirdi. Xotini tong azondan turib, uyni yig`ishtirib, mol-holga qarab, issiq nonlarni yopib ketibdi. Rajabga deyarli ish qolmabdi, qahvaxonaga borib, “oltmish olti” o`ynasamikin? Axir, uning kayfiyatini buzadigan hech nima bo`lgani yo`q. Shunga qaramay, qarta o`ynagisi kelmadi. Yana uning qalbini g`alati, yurakni ezuvchi his-tuyg`u egalladi. Bu o`tkir tuyg`u uning yuragini er ag`daradigan omoch kabi ag`dar-to`ntar qildi. Ey Alloh, bu siqilishlarning sababi bormikin? Ekkan urug`i unib chiqmasa ham siqiladi, ammo hozirgichalik emas... Eshik og`zida soliqchi paydo bo`lsa ham yuragi orqaga tortib ketadi, biroq o`shanda ham hozirgiday yuragi o`rtanmaydi...

“Dalaga borsammikan? – deb o`yladi Rajab. – Balki dalaga borsam, yuragimning chigili yozilar... Ham ayollarning nima ish qilayotganini ko`rib kelaman...”

Anchadan beri yomg`ir yog`maganiga er qurg`oqchilikdan taram-taram bo`lib yorilib ketgandi. Uylar oldiga to`kilgan go`ng o`zidan yoqimsiz hid taratib, odamni lohas qilardi. Daraxtlar o`tkir quyosh tig`i ostida qotib qolgan, atrof jim-jit, biror zog` ko`rinmasdi.

Qishloqning so`nggi uyi oldidan o`tgan Rajab to`xtab, dastro`moli bilan terlab ketgan yuzini artdi. “Agar jahannam ham shunday jazirama bo`lsa, jannatga tushishga harakat qilish kerak”, deb ming`irladi. U ko`zlarini qisib, dalaga tikildi. Dala bo`ylab yoyilgan ayollar uzoqdan binafsharang cholvorlari bilan gulkaramni eslatardi.

Qoshlaridan oqqan ter tomchilari ko`zlarini kuydirdi. Dala yuzasida jimirlab turgan sarob yoyilib, uzoqdan xuddi xira tushni eslatardi. Do`zax otashiday qaynagan jazirama tufayli ich-ichidan qaltiroq turdi. Ayollarning qo`lidagi ketmon to`xtovsiz ravishda yuqoriga ko`tarilib, pastga tushardi. Ular tosh qotgan erdagi, issiqdan lohas bo`lgan lavlagi ildizi tagini yumshatishardi.

Rajab bor kuchini to`plab, nihoyasi ko`rinmagan yo`lni bosib o`tdi va xotinini topib, uning oldida to`xtadi.

– Qalay, charchamayapsanmi? Hech bo`lmasa, erning yarmini chopdinglarmi? – deb so`radi.

Peshonasidan sharros ter quyilib, er chopayotgan xotini boshini ko`tarmay, hansirab javob berdi:

– Hali yigirma denyum[2] bor...

– Unda o`n kundan beri bu erda nima qilyapsizlar?

Ayol lom-mim demay, ketmonini o`ynatgacha er chopaverdi.

Xotinining indamagani Rajabning izzat-nafsiga tegib, g`azab otiga mindi:

– Men senga gapiryapman! Qulog`ing tom bitganmi?

Ayol bosh ko`tarib eriga ta`na aralash nazar soldi, ammo so`z qotmadi. U oyog`ida kuchi qolmagan, yana biroz tursa, gurs etib qulaydigan ho`kiz kabi qattiq xo`rsindi. Betidagi chang aralash loyning qoraligi ko`zlarini battar qop-qora qilib ko`rsatdi. Ayolning yuzlaridan insoniyatning barcha sharmandagarchiligini, ojizligini, hayotning beshafqatligini uqish mumkin edi...

Rajab xotinining nigohidan seskanib ketdi. Birdan uning yuragini bir necha kundan beri ezayotgan g`am-alam sababi ayon bo`ldi. Rajabning xotiniga rahmi kelayotgan ekan...

***

Ertasi kuni Rajab shahardan ikki dona qo`lchiroq olib keldi.

– Mana, sizlarga ikkita qo`lchiroq olib keldim, – dedi u xotiniga qo`l chiroqlarni uzatib. – Kunduzi havo juda isib ketyapti, tez charchab qolasizlar. Endi kechasi chiroq yoqib ishlaysizlar...

O`rxon XANChERLI O`G`LI

(Turkiya. 1916-1991)

Rus tilidan Lola Shoimova tarjimasi.



[1]Lira – Turkiya pul birligi (izohlar tarjimonniki).

[2]Denyum (turk.) – maydon o`lchovi, 919,3 kv. kmga teng.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1