Can`atda o`z o`rniga ega bo`lish oson emas. Saida RAMETOVA 36 yildan beri shu “qozon”da qaynayotgan ijodkorlardan. Bu aktrisaga asosan o`ynagan rollari orqali baho berishadi. Suhbatdoshim qattiqqo`l, biroz diydasi qattiq ayol bo`lsa kerak, deb o`ylagandim. Ammo qalbi daryo va mehribon ona, eng muhimi mehnatdan qochmaydigan zaxmatkash ayol ekaniga amin bo`ldim...
— Assalomu alaykum, Saida opa. Bahor — ilhombaxsh fasl. Ayniqsa, ijodkorlar buni yaxshiroq his qilishsa kerak?
— Juda to`g`ri! Har bir kun ko`tarinki kayfiyatda o`tmoqda. Bayramlarning ko`pligi bilan ham bu fasl insonni xushnud qiladi. Yaqinda dala-xovlimizda san`atkor do`stlar, kursdoshlar va barcha qadrdonlarimiz davrasida sumalak tayyorladik. Bu — to`rtinchi yili yig`ilishimiz. Yildan-yilga mehmonlarimiz soni ortayotgani meni ham, turmush o`rtog`im — Jumadilla Rametovni ham quvontirmoqda. Chunki bu diydor oramizdagi mehr-oqibatni yanada mustahkamlaydi.
— “Ijodim gullab-yashnayapti” deyolasizmi?
— Yangiliklar ko`p. Bir necha filmlarda ishtirok etdim. Rejissyor va madaniyat hodimlaridan minnatdorman. Chunki ular tomonidan bildirilayotgan fikrlar, sohada faoliyatini yanada yaxshilash maqsadida o`tkazilayotgan turli majlislar sabab, ijodimizni tarozi pallasiga qo`yish, qaysi rolimiz tosh bosayotgani, qaysinisi engil-elpiligini anglash imkonini beryapti. Teatr va kinolarda ham yangi mavzularga qo`l urilmoqda. Eng muhimi, tomoshabin oldidagi mas`uliyatni oqlayapmiz. Axir har qanday film yoki spektakl avvalo odamlarga ma`naviy ozuqa berishi kerak. Meni quvontirgani yaqin orada o`ynagan rollarimning hammasi ijobiy. Tomoshabinlar “Saida Rametovaning bunday jihatlari ham bor ekan”, deyishsa kerak (kuladi). 30 qismli “Ammajonlar” serialida amma rolini ijro etdim. Shuningdek, “Opa-singillar” serialini davomini suratga oldik. Hozir ovozlashtirish jarayonidamiz.
— Filmlarda ko`rinmay qolgandingiz. Rejissyorlardar takliflar tushayotgan bo`lsa, demak, ishtirokingizda ketma-ket kinokartinalar katta ekranlarni “bezarkan-da”?
— Bir-ikkita loyihalardan bosh tortdim. Chunki tomoshabinning me`dasiga tegib qolishdan qo`rqaman. Rollarimni sog`inib kutishlarini xohlayman. Eng muhimi, rollarim tarbiyaviy ahamiyati ega bo`lishi kerak. Hatto, salbiy qahramonlarimda ham ushbu maqsadni ko`zlayman. Shu kungacha hech bir odamdan salbiy rolim uchun tanqid eshitmaganman. Aksincha ko`pchilik o`sha diydasi qattiq, jaxldor qaynona rolimdan ham qandaydir ijobiy xulosa olganini aytadi. Bu — katta baxt!
— Aslida ijobiy rolni maza qilib o`ynaysizmi yo salbiy?
— Albatta ijobiy rollar yoqadi. Biroq uning “yuk”i, falsafiy xarakteri, dardi bo`lishi kerak. Tun bor ekan, kunni qadrlaymiz. Shunday ekan, salbiy qahramonlar orqali ijobiy rollarni avaylashga o`rganamiz. Qator yomon rollarni ijro etganman. Lekin negadir shu yildan boshlab, ijobiy obrazlarni o`ynash istagi tug`ildi. Asosan munis onalarning dardini yurakdan ijro etishga harakat qildim. Balki gaplarim kimgadir erish tuyulishi, “o`zini maqtayapti”, deyishlari mumkin. Rejissyorlar ham “Saida opa, bu rollaringiz bilan ko`pchilikni yig`latasiz. Chunki montaj jarayonida o`zimiz yig`ladik”, deyishdi.
— Rollar haqida gap ketganda, yana bir savol: o`zingiz ko`rishni istamaydigan rollaringiz bormi?
— Yo`q! Ba`zan muxlislar “Bekor bunday rol o`ynabsiz, sizga yarashmabdi”, deyishadi. Men aktrisaman, jamiyatning ko`zgudagi aksini o`z rolarimizda ko`rsatamiz. Rosti, odam savdosiga qarshi kurashishni targ`ib qilgan “Uqubat” filmida menga taklif etilgan rolni ijro etishdan bosh torganman. Shunda rejissyor va ssenariy muallifi aynan mening ishtirokim kerakligini aytishgan. Chunki bu rolni faqat salbiy tomonini emas, uning dardini ham ko`rsatish kerak edi-da! Filmda qahramonim qizlarni yig`ib “Dubay, Turkiyaga yuborib, sizlarni qonunuiy ish bilan ta`minlaymiz”, deydi. Bu gapni kulib gapiradi-yu, ichida shunday chiroyli qizlarni uvol bo`layotganini his qilib, ko`zi yoshlanadi. Ko`pchilik tomoshabinlar “Shu rolni bekor o`ynabsiz”, deyishgan. Ammo hamkasblarim iliq fikrlar aytishgan.
— Doim teatrdagi jonli ijroning zavqi haqida to`lqinlanib gapirasiz. Ammo jonli ijroda xatolar ham bo`ladi. Bunday vaziyatlardan qanday chiqasiz?
— Partnyor xushyor bo`lsa, bunday muammolarni oson hal etish mumkin. Buni futboldagi o`yinchilarning harakatiga qiyoslasa bo`ladi. Aktyorlar hamisha hushyor bo`ladi, sherigi yanglishsa, xatosini silliqlab ketadi. “Impravizasiya” sabab komediyada noqulay vaziyatlar bo`lmaydi. Bu rolini boyitadi.
— Uzoq yillar O`zbek Milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritdingiz. Endi esa muxlislar sizni Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri sahnasida ko`rishyapti. Bu vaziyatni hamma o`zicha izohladi...
— Taqdirim juda qiziq... Institutni tamomlab, hozirgi O`zbek Davlat drama teatriga ishga kirganman. Lekin 15 yildan keyin ba`zi sabablarga ko`ra teatrni tark etdim. Hech kim haydamagandi. Chunki oila, turmush o`rtog`im kabi kasbimga ham sodiq edim. Sira asbimga xiyonat qilmaganman! San`atkor bo`lganimdan uyalmayman ham, afsuslanmayman ham. To`g`ri, o`shanda ketish oson bo`lmagan. Hatto tushkunlikka tushib, butunlay teatr sahnasini tark etmoqchi bo`lganman. Tuxmat, yolg`on sabab shunday qarorga kelgandim... O`shanda turmush o`rtog`im menga dalda bo`lgan, “Teart uchun tug`ilgansiz”, degandi. Ruhlanib O`zbek Milliy akademik drama teatriga ishga kirganman. Bu erda salkam 20 yil ishladim, erka aktrisa edim. Bu dargohdan ham hech kim haydamadi. O`zim ariza yozib bo`shadim. Kinoda rol o`ynaymanmi, to`yga boramanmi, nimaki qilmay teatrga xiyonat qilmaganman. HECh QAChON! Menga “Temir xotin” deya ta`rif berishadi. Doimo hammasiga ulgurganman. Teatrdagi xatoga yo`l qo`yishim anglashilmovchilik edi. Rahbariyatning so`zi menga to`g`ri kelmadi va aksi. Shu tariqa ketishga majbur bo`ldim, lekin sog`inaman! “Vaqt - oliy hakam” deyishadi. Hammasi oydinlashib, ular xatoim u qadar ko`p emasligini anglashdi. Men ham o`tgan bir yil ichida barini tushunib etdim, nafaqadaman. Muqimiy nomli musiqali drama teatriga ishga kirmadim. Shunchaki erkin ijodkorman. Istalgan teatr spektakliga taklif qilsa, albatta rol ijro etaman. Maosh ham kerakmas! Hatto taklif etishsa viloyat teatrlari ham boraman, chunki teatr men uchun muqaddas.
— “Temir xotinman” dedingiz. Uy ishlariga-chi, tobingiz qalay?
— Uy ishlarini yaxshi ko`raman. Yaxshi uy bekasi ekanligimni yaqinlarim biladi. Yumushlarni maroq bilan bajaraman, bu kuchimni ikki hissa oshiradi. Ilohim kenjatoyim Azizjonga ham yaxshi qiz uchrasin. Uni bu yil uylantirishni rejalashtirganmiz.
— Keliningiz san`at sohasidan ham bo`lishi mumkinmi?
— Doim kelinlarimning biri tikuvchi, ikkinchisi shifokor bo`lishini orzu qilganman. Katta kelinim tikuvchi. Endi bu yog`iga vaqt ko`rsatadi. Agar bo`lg`usi kelinim san`atkor bo`lsa ham bajonidil qabul qilaman va ijodini qo`llab-quvvatlayman.
Hadiya ADBULLAEVA suhbatlashdi.





