1

Sisiliyadagi Buxoriy qishlog`iga buxoroliklar asos solganmi?

Moziydan sado 10.02.2018, 12:22
Sisiliyadagi Buxoriy qishlog`iga buxoroliklar asos solganmi?

«Xalq so`zi» gazetasida Ahmad Tursunning Sisiliyadagi Buxoriy qishlog`i tarixi haqidagi maqolasi chop etildi.

Quyida maqola to`liqligicha e`tiboringizga havola etiladi.

Tarix fanlari doktori, professor Robert Landa Sisiliya oroliga qilgan sayohati chog`ida bu erdagi Bukkeri qishlog`iga qo`ndi va, tabiiyki, olimlarga xos qiziquvchanligi tufayli qishloqning tarixi bilan qiziqdi. Ma`lum bo`lishicha, «Bukkeri» degani «buxoriy» so`zining buzib aytilgan shakli bo`lib, to`qqizinchi-o`ninchi asrlarda Buxorodan kelgan bir jamoa orolni maskan tutgan ekan.

Buxoriylar olis Italiyadagi bu orolga qanday borib qolishgan? Tarixdan ma`lumki, milodiy sakkizinchi asrda musulmonlar Sisiliyani fath etdi va 1091 yilgacha bu erda hukmronlik qildi. Fotihlar orasida arablar, barbarlar, zanji afriqoliklar va boshqa Islom mamlakatlarining vakillari bo`lgan. Italiya sharqshunosi Mikele Amarning hisobiga ko`ra, hozir orolda bir vaqtlar musulmonlar barpo etgan yoki egallagan shahar va mavzelarning arabcha 328 nomi hamon saqlanib qolgan.

Musulmonlarning kemalari Sisiliyadagi istehkomlari yordamida Italiya, Fransiya, Ispaniya sohillariga Islom da`vati bilan etib bordi. Ayni paytda orolda musulmonlar hukmronligi o`rnatilganidan keyin qishloq xo`jaligi gullab-yashnadi, sun`iy sug`orish keng qo`llanila boshladi. O`sha paytda butun Evropaga notanish bo`lgan pilla, paxta, shakarqamish, sholi, po`rtahol, limon, xurmo etishtirish yo`lga qo`yildi. Bu erda navshatir olishdi, yirik temir koni ochildi. Musulmon Sisiliyasi qo`shni o`lkalarni oziq-ovqat, gazlama, qurilish yog`och-taxtasi bilan ta`minlay boshladi. Orolning arab tojirlari Neapol, Salerno, Amalfo va Italiya janubidagi boshqa savdo shaharlarida muqim joylashib olishdi. Shoir va sayyohlar Sisiliya bog`lari, daryolari, favvoralarini, bu erda o`tkaziladigan musulmon bayramlarining jozibasini basma-basiga kuylashardi.

1061—1091 yillarda orolning tinchi buzildi. Italiya janubida o`rnasha boshlagan normanlarga qarshi qattiq kurash olib borishga to`g`ri keldi. Normanlar oxiri orolni bosib olishdi. Biroq Sisiliyadagi arab-Islom madaniyatining kuchi va uning bosqinchilarga ta`siri shunchalik katta ediki, hokimiyat almashuvi ham hech narsani o`zgartira olmadi. Shaharlik musulmonlarning anchagina qismi orolni tark etib, Misr va Mag`rib o`lkalariga ko`chib ketgan bo`lsa-da, normanlar davlatida arab tili va madaniyati gullab-yashnayverdi. Musulmonlar hamon muhim vazifalarni egallab turishardi. Arab hunarmandlari va tojirlari o`z imtiyozlarini, shu jumladan, Islom diniga e`tiqod qilish erkinligini saqlab qolishdi. Ular yashayotgan mahallalarda masjidlar hamon ko`kka bo`y cho`zib turardi. Normanlar o`z armiyalarida musulmon jangchilar va arab muhandislaridan foydalanishardi.

Normanlar hukmronligi davrida (1091-1194) Sisiliyada musulmon kiyimlari, arab tilidagi yozishmalar, musulmon taqvimi sanalari va Qur`on oyatlari zarb qilingan tangalar keng tarqalgan edi. Saroyda arab mudarrislari va so`z ustalari xizmat qilishardi.

O`n ikkinchi asrda qirol Rojer Ikkinchi saroyida ulug` arab olimi Abu Abdulloh al-Idrisiy istiqomat tutgan edi. Mag`ribda tug`ilgan, xulafoi roshiddining to`rtinchisi hazrati Ali (roziyallohu anhu)dan tarqagan idrisiylar vakili bo`lmish bu olimni keyinchalik Islom dunyosida «Ash-sharif as-saqoliy» (sharafli sisiliyalik) deb ataydigan bo`lishdi. Uning qalamiga mansub «Hayratga tushgan sayyohning turli o`lkalardagi mashg`ulotlari» nomli kitob o`sha paytdagi jug`rofiy asarlarning eng mo``tabar va ishonchlisi bo`lib, uzoq asrlar mobaynida musulmon va nasroniy olimlar orasida ilmiy qimmatini yo`qotmay turdi.

Sisiliyadagi arab-Islom madaniyati o`n ikkinchi-o`n uchinchi asrlarda, ayniqsa, bir paytning o`zida Olmoniya imperatori va Quddusi sharif qiroli bo`lgan Fridrix Ikkinchi davrida gullab-yashnadi. Uning saroyida arab she`riyati, musiqasi, urf-odatlari hukmron edi. Qirol bir qancha musulmon olimlari va faylasuflariga homiylik qildi, o`zi chin muxlisi bo`lgan Ibn Sino va Ibn Rushd asarlarini arabchadan lotin tiliga o`girishga farmon berdi.

O`n beshinchi asrga kelib Sisiliyada arab tili yo`qolib ketsa-da, arab-Islom hazorasining oroldagi ta`siri uzoq vaqt muhrlanib qoldi. Uning izlari aholi maskanlari nomlarida, til lahjalarida, ayrim urf-odatlarda, orolning hozirgi fuqarolari tarixiy xotirasida saqlanib qolgan. Oroldagi Buxoriy qishlog`i ana shu olis tarixning bir shu`lasidir.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1