Xitoyda bo`lib o`tgan futbol bo`yicha Osiyo chempionatida O`zbekiston yoshlar terma jamoasi shoxsupaning yuqori pog`onasidan joy olib, g`oliblik nashidasini surdi. Terma jamoamiz a`zosi Odilbek Hamrobekov xalqaro turnirda nainki terma jamoamizning, balki, turnirning eng foydali futbolchisi sifatida e`tirof etildi. O`zbekiston milliy axborot agentligi Odilbek bilan uning faoliyati haqida suhbat yuushtirdi.
Sizda futbolga bo`lgan qiziqish qachon chinakam maqsadga aylangan? Chunki futbolga barcha bolalar qiziqadi, lekin hamma ham futbolchi bo`lavermaydi...
- Yoshligimda o`rtoqlarim bilan har kun futbol o`ynardik. Kelgusida chinakam futbolchi bo`lish istagi o`sha vaqtlardayoq paydo bo`lgan. Va men shu yo`lni tanladim.
- Namangan – haqiqatdan ham iste`dodlar makoni. Lekin, Siz Qarshida futbol tahsilini olishni lozim topdingiz?
- Buni tarixi uzun. Futbol sirlarini maktabda ustozim Mahmudjon Rahimov o`rgatgan. U kishining tavsiyasi bilan To`raqo`rg`onga bordim. «Navbahor» futbol maktabida tahsil olishni rejalashtirgan edim. Lekin o`yin taktikam ularga to`g`ri kelmadi chog`i, meni maktabga qabul qilishmadi. 2011 yil Qarshidagi «Nasaf» futbol akademiyasiga yo`l oldim va Qarshida tahsilni davom ettirdim. O`shandan buyon «Nasaf» klubi sharafini himoya qilib kelyapman.
- Ikki yil avval tibbiy ko`riklardan so`ng ancha vaqt futbol o`ynamadingiz. O`shanda nima bo`lgandi o`zi? Mana shu murakkab vaziyatdan qanday chiqdingiz?
- Juda ko`p muxlislar o`sha vaqtlarda turli fikrlar bildirishgan edi, shu masala yuzasidan klubni, shifokorlarni ayblashdi. Bu bo`yicha keskin tanqidlar ham bo`lgan. Mavridi kelganda aytay, men bunday fikrdan yiroqman va noo`rin fikrlarga qo`shilmayman. Bunday o`ylaydiganlarga javobim shundayki, meni tibbiy ko`rikdan o`tkazgandan so`ng futbol o`ynashdan vaqtincha to`xtatishdi. O`sha vaqtdagi murabbiy meni olimpiya saralash uchrashuvlariga olib ketishga rosa harakat qildi. Shiforkorlarga ko`rsatishdi. Davolanib chiqdim, shunda ham shifokorlar ruxsat berishmadi. Shunda o`zim ham salomatligimga jiddiy shikast etgan deb havotirga tushdim. «Nasaf» klubiga katta rahmat aytaman, chunki klub rahbarlari meni yolg`izlatib qo`ymasdan Germaniyaga tibbiy ko`rikdan o`tkazishga yuborishdi. Germaniyalik shifokor menga: «Borib shifokorlaringga rahmat aytib qo`ygin, seni futboldan vaqtida to`xtatishibdi. Endi asta-asta o`ynasang bo`laveradi» - dedi. Xullas, Germaniyadan yangi umid va ishonch bilan qaytdim, o`zgacha bir sog`inch bilan futbol o`ynashni boshladim, o`z ustimda astoydil shug`ullandim.
- Osiyo chempionatining eng foydali futbolchisi sifatida e`tirof etilishingizni kutganmidingiz? Bir tomondan «Malibu» mashinasi, ikkinchi tomondan 20000 AQSh dollari. Bu – mehnat va iste`dodning katta g`alabasi, Prezident e`tiborining mahsuli! Oilangizdagilar bu holatni qanday nishonlashdi?
- Jamoadoshlarimning barchasiga rahmat! Bilasiz, futbol yakka kurash emas, jamoaviy o`yin hisoblanadi. Barcha do`stlarim ko`magida shu muvaffaqiyatni qo`lga kiritdik. Shunday Prezidentimiz borligidan faxrlanaman! U kishining «instagram»dagi sahifalarini muntazam kuzatib boraman. O`sha kuni biz haqimizdagi iliq fikrlarni eshitib, o`zimga bo`lgan ishonch yanada kuchaydi. O`zimga ruhiy dalda, ko`mak oldim. Oilamdagilar ham juda xursand bo`lishdi. Oddiy dehqon oilasidanman. «Malibu»ni dadamga sovg`a qildim. Ota-onamizga qancha sovg`a bersak shuncha oz.
- Tailand va Xitoydan so`ng Qarshida ham ajoyib g`alaba nashidasini surdingiz. Uzoq yo`l, davomli mashg`ulotlar va qiyin kechgan turnirdan keyin Qarshidagi o`yinga ruhan tayyor bo`lish oson kechmagandir?
- To`g`ri, oson kechmadi. O`yindan keyin erta tongda yo`lga chiqib, to aeroportga kelguncha charchoq alomatlari sezilayotgan edi. Kechasi 24:00 bo`lishiga qarmay bizni juda katta tantana bilan kutib olishgandan so`ng barcha charchoqlar esdan chiqib ketdi. Vatanga g`alaba bilan qaytish o`zgacha ruh bag`ishladi. Yurtdoshlarimiz bilan quvonchlarimni baham ko`rganimdan boshim osmonga etdi. Bu kun bir umr xotiramda qoladi endi. Qashqadaryolik muxlislar ham kutib olishga kelishgan ekan: ertaga Qarshida kutamiz, ertaga g`alaba qozanamiz, deb dalda berishdi. Shu kayfiyat bilan ertasi kuni yana g`alaba qozondik.
- Tabiiyki, hozir futbol muxlislari Sizlarning avlodingizga katta umid bog`lamoqda. Bu ishonchni oqlash uchun shaxsan o`zingiz qanday rejalar tuzmoqdasiz? Gap shundaki, futbolchi o`z mahoratini oshirishga individual yondoshmas ekan, u katta marralarni zabt etolmaydi.
- Juda ham to`g`ri savol berdingiz. Endi mening maqsadim – erishilgan g`alabani unutib, avvalgidan ham ko`proq mehnat qilaman. Oldinda mas`uliyatli o`yinlar turibdi. G`alabadan havolanib ketmaslik kerak. Faqat oldinga intilish shart. Prezident va xalqimiz ishonchini oqlashni butun vujudim, jonu jahonim bilan istayman.
- 2022 yil Qatarda bo`lib o`tadigan jahon chempionatida O`zbekiston terma jamoasi mundialda ishtirok etadimi?
- 30 milliondan ortiq xalqimiz jahon chempionatiga chiqishimizni shuncha yildan beri orziqib kutmoqda. Jamoadoshlarim ham buni his qilib turishibdi. Oldimizda turgan o`sha marra – Jahon chempionatiga albatta boramiz! Bunga kuchimiz ham imkonimiz etadi!
Sanjarbek Hamidov suhbatlashdi.