Yaqinda «Sog`lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi ko`magida teri kuyishi asoratlari, qo`l-oyoq bo`g`imlari, lab-tanglayning tug`ma nuqsoni bilan kasallangan 15 bemor bola Germaniyaga davolanish uchun jo`nab ketdi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi ma`lum qildi.
2002 yilda «Sog`lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti o`rtasida uch tomonlama hamkorlik bitimi imzolangan edi. Hamkorlik doirasida 12 yoshgacha bo`lgan bemor bolalar teri kuyishi asoratlari, tug`ma qo`l-oyoq bo`g`imlari nuqsoni va boshqa tashxislar bilan Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolandi.
Ushbu xalqaro tashkilotning grant mablag`lari hisobiga 2017 yilda yurtimizdan 146 nafar tug`ma lab-tanglay nuqsoni bo`lgan bolada jarrohlik amaliyoti o`tkazildi. «Chiroyli oyoqchalar» loyihasi doirasida 174 nafar bolaning salomatligi jarrohlik amaliyoti orqali tiklandi. Teri kuyishi asoratlari bo`lgan 49 nafar bolada plastik operasiyalar o`tkazildi.
– E`tiborsizligim tufayli sog`lom o`sayotgan o`g`lim Muhammadzohidni shunday xasta qilib qo`ydim, – deydi andijonlik Barno Jamoliddinova. – Davlatimizdan, mehr-oqibatli xalqimizdan minnatdorman. Shunday og`ir damda menga dalda bo`lib, o`g`limning sog`ayib ketishi uchun har tomonlama ko`maklashdi. Bolam bir necha bor yurtimizdagi nufuzli shifoxonalarda bepul davolandi. Salomatligini bundan-da yaxshilash uchun Germaniyada ham bepul davolanadi. Yaxshilarning sharofati bilan o`g`lim sog`ayib bag`rimga qaytadi, deb umid qilaman.