Bu yil oliy ta`lim muassasalarida ta`lim va kasb yo`nalishlariga ko`plab yangiliklar kiritildi, kirish imtihonlari tizimida ham ayrim o`zgartishlar joriy etildi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2014 yil 30 aprelda qabul qilingan Respublika oliy ta`lim muassasalariga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to`g`risidagi qarori bu borada muhim dasturilamal bo`lmoqda.
O`zA muxbiri O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori Jahongir Ismoilov bilan oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirish imtihonlari tizimiga kiritilgan yangiliklar haqida suhbatlashdi.
– O`zbekiston MDH davlatlari orasida o`qishga kirish imtihonlarini o`tkazish bo`yicha bir xil tizimni joriy etishda etakchilik qilmoqda. Zero, zamonaviy ilm-fan, ta`lim va axborot texnologiyalariga asoslangan holda test sinovlari yordamida baholash tizimi shaxsning intellektual rivojlanish darajasini aniqlash imkonini beradi.
So`nggi yillarda test sinovlari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 18 iyundagi «Oliy ta`lim muassasalariga qabul qilish, talabalar o`qishini ko`chirish, qayta tiklash va o`qishdan chetlashtirish tartibi to`g`risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida»gi qarori va Oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to`g`risidagi nizomga muvofiq o`tkazilmoqda. Test sinovlari o`quvchilar bilimini baholashda sub`ektiv omillarni chetlab o`tib, mazkur jarayonda ko`proq xolislikka erishish imkonini beradi.
Mamlakatimizda yoshlarning oliy ma`lumotli bo`lishga intilishi yil sayin ortib borayotganini alohida ta`kidlash kerak. Masalan, 2012 yilda oliy ta`lim muassasalariga 432 ming, 2013 yilda 480 ming nafardan ziyod abiturient hujjat topshirgan.
Zamonaviy testologiya, test topshiriqlarini tekshirish nazariyasining ilmiy asoslarini ishlab chiqish, ularning sifatini oshirish 2014 yilda ham Davlat test markazini rivojlantirish borasidagi strategik vazifadir.
– Ayting-chi, joriy yilda oliy ta`lim muassasalariga qabul qilish tartibiga qanday o`zgartishlar kiritildi?
– Davlatimiz rahbari oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga tanlagan mutaxassisligi bo`yicha o`qishga kirayotgan abiturientlarni test sinovidan o`tkazish sifati va xolislik darajasini oshirish, ularning intellektual darajasi, dunyoqarashi va mustaqil fikrlash qobiliyatini baholash maqsadida shu yil 30 aprelda Respublika oliy ta`lim muassasalariga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to`g`risidagi qarorga imzo chekdi.
Mazkur hujjatda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, O`zbekiston Respublikasi Ta`lim muassasalariga qabul qilish davlat komissiyasining 2014 yil 1 mayda bo`lib o`tgan yig`ilishida bu boradagi tegishli masalalar muhokama etildi.
2014/2015 o`quv yilida oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda matematika fani bo`yicha test sinovlariga informatika va axborot texnologiyalariga taalluqli savol hamda topshiriqlar kiritilmoqda. Misol uchun, matematika bo`yicha 30 savol, informatika va axborot texnologiyalari bo`yicha 6 savol kiritildi.
Test sinovlariga matematika fani ham kiritiladigan 168 ta`lim yo`nalishining 108 tasi bo`yicha imtihonlarga yuqorida qayd etilgan masalalarni joriy etish kutilmoqda. Chunonchi, «Matematika fanini o`qitish uslubi», «Fizika va astronomiya fanini o`qitish uslubi», «Kimyo fanini o`qitish uslubi», «Fizika», «Iqtisodiyot», «Soliq va soliqqa tortish», «Elektronika va asbobsozlik» va boshqa ta`lim yo`nalishlari shular jumlasidandir.
Abiturientlarning bilim darajasini aniqlashda (3,1 ball darajasida baholanadi) mutaxassislik bo`yicha fanlar rolini tubdan oshirish maqsadida oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilishda test sinovlariga kiritilgan fanlar ro`yxatini qayta ko`rib chiqish hamda yangilash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Muxtasar aytganda, ta`lim yo`nalishlari tahlil etilib, 43 ta`lim yo`nalishi bo`yicha test sinovlari o`tkaziladigan fanlar, jumladan, 22 yo`nalish bo`yicha mutaxassislikka oid fanlar qayta ko`rib chiqildi. «Geofizika», «Konchilik ishi», «Neft va gaz konlariga ishlov berish hamda ulardan foydalanish», «Elektrotexnika, elektromexanika va elektr texnologiyalari» (sohalar bo`yicha), «Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi» (sohalar bo`yicha) va boshqalar shunday fanlar jumlasiga kiradi.
Joriy etilayotgan mazkur yangiliklar abiturientlar bilim darajasini xolisona baholashda mutaxassislikka oid fanlarning roli va ahamiyatini sezilarli ravishda oshirish imkonini beradi.
– Test sinovlari tizimiga yana qanday qo`shimcha fanlar kiritiladi?
– Ma`lumki, chet tillar shaxsni shakllantirish va uning bilim darajasini oshirishda muhim o`rin tutadi, global axborot makonida har tomonlama bilim olish, boshqa mamlakatlarning ma`naviy boyliklari, ilmiy salohiyatidan boxabar bo`lishga yordam beradi, boshqa xalqlar vakillari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatini yaratadi.
Shu bois davlatimiz rahbarining 2012 yil 10 dekabrda «Chet tillarni o`rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori qabul qilindi. Unga binoan bu yil test sinovlari tizimiga 24 ta`lim yo`nalishida chet tillar bo`yicha test sinovlari joriy etilayotir. Shunday qilib, chet tillar bo`yicha test sinovlari o`tkaziladigan ta`lim yo`nalishlari soni 35 dan 59 taga etdi.
Bular «Tashishlarni tashkil etish va transport logistikasi» (transport turlari bo`yicha), «Radioelektron uskunalar va tizimlar» (sohalar bo`yicha), «Telekommunikasiya», «Informatika va axborot texnologiyalari» (sohalar bo`yicha), «Axborot xavfsizligi» (sohalar bo`yicha), «Metrologiya, standartlashtirish va mahsulot sifati menejmenti» (sohalar bo`yicha), «Energetika», «Avtomobil va traktorsozlik» va boshqa yo`nalishlardir.
Yana shuni qayd etish kerakki, joriy yildan fizika asosiy mutaxassislik fani bo`lgan ta`lim yo`nalishlari soni beshtadan yigirmataga ko`paytirildi. Bular, masalan, «Mexanika», «Geofizika», «Konchilik ishi», «Neft, gaz va kimyo sanoati texnologiyasi», «Elektrotexnika, elektromexanika, elektr texnologiyalari» yo`nalishlaridir.
Biologiya asosiy fan sifatida o`qitiladigan ta`lim yo`nalishlari soni o`n sakkiztadan yigirma bittaga ko`paydi. «Qishloq xo`jaligi ekinlari seleksiyasi va urug`chilik», «Zootexniya» (turlar bo`yicha), «Veterinariya» va boshqalar shular jumlasidandir.
– Kirish imtihonlari tizimiga joriy etilgan o`zgartishlar test savollarini tayyorlash jarayoniga qanday ta`sir ko`rsatadi?
– 2014 yilda oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga o`qishga kiradigan abiturientlar test sinovidan o`tkaziladigan fanlar bo`yicha savol hamda topshiriqlar ro`yxati ham qayta ko`rib chiqildi. Buning uchun test savollarini tuzish bo`yicha ekspertlar guruhi tarkibiga oliy o`quv yurtlari, umumta`lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar kollejlarining ikki yuzga yaqin tajribali o`qituvchisi, yuqori malakali mutaxassislar, ilmiy kadrlar jalb etildi.
Ular barcha fanlar bo`yicha test sinovlariga kiritilgan savollarni o`rganib chiqdi. Bunda abiturientlarning mantiqiy fikrlash qobiliyati, dunyoqarashi, test sinovlari o`tkaziladigan fanlarni qanchalik chuqur bilishini aniqlashga qaratilgan test savollarini ko`paytirishga alohida e`tibor qaratildi.
Bu borada amalga oshirilgan ishlar yakuni bo`yicha zamonaviy talablarga mos, oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirishni istagan yoshlarning bilim darajasini xolisona baholash va tanlash imkonini beradigan yagona test savollari bazasi shakllantirildi.
Oliy ta`lim muassasalariga qabul qilish tartibiga kiritilayotgan o`zgartishlar haqidagi axborot, informatika va axborot texnologiyalari bo`yicha test savollari hamda vazifalari dasturlari, ta`lim yo`nalishlari bo`yicha test o`tkaziladigan fanlar ro`yxati o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari, ommaviy axborot vositalari, vakolatli davlat organlari saytlari, jumladan, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining sayti orqali abiturientlar, akademik lisey va kasb-hunar kollejlari o`quvchilariga etkaziladi.