“O`zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasida mahalliy axborot texnologiyalari korxonalari xodimlari uchun bulutli tizimlar negizidagi axborot tarmoqlarini barpo etish va boshqarishga bag`ishlangan seminar o`tkazildi.
Unda O`zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O`zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi, xorijiy va mahalliy axborot texnologiyalari vakillari, aloqa va telekommunikasiyalar sohasi xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir nazariy, amaliy va laboratoriya mashg`ulotlaridan iborat bo`lib, ularda mutaxassislar axborot tarmoqlarini yaratish sohasidagi eng so`nggi texnik ishlanmalar bilan tanishdi. Mashg`ulotlar davomida ishtirokchilar professional darajasini oshirib, tarmoqlararo ekranlarning yangi nusxalarini sozlash jarayonini o`zlashtirdi, tarmoqlarni sozlashga ixtisoslashgan dasturiy ta`minotdan foydalanishga oid ko`nikmalarga ega bo`ldi. Shuningdek, turli tarmoq uskunalari, jumladan, tarmoqlararo ekranlar va xavfsizlik shlyuzlarining yangi lineykalari prototipining so`nggi modellari namoyish qilindi.
Seminar dasturining asosiy qismi tarmoqlarni barpo etish va boshqarishning bulutli tizimlariga bag`ishlandi. Bu kabi innovasiyalarni mahalliy korxonalar faoliyatiga joriy etishning mutlaqo amaliy jihatlariga alohida e`tibor qaratildi.
Seminarda xorijlik mutaxassislarning ma`ruzalari tinglandi.
– Zamonaviy bulutli texnologiyalar axborot tarmoqlarini tashkil etish va boshqarish, xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun ko`plab imkoniyatlar yaratadi, – deydi seminar ishtirokchisi, “RIM-NIHOL” kompaniyasi mutaxassisi A.Prokopov. – Masalan, ularning negizida yaratilayotgan gibrid tizimlar foydalanish nuqtalariga ish jarayonidan uzilmagan holda, bir paytning o`zida bir necha rejimda ishlash imkonini beradi. Shu bilan birga, yangi texnik ishlanmalar tarmoq ma`murlari oldida turgan tarmoqlarni boshqarish va ulardan foydalanish bilan bog`liq ko`plab muammolarni ham hal etadi.
Tadbir yakunida mavzu yuzasidan imtihon tashkil etildi. O`tish ballarini qo`lga kiritgan mutaxassislarga “ZYXEL CERTIFIED NETWORK ENGINEER” (ZCNE) sertifikati topshirildi.