Abdulla Qodiriy nomidagi Navoiy viloyati axborot-kutubxona markaziga Xitoyning “China CAMC Engineering Co, Ltd” (CAMCE) kompaniyasi tomonidan 20 ming AQSh dollari qiymatidagi xorijiy tildagi adabiyotlar to`plami tuhfa qilindi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Shu munosabat bilan o`tkazilgan tadbirda davlatlarimiz o`rtasida barcha sohalar, jumladan, madaniy-ma`rifiy sohalardagi hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanayotgani alohida ta`kidlandi.
Ayni paytda kompaniya tomonidan “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati negizida yirik uch loyihadan biri – polivinilxlorid (PVX) – Kaustik sodasi – metanol ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.
– Biz xitoyliklarda bir maqol bor, uning ma`nosi shunday: agar kimdandir bir chimdim mehr ko`rsang, ikki hissa qilib qaytar, – deydi “China CAMC Engineering Co., Ltd” (CAMCE) kompaniyasi bosh direktori Huang Kai Li xonim. – Demak, ikki xalq o`rtasida o`zaro ishonch bo`lsa, barcha sohalardagi aloqalar ham mustahkam bo`ladi. Bugun Xitoyda Yangi yilning ilk kuni. Bu bayramni O`zbekistonda quyosh charaqlab turgan kunda nishonlayotganimizda ham qandaydir hikmat, fayz ko`ryapman men. Endi bunday xayrli tadbirlarni ko`p o`tkazamiz.
Kitobxon o`quvchi-yoshlar tomonidan o`zbek va xorijiy tillarda Alisher Navoiy g`azallari va zamonaviy she`riyatimizdan namunalar yod aytildi.
– Kitoblar jamlanmasi ayniqsa, biz yoshlar uchun ajoyib tuhfa bo`ldi, – deydi Navoiy shahridagi 1-davlat iqtisoslashtirilgan umumta`lim maktabi 10-sinf o`quvchisi Ahmad Murodillaev. – Ayni paytda IELTS imtihonlariga tayyorgarlik ko`rmoqdaman. Xorijiy tillardagi bu adabiyotlar bunda menga asqotishiga ishonaman. Umuman, insonning intellektual salohiyatini yuksaltirishda kitobning o`rni beqiyos.
Mehmonlarga “O`tmishi qadim, kelajagi nurli diyor” nomli kitob-albomlar esdalik sifatida topshirildi.
17.02.2018 18:37