U bugun oramizda yo`q bo`lsa-da, “Seni bugun ko`rmasam bo`lmas”, “Ona”, “Yolg`izim”, “G`amzalaring”, “Ketmadi yor”, “Seni bu”, “Unutmoq osonmas”, “Yonimga kel yorim”, “Dilda so`zim qoldi”, “Kelinchak”, “Sizdan uzr” kabi dilkash qo`shiqlari bilan hamon muxlislar xotirasida yashab kelayotgan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, “Shuhrat” medali sohibi Oxunjon Madalievni yod etdik.
“DADAM SAN`ATKOR BO`LIShIMNI ISTAMAGAN!”
Qilichbek Madaliev: (o`g`li)
— Ilgari hozirgidek ofislar yo`q edi. Dadam va musiqachilar uyimizda to`planib ijod qilishar, men ularni biroz tomosha qilib, yana o`yinga chalg`ib ketardim. Demoqchi bo`lganim, menda san`atga bo`lgan qiziqish o`sha paytda uyg`ongan bo`lsa-da, biror marta qo`limga mikrofonni ushlab, qo`shiq aytishga harakat qilmagan ekanman.
“— Katta bo`lganimda prokuror bo`laman”, — desam dadam xursand bo`lib ketardilar. Keyin bilsam, dadam mening san`atkor bo`lishimni istamagan ekanlar. Sababi, o`zlari san`atkor bo`lganlari bois, uyda juda kam bo`lar, biz dadamni haftalab ko`rmasdik. Ba`zida xizmatdan yarim tunda kelar, bizni uxlab yotgan joyimizdan: O`g`lim yuring, bu kecha mening yonimda uxlang”, — deb uyg`otib olib chiqib ketardilar. Menga bir hafta davomida nima bilan band bo`lganliklarini erinmasdan so`zlab berardilar. “Endi o`g`lim, siz gapirib bering”, — deya keyin mendan bir hafta ichida nimalar bilan band bo`lganimni hafsala bilan tinglardilar. Juda kamgap va kamtar inson edilar. Ota bo`lib biror marta bizni chertmaganlar. Yoki uyda hech birimizga baland ovozda gapirmaganlar. Dadamning olamdan o`tganliklarini bilib, o`zimga kelolmaganman.
Yaqinda tush ko`rdim. Tushimda qo`shiq kuylayotgan ekanman. Shu payt dadam paydo bo`lib, qo`shiqning ikkinchi bandini kuyladilar. Shu payt men kuylashdan to`xtab qoldim. Dadam meni davraning o`rtasiga, xalqning orasiga olib kirdilar. Men xursand bo`lib, dadamni quchoqlab oldim...
Bugun esa konsertlarda, to`y xizmatlarida dadam xalq orasidan meni kuzatib turishini, ijodimni, muxlislarning olqishini ko`rib xursand bo`lishini istayman. Ammo bu menga armon bo`lib qoldi...
“EShIKNI QOQIShSA, OXUN KELDIMI, DEYMAN...”
Abdug`affor Davronov (sinfdoshi):
— Do`stim Oxunjon Madaliev hayotda juda kamtar va samimiy inson edi. Bolaligida ham mehribon, saxiy va odamoxun bo`lgan. Maktabda turli tadbirlarda qo`shiq kuylar, rasm chizishga bo`lgan qobiliyati bilan ham hammani qoyil qoldirardi.
Hind kinofilmlari, plastinkalarga yozilgan teatr spektakllaridagi dialoglarin boshidan oxirigacha yodlab, Oxun bilan birga rol o`ynar, ko`pchilikning diqqatini tortishga harakat qilardik. Men uchun hali Oxunjon hali tirik. Kimdir eshik qoqsa, yoki uyim yonidan biror mashina signal chalib o`tsa, xuddi Oxunjon ilgarigidek meni so`rab kelgandek tuyulaveradi.
Tirik bo`la turib, hayotda o`rnini topolmagan insonlar bo`ladi. Ammo do`stim Oxunjon olamdan o`tgan bo`lsa-da, u hamon o`z qo`shiqlari bilan xalq orasida, muxlislari xonadonlarida yashab kelyapti.
XONANDANING VAFOTIGA KIM SABABChI?
Sherali Madaliev (ukasi):
— Bu haqda turli shov-shuvlar hozirgacha davom etib kelyapti. Go`yo akamning o`limiga kimdir sababchi bo`lgan yoki joniga suiqasd qilishgan.
Agar xabaringiz bo`lsa, mamlakatimiz mustaqillikka erishmasidan oldin, adashmasam 1987 yillar san`atkorlar juda sanoqli edi. Bugun-chi?..
Bizni to`yga chaqirishganida, agar u-bu narsa bo`lib, bora olmaydigan bo`lib qolsak, kelib shunaqa qistashar ediki, oxiri borishga to`g`ri kelardi.
“Men to`yga niyat qilganman, bormasalar sharmanda bo`laman. Buni esa men xohlamayman”, deb turib olar edi. Keyin, akam ham bir so`zli yigit bo`lib, hech kimning ra`yini qaytarmasdi.
Kechayu kunduz to`yda xizmat qilishi, olis yo`llarda yurishi, turli tashvishlar uni ich-ichidan siqib kelardi. Buni men sezardim, biroq u sog`lig`i haqida ochiq gapirmas edi. Xuddi mana shu tashvishli kunlar uni charchatib qo`ydi.
Ayniqsa, 1987-1994 yillar Oxunjon akam uchun juda mashaqqatli davr bo`ldi. 2000 yilning 29 iyun kunida birdan navbatdagi infarkt xuruji yuz berdi. Oradan ancha vaqt o`tdi, “Hammasi iziga tushdi-ku”, deb, shifokorga uchrab davolanmadi ham.
Uni muxlislari hamisha sahnada sog`inishar, undan faqat yangi qo`shiq, yangi konsertni intizorlik bilan kutishar edi. Oxunjon esa ijodga butun borlig`ini berib, o`z sog`lig`iga e`tibor bermay yurdi. Oqibatda...
ORZULARIMIZ ARMONGA AYLANDI
Habiba Madalieva(turmush o`rtog`i):
— Rahmatli turmush o`rtog`im Oxunjon Madaliev ijod jarayonida o`z ustida tinimsiz izlanardi. Bundan tashqari, xalq xizmatlari, konsert dasturlari bilan band bo`lishiga qaramay, albatta oilaga ham vaqt ajratishga harakat qilardi. Ayniqsa, farzandlar tarbiyasiga jiddiy e`tibor berar, mehribon va chiroyli inson edi. Oilada biror marta janjallashib, “sen-men”ga bormaganmiz (yig`laydi).
Hammaga yaxshi munosabatda bo`lar, aniqrog`i, u kishining mehri hammaga birdek etardi. Biz kelajagimiz, oilamiz, farzandlarimizning kelajagi haqida birgalikda orzu havaslar qilardik. Rahmatli xo`jayinim farzandlarimizni qaerda o`qitish, qizlarni qanday insonlarga turmushga berish haqida yaxshi niyat qilardi. “Qizlarimizni o`qitmaymiz. Ularni yaxshi insonlarga turmushga bersak, baxtidan tinchib ketishsin”, — derdilar. Ana shu birgalikdagi chiroyli tuzgan rejalarimiz, orzularimiz armonga aylandi...
INSONIYLIGI UChUN HURMAT QILARDIK...
G`iyos Boytoev, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist (hamkasb do`sti):
— Oxunjon Madaliev bilan biz yoshligimizdan do`st edik. Davralarda san`atkorlardan men, rahmatli Muhriddin Holiqov, Nuriddin Haydarov, Qilich aka va Oxunjon Madaliev birga yig`ilib turardik. Bir-birimizdan maslahat so`rar, qaerga bo`lsa birga borardik.
Oxunjon bizdan uch yosh kichik bo`lishiga qaramasdan uni insoniylik fazilatlari uchun ham alohida hurmat qilar edik. Ilgari “Hamma ko`rishi shart emas” degan teledastur bo`lar edi. Ushbu teledastur Chimyon tog`larida suratga olinganida bir-birimiz bilan hazillashib qorbo`ron o`ynar, osh pishirib, maza qilib o`tirardik.
Oxunjon nafaqat muxlislari, balki biz do`stlari xotirasida faqat yaxshi taassurot qoldirib ketdi.
METRODA TUShMAGAN EKANLAR...
Dilshod Rahmonov (shogirdi):
— Menga avvalambor ustoz bo`ladilar. O`zini kamtar qilib ko`rsatmas, aslida shunday inson edi. Qo`shiqlarni sodda va ishonarli qilib yurakdan ijro etar, ovozida o`ziga yarasha sehr va dard bor edi.
Ilk marotaba qo`limdan etaklab televideniega olib kelgan, meni ilk marotaba teleekranda chiqishimga sababchi bo`lgan odam ham Oxunjon aka edi. Bir kuni menga: “— Men hech metroga tushmaganman. Kel metroga tushamiz”, — dedilar. Xo`p, deb metroga tushdim.
Metrodagi gavjum muxlislar bir pasda ustozni o`rab olishdi. Dastxatlar berib, muxlislari bilan xayrlashib chiqqanimizda bir do`stimiz bizni mashinasida kutib turgan edi. Aksiga olib, mashina yurmay qolsa bo`ladimi? Do`stim bilan birga mashinani ortidan itarib ketarsak, Oxunjon aka ham yugurib kelib, bizga qo`shilib mashina itarib ketdilar.
O`sha paytlarda juda mashhur san`atkor bo`lishiga qaramasdan o`zini juda oddiy tutar, o`ta sodda inson edi. Balki shuning uchun ham Xudo yorlaqagan bo`lsa kerak, rahmatlini. Ayniqsa, menga: “Seni birov ortingdan yomonlasa ham unga yaxshi gapiraver, yaxshilik qilaver. Kun kelib o`ziga kelib qoladi”, — deb ko`p marotaba takrorlar, o`zlari ham shu o`gitlariga amal qilib, birov yomonlik qilsa ham, faqat yaxshilik ilinadigan inson edilar.
Hozir uning o`g`li Qilichbek Madaliev ham xuddi shunaqa, dadasiga o`xshagan samimiy yigit bo`lib ulg`aygan. Ustozning o`gitlari, maslahatlari biz shogirdlari bilan qoldi...
So`ngso`z o`rnida...
Soyaman ortingdan ergashgan,
Yostiqman, tunlari dardlashgan,
Tushingman o`ngingga almashgan.
Unutmoq osonmas bizlarni...
Xonanda ushbu qo`shiqni kuylayotib, bu dunyoni erta tark etishini sezgandek go`yo... Darhaqiqat, bu qo`shiqni, uning tanti ijrochisini ham unutib bo`lmaydi. Guvohi bo`lganingizdek, rahmatli ustoz san`atkor haqida yuqorida faqat samimiy fikrlar bildirildi. Ana shu fikrlarning qay darajada haqiqatga yaqin ekanligini bilish uchun esa Oxunjon Madaliev kuylab qoldirgan qo`shiqlarni tinglash kifoya. Zero do`stlari aytganidek, Oxunjon Madaliev tirik va u hamon qalblarimizda yashab kelmoqda!
Mohichehra EShMIRZAEVA