1 may kuni konsertiga “start” bergan ShAHZODA kecha — 7 mayda dasturning so`ngi kunini taqdim etdi. “Rosti, hali ham ilk kundagi hayajon meni tark etgani yo`q”, deya samimiy tabassum bilan ichki kechinmalarini so`zga chiqara olmagan xonandani muxlislarining qaynoq mehri navbatdagi konsertigacha tark etmasligi aniq...
- Konsertda jami 24 ta qo`shiq ijro etildi, shundan 15 tasi yangi.
- Dasturda 3 ta duet kuylandi.
- Shahzoda sahnada 6 xil libosda namoyon bo`ldi.
- Konsert rejissyori - Natalya Zaxarskaya.
- Raqslarni uch yildan beri Shahzoda bilan hamkorlik qilib kelayotgan raqs guruhi yigit-qizlari taqdim etishdi.
Noodatiy dekorasiya
Yarim aylana tarzida qurilgan katta ekran sahnadagi chiqishlar va harakatlar bilan hamohang ishladi. Zalga yig`ilganlar sahnaning o`ng va chap tomoniga qarab, Shahzodaning chiqishini poylab turgan bir vaqtda xonanda katta ekranning o`rtasidan paydo bo`la boshladi. “To`kilib” nomli qo`shig`ini yarmiga etganida Shahzoda sekin-asta g`oyib bo`lib, katta ekran eshikdek ochilib, xonanda yuqoridan sahnaga tushdi. Hech kim kutmagan noodatiy chiqish qilgan Shahzoda “Mana bir yil o`tib, yana uchrashdik. Bu yil ikkinchi bor onalik baxtiga erishganimga qaramay, sizlar uchun yangi konsert dasturimni tayyorladim. Yoqadi degan umiddaman!” deya muxlislar bilan salomlashdi.
Mirzaxakim To`xtamirzaev futbol sharhladi
Ravshan Ermatov, Mirjalol Qosimov va bir qancha mashhur futbolchilarni ko`rgach, zal “portladi”. Ular va Shahzoda ishtirokida ishlangan yashil maydondagi videorolik futboldagi hayajonli lavhalar bilan ham boyitilgani muxlislarni befarq qoldirmadi. Xonandaning “Futbol” nomli yangi qo`shig`i munosib qarshi olindi.
Moskvadan kelgan mehmon
“Yurtimiz mehmondo`st xalq! Bugun atay konsetimda ishtirok etish uchun Moskvadan tashrif buyurgan mehmonni iliq kutib olasizlar deb o`ylayman”, deya sahnaga mashhur ijodkor Aslan Guseynovni taklif qildi. Birgalikda “Otpusti” duetini taqdim qilishdi. Va Shahzoda Aslandan yangi qo`shig`ini kuylab berishini so`radi. “Gde t”ni muxlislar maroq bilan tinglashdi.
“Moziyga qaytib” ish ko`rdi
Shahzoda o`z vaqtida “xit” bo`lgan “O`kinch”, “Keragimsan meni”, “Hayot ayt” qo`shiqlaridan “poppuri” kuyladi. Muxlislar xonandaning ilk sahnaga chiqqan lavhalarini katta ekranda tomosha qilib, o`sha davrlarga qaytgandek bo`lgani shubhasiz.
Kursdoshlar bilan duetlar “guldasta”si
Milliy libosda sahnaga chiqqan xonanda hech kutilmaganda xalq qo`shig`i bo`lgan “Mo`tti”ni kuyladi. So`ng va`da qilgan sovg`asini oshkor etish vaqti kelganini aytdi. “Qilpillama” qo`shig`i boshlanib, ekran odatdagidek “eshik” vazifasini o`tab, sahnada O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Alisher Fayz paydo bo`ldi. “Bu ijodkor bilan duet kuylashimni taxmin qilmaganingiz aniq”, degan gapi isboti bilan bo`ldi. “Vaqt o`tgan sayin milliy qo`shiqlar kuylaging kelarkan!” deya Alisher Fayzning kursdoshi navbatdagi duetdosh — xonanda Dilmurod Musaevni taklif qildi. “Netay” dueti ham munosib qarshi olindi.
“Qo`llar tepaga” qo`shig`ini milliy yo`nalishda kuylagani, katta ekrandagi uch aktrisa va sahnadagi raqqosu raqqosalarning milliy va zamonaviy raqslari o`ziga xos bo`ldi.
Shahzodaning “Qaynona”si yangicha ko`rinishda
“Qaynona” qo`shig`i boshlanishi bilan katta ekranda qiziqchi Halima Ibragimova yangicha qiyofada “qaynona”lik vazifasini o`tadi. Shuningdek, sahnada xonanda va raqqosalar bilan jonli ko`rinish ham namoyish etildi.
O`ynatishni ham uddaladi
“Tammanozi” va “Moy zolotoy” qo`shiqlari kuylanganida zal “portladi”. Sho`x qo`shiqlarga raqqosalar qatori zavq bilan raqsga tushgan Shahzoda o`zidagi quvnoq kayfiyatni muxlislarga ham etkaza oldi. Yig`ilganlarning xonanda bilan qo`shilib o`ynagani so`zimiz isboti.
Uyg`unlik...
Dasturda xonanda va raqqosalarning liboslari, katta ekranda namoyish etilgan lavhalarning bir-biri bilan uyg`unlik kasb etgani e`tirofga loyiq. Bu jarayonda dizayner Dildora Qosimovaning mehnatini ta`kidlamay iloj yo`q. Shahzoda dastur davomida olti xil libosda chiqqaniga qaramay, uzluksiz kiyim almashtirgani barchani hayratga soldi.
Odatda xonandalar so`z ustalari va shogirdlarining chiqishidan foydalanib, libosini o`zgartiradi. “Qalovini topgan” Shahzoda esa qo`shiqlar ketma-ketligi orasidagi vaqtni cho`zmagan holda juda qisqa daqiqalarda kiyim masalasini hal eta oldi.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.
Fotomuxbir: Ravshan DADABOEV