Bugungi dorilomon kunlarda xalqimiz boshiga tushgan musibatlar haqida so`z yuritarkanmiz, beixtiyor qalbimizda shukronalik hissi jo`sh uradi. Ko`pni ko`rgan nuroniylarimiz tilidan urush dahshatli, qatlu qirg`inlar haqida eshitarkanmiz, tinchlik-osoyishtalik qanchalik ulug` ne`mat ekanini anglab etamiz.
O`zbekiston xalq artisti Yayra Abdullaeva bevosita o`zi guvoh bo`lgan urush damlarini xotirlar ekan, qalbimizdan ana shunday o`ylar kechdi.
San`atga yo`l frontdan boshlangan
— San`atga kirib kelishimga hech to`sqinlik bo`lmagan. Sababi, shu sohani tanlashimni vaziyatning o`zi taqozo etgan edi. Men u paytda front nimaligini tushunmas, endigina o`n to`rt yoshga to`lgandim. Urush boshlanganda qiz bola uyda yolg`iz qolmasin, deb meni ham o`zlari bilan frontga olib ketishgan. Ilk ijodim Gavhar Rahimova boshligidagi front konsert brigadasida boshlangan. Biz ana shu ashula va raqs ansambli bilan jangchilarga konsertlar qo`yib, ularning kayfiyatini ko`tarish uchun oz bo`lsa ham hissa qo`shardik. Askarlar haqiqiy vatanparvar insonlar bo`lib, vatan deb urushga otlanishgan edi. Kuylaydigan qo`shiqlarimiz, tomoshalarimiz maqsadi faqat va faqat g`alabaga qaratilgan edi. Hammamiz bir qator bo`lib tizilib, xorda:
Olg`a bos, olg`a bos, Ey vatan jonajonlari, deb marsh kuylab konsertimizni boshlardik. Men ham shu ansamblda hamma qatori raqs tushib, ashula kuylar edim.
Bomba portlasa konsertni to`xtatardik
Men hech ham qo`rqmay, hayajonlanmay sahnaga chiqib san`atimni namoyon etaverganman. Urush davomida bomba otilgandagi “Vu-u-uv” etgan vahimali ovozlarini o`z quloqlarim bilan eshitganman. Konsert boshlanganda bomba tushsa, ogohlantiruvchi qo`ng`iroq (sirena) chalinib, bizni erga yotib, bombadan saqlanishni buyurishardi. Biz sahnadagi liboslarimiz bilan o`zimizni erga tashlardik.
Bir oz tinchigandan so`ng ansamblimiz yarador askarlarga birinchi tibbiy yordamni ko`rsatishga oshiqardi. Kimdir yara bog`lagan, kimdir tirqirab oqayotgan qonni to`xtatish bilan ovora... Hali juda yosh bo`lganligim bois menga, “Yayra, sen orqada tur, bu yoqqa qarama” deyishardi.
Hozir o`sha mash`um xotiralarni eslayapmanu, oyoq qo`limni titroq boyapti. Bugun urush tugaganiga oltmish to`qqiz yil to`layotgan bo`lsa, gospitalning hidigacha hamon yodimda.
Shu kunlarga etganimizga shukur!
Eh-he, urush davomida biz ansamblimizdan ne-ne insonlarin yo`qotmadik deysiz. O`sha paytlarda o`z san`ati bilan katta shuhrat qozongan Komuna Ismoilova yaqinda vafot etdi.
Raisa Abdullaeva, Dilorom Sherova kabi san`atkorlarimiz hozir hayotmi yo`qmi bilmayman. Bir necha marotaba xonadoniga sim qoqdim, javob bermadi. Ular bilan ko`rishib, suhbatlashgim keladi. Urushdan so`ng faqat uchovimiz qolgan edik. Balki kun kelib ularni toparman. Agar hayot bo`lishsa, ularni ushbu sahifangiz orqali “Xotira va qadrlash kuni” bilan chin dildan tabriklayman.
Bugun bayram qilib nishonlayapmiz, ammo ko`zlarda yosh... Urush bo`lmasin ilohim. Tinchlikka nima etsin? Tinchlik va osoyishtalikka hech narsa teng kelolmaydi. Hozirgi kunda yoshlar tinchligimizga shukr qilishlari, ota-ona, oila, Vatan kabi muqaddas tushunchalarni teran anglab, qadriga etishlari kerak.
Ilohim xalqimiz urush ko`rmasin. Yurtimiz bundanda gullab yashnasin. Shuncha yildan beri tinchligimizni saqlab kelayotga Yurtboshimizga mingdan-ming tashakkur aytaman!
Fakt:
Ismi-sharifi: Abdullaeva Yayra Umarovna
Tug`ilgan yili va joyi: 14. 08. 1930 yil Andijon shahri.
Ma`lumoti: 1950 yilda Toshkent san`at institutini tamomlagan.
Rollari: 1950 yildan Xamza teatrida Hafiza (A.Qahhor, “Shoxi so`zana”, Guli (Uyg`un, I.Sulton, "Alisher Navoiy", Katerina (A.Ostrovskiy, "Momaqaldiroq", Gulbahor (Xamza), “Boy ila xizmatchi”, Gulnor (Oybek, "Qutluq qon", Turg`unoy (I.Sulton, "Noma`lum kishi", Xemnolini (R.Tagor asari asosida, "Gang daryosining qizi" va h.k.
Mukofotlari: O`zbekiston xalq artisti (1964), Hamza nomidagi O`zbekiston Davlat mukofoti laureati (1967), “Do`stlik” ordeni (1998).
Mohichehra EShMIRZAEVA suhbatlashdi