1

Issiqxonada yiliga to`rt martagacha hosil olish mumkin

Hi-tech 20.02.2018, 15:46
Issiqxonada yiliga to`rt martagacha hosil olish mumkin

Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi “Universalagrolyuks” fermer xo`jaligida ilg`or va innovasion texnologiya asosida barpo etilgan issiqxonada yiliga to`rt martagacha hosil olish mumkin. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Mamlakatimizda barcha sohalarda, xususan, qishloq xo`jaligi tizimiga ilg`or texnologiyalarni, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish keng imkoniyatlar yaratmoqda. Jumladan, “Universalagrolyuks” fermer xo`jaligi tomonidan o`tgan yili Jahon taraqqiyot bankidan olingan 500 ming AQSh dollari miqdoridagi kredit hisobiga 1 gektar maydonda issiqxona barpo etilib, Janubiy Koreyaning “Mayson plakon” kompaniyasi innovasion texnologiyalari asosida, ya`ni gidroponika-substrakt usulida pomidor ko`chatlari etishtirish yo`lga qo`yildi.

– Gidroponika atamasi suv yordamida dehqonchilik qilish, degan ma`noni anglatadi, – deydi “Universalagrolyuks” fermer xo`jaligi rahbari Sanjarbek Rahimov. – Bunda o`simlik ko`chati tomiri faqat suvdan iborat bo`lgan bo`shliqda rivojlanadi. Biz qo`llayotgan substrakt-gidroponika usulida esa o`simlik urug`i kokosning qurigan poyasi joylashtirilgan sellofan substraktga ekiladi, belgilangan muddatda maxsus jihoz yordamida suv va boshqa zarur ozuqalar etkazib turiladi. Bu ko`chatning baquvvat bo`lishi, mevaning nisbatan erta etilishi va bir xil hajmda bo`lishini ta`minlaydi.

Xo`jalikda pomidorning Turkiyadan keltirilgan “Tori” navi ko`chatlari ekilgan bo`lib, ayni kunlarda ko`chatlar mevaga kirgan.

Ma`lumki, kunlar isishi bilan qator poliz ekinlari, xususan, pomidor ko`chati rivojlanishdan to`xtaydi. Joriy etilgan yangi texnologiyaning yana bir afzalligi shundaki, havo harorati o`ta isib ketgan taqdirda ham issiqxona ichidagi maxsus sovutish moslamasi havoni mo``tadillashtirib, ko`chatning bir maromda rivojlanishini ta`minlaydi. Shu tariqa issiqxonada sabzavot va poliz ekinlaridan yil davomida bir necha marta hosil olish mumkin bo`ladi.

Fermer xo`jaligida mahsulotni xalqaro andozalar talablari darajasida qadoqlash ham yo`lga qo`yilgan bo`lib, etishtirilgan mahsulotning asosiy qismini eksport qilish ko`zda tutilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1