1

VIRUS

Mutolaa 27.02.2018, 18:39
VIRUS

Hal qilib bo`lmaydigan muammolar yo`q, vaqtida qabul qilinmagan qarorlar bor.

Edmund Byork

Chaqaloqning qorni to`yib, ko`zlari suzilib keta boshladi. Birozdan so`ng uxlab qoladi. Boyagiday yutoqib emmayotgan bo`lsa-da, kichik og`izchasi ko`krakni qo`yib yubormaydi. Ammo emish oralig`i uzayib boraveradi. Bora-bora chizib qo`yilganday lablari mammani qo`yib yuboradi. Og`zi esa hamon yumilmaydi. Har-har zamonda allaqachon ko`krakdan ajragan lablarini tamshab, emayotgan harakatini takrorlaydi.

– Bo`ldi, rahmat. Beravering, – deb qo`lini men tomonga cho`zdi oq yuzli hurliqo kelinchak.

– Birpas to`xtang, hali chala uxladi, ozroq sabr qilsangiz-chi, – dedim bolani mahkamroq bag`rimga bosib.

– Uyda uxlatvolaman, asosiysi qorni to`ydi-ku, – go`dakni deyarli qo`limdan yulqib oldi u.

Cho`chib ko`zlarini ochdi. “Endigina uxlay degandi-ya, o`yladim ichimda. Bermasligim kerak edi, u bundayin xotirjamlikni so`rg`ich shishadan topolmaydi, axir. Shishaning na tafti bor, na mehri. Faqat qorin to`ldiradi, xolos.

Balki bolaga mehr bilan tikilganim va uyam bag`rimda yayrab ketgani uchun onasi mendan rashk qilgandir. Ha, kim qizg`anmaydi bolasini. Ammo bir-ikki daqiqagina sabr qilganida edi, bolasiga eng yaxshi xotirjamlikni hadya qilgan bo`lardi”.

Ichkari uyga kirib, farzandimni qo`limga oldim. Oppoq, sochlari tillarang, yaltirab turadi, ko`zlari dum-dumaloq. Menga umuman o`xshamaydi. Haligi go`dak yuzida esa qiyofam aks etayotgandek edi. Ko`zlari kichkina, qoramag`iz, bir burdagina bola. Buning ustiga chala tug`ilgan. Onasiga sut kelmagani uchun quruq sut bilan boqisharkan. Qiziq, ko`kraklarim sutga shu qadar to`lib-toshganki, ba`zan oqib tovonimgacha tushadi. Qachon qarasa, ortiqchasini sog`ib tashlayotgan bo`laman. O`ylagandimki, barcha ona bo`lganlarda shunday bo`ladi. Mana ko`rdimki, unday emas ekan.

Bu erga yaqinda keldim. Yangi tug`ilgan farzandim bilan bemalol va tinch yashashim uchun shahar muhitidan uzoqroq ketishga qaror qildim. Odamlar va sivilizasiya belgilari ko`rinmaydigan xilvatda yashash maroqliroq men uchun. Hozir kelgan joyim kichikroq qishloq. Ozoda va tinch joylar. Transport deyarli yo`q bo`lgan osuda makon. Bolam ko`rinishdan sog`lom, yaxshi o`sayotgandi. Shahar bolasi bo`lib dunyoga kelgani uchun bu erdagi chaqaloqlardan yarq etib ajralib turardi. Intiqib kutilgan farzand bo`lgani sababidan mo`l-ko`l kiyim-kechak, bir talay chaqaloq uchun lozim bo`lgan buyumlar xarid qilganman. Qishloq bolachalariga onalari tomonidan bu qadar e`tiborlilik yo`q. Kimdir arzon materialdan o`z qo`li bilan beo`xshov kiyimlar tikib kiydirib qo`yganini ham ko`rdim. “Bu nimasi, g`ashim keldi mening, nechanchi asrda yashayapmiz, axir? Bolalarimiz eng yaxshi narsalarga arziydi. Biz bo`lsak, shugina kiyimchalardan ham pul qizg`ansak”.

Xullas, nazarimda farzandim dunyodagi eng chiroyli bola edi, men esa eng baxtiyor ona. Juda-juda baxtli edim, uni eru ko`kka ishonmasdim, hech kimning qo`liga bermasdim, faqatgina o`zim parvarish qilardim. U mening ko`p intizor kutganim — mitti quyoshcham edi.

Bolasini emizishga kelgan kelinchak bilan ikki kun ilgari tanishgandim. Unga uydagilari ko`chaga chiqishga umuman ruxsat berishmas ekan. “Juda ko`hlik bo`lgani uchun turmush o`rtog`i qizg`ansa kerak-da, o`yladim men. Ko`rinib turibdi, hali juda yosh. Yuzidagi qizlik nafosati ona bo`lganida ham chehrasini tark etmagan. Qiziq, bu kelin ham quyoshga o`xsharkan, xuddi o`g`lim kabi. Demak, qishloqda ikkita chiroyli inson bor — shu kelin va mening o`g`lim”.

U men yashayotgan hovliga suv olish uchun kirardi. Chelak to`lguniga qadar bo`lgan qisqa vaqt davomida ichida yig`ilib qolgan hasratlarini to`kib-sochib gapirib berardi. Emishki, katta ro`zg`ordagi deyarli barcha yumushlar o`zining gardanida bo`lib, sho`rlik bir amallab hammasini eplashga harakat qilar ekan. Qizig`i, u bu gaplarni menga nolinib emas, bor kuchi bilan harakat qilayotgani uchun o`zidan mamnun holda gapirib berdi. Uning aytishicha, bolalar quruq suti qimmat turarmish, buning ustiga juda tez tugab qolar ekan. Bolaga quruq sut olishga eri va o`zida pul yo`qligi uchun qaynanasi olib berar ekan. Shundan minnatdorligi uchun ham qo`li olti, oyog`i etti bo`lib qaynananing xizmatini qilarkan. Dakki eshitmaslik uchun hatto qo`y ham boqib kelarmish. Ey xudoyim-ey, shunday go`zal xilqat qo`y boqib yursa-ya. Qaynanasi qanday ko`zi qiyarkan unga bu ishlarni qildirishga? “Hah jodugar kampir, o`yladim ichimda uning qaynanasini hali ko`rmagan bo`lsam-da, o`zingni qatirmoch qizingga shu ishlarni ikki dunyodayam qildirmagan bo`larding”. Bunday o`ylayotganimga sabab, o`sha uyda o`zim qatori qizga ko`zim tushgandi. Men-ku kechroq turmushga chiqib, kech farzandli bo`ldim, allaqachon turmushga chiqish vaqti etgan bu qiz norasida kelinni to`rt tomonga yugurtirmasdan, tezroq tengini topsa bo`larkan”.

Ochig`i, meni birovlarning hayoti qiziqtirmaydi, baribir bu erda uzoq yashamayman, shunday ekan, shu qiz erga tegsa-tegmasa, menga nima? Doimiy yashaganim taqdirdayam, u hozircha menga xalaqit qilayotgani yo`q.

Kunduzlari bolani ko`cha tomondagi tok tagiga qo`yilgan kursida olib o`tiraman. Toza havo, engil shabadada ikkalamizning ham tanimiz yayraydi. Tok barglari orasidan ro`paradagi hovlini zimdan kuzataman: kelinchakning gaplari rostga o`xshayapti, shundan boshqa g`imir-g`imir qiladigan odamning o`zi yo`q, shekilli. Olifta qaynuka har kuni so`nggi urfda kiyinib, onasiga yordamlashgani magazinga yo`l oladi, ochiq eshigidan ko`rinib turibdiki, qaynatasi so`rida mudrayapti, Tannozxon (nimalar deyapman o`zi), ya`ni qaynegachi yasan-tusan qilib ishga ketyapti. Yo`l-yo`lakay kelinchakka vazifalarini tushuntirib, nimalarnidir uqtiryapti. “Insofsizlar, o`yladim ichimda, tanbal ishyoqmaslar. Hoynahoy kuyov bola televizor ko`rayotgan bo`lsa kerak. Kelinchak uni televizor ko`rishni yoqtiradi degandi. Savlatidan ot hurkadi-yu, xobbisi yotib olib ekranga tikilish bo`lsa”. Hayronman, shaharda hech kim bilan ishim yo`q edi. Bu erda bo`lsa, o`zim bilan o`zim gaplashib, g`iybat qilib o`tiribman.

O`sha kuni tong azonlab turdim. Go`dak o`g`lim shiringina uxlayapti. Hamma ishimni tinchitib, birpas dam olish uchun xontaxta atrofiga solingan ko`rpachaga cho`kdim. Xayolga berilgan ekanman, qo`shni kelinchakning qachon uyga kirganini sezmabman. Qo`lida yo`rgaklangan bolasi.

– Opa, – dedi u hovliqib-entikib. – O`g`limning qorni och. Kecha ertalabdan beri quruq sut qidiramiz, magazinlarda qolmabdi. Qaynanam hech kimga emizishiga ruxsat bermayapti, virus yuqar emish, – dedi.

“Tavba! Ona sutidayam virus bo`larmishmi, o`yladim men. Virus yuqadigan bo`lsa, nega menga olib keldi? Muddaosi aniq — bolani emizib berishim kerak!”

Zimdan go`dakka nazar tashladim: xunukkina, qoramag`iz, bir burda. Mening o`g`lim kabi sog`lom, to`lishgan emas. Ko`zchalari kichkina, iltijoli boqadi. “Shu bolani emizarkanmanmi, xayol o`tayapti miyamdan, bordi-yu, undan menga virus yuqsa-chi! Masalan, undan keyin o`g`limni emizsam, o`g`limga o`tsa-chi?!”

– Bugun do`konimizga mol kelgan. Hamma o`sha yoqqa ketgan. Uyda hech kim yo`qligida bolamni bir martagina emizib bering.

Ko`rinib turibdi: magazinga kelgan mol hammaning tashvishida, kechadan beri qorni och bola bilan onasidan boshqaning ishi yo`q. Ona-bolaning ahvolini tushunib turibman, lekin nima qilay, emizgim kelmayapti, axir. Rozi bo`lmayotganim yuzimda aks etib turardi. Ikkilanayotganimni sezdirib qo`ydim.

– Opa, haqingizni beraman, bir kiyimlik material mendan, – dedi kelinchak.

Bu kelinchak bolasiga ovqat sotib olib berib o`rganib qolgan shekilli, mening sutimga ham haq to`lamoqchi. Demak, u ikkilanayotganimni tama deb tushunyapti. “Yaratgan egam, qanday bandalaring bor-a?”

Bolaga qo`l uzatdim. Onasi bundan xursand bo`lib, dadillashib go`dakni qo`limga berdi. Ichida “Material beraman deganimga darrov ko`ndi” deb o`ylagan bo`lishi kerak. Buni emizish uchun shar`iy tomondan xo`jayinimdan ruxsat olishim kerakligini bilaman. U hozir bizdan juda uzoqda bo`lsayam, qo`l telefonimning tugmachasini bossam, kifoya edi. Negadir unday qilmadim. “Ruxsat bersa kerak, o`yladim o`zimcha, yo`q demaydi har qalay. Agar yo`q, desa-chi?! Bolaning qorni och, axir”.

“Ruxsat so`rab o`tirmayman”, degan qarorga keldim men. Bola allaqachon qo`limda, kechadan beri och, mening esa sutim tolib-toshib yotibdi. Hech qanaqa rasm-rusumni qilib o`tirish kerak emas. Xo`jayinim qaysar odam, bolamizga kasal yuqtirasan, deb ruxsat bermasligi mumkin. Agar shunday bo`lsa, bularni noumid qaytaramanmi? Kelinchak-ku bir amallar, bola-chi, shunaqa holsiz yotaveradimi, qachon magazinga quruq sut kelarkan deb. U hamon qo`limda, yig`lashniyam bilmas ekan bu chala tug`ilgan kichkintoy.

Hech kimdan ruxsat so`ramayman, tavakkal, nima bo`lsa bo`lar, bolani emizaman. Sut meniki, xohish meniki, o`zimdan bitadigan ishga nega boshqadan ruxsat so`rashim kerak?!

U qadar istamayotgan esam-da, bolaga ko`krak tutdim. So`rg`ichga o`rganibdi, ko`krakni qiyinchilik bilan olib tortib emdi. Mening taftim, issiqqina sut yoqdi-yov nazdimda, endi ochofatlarcha so`ra boshladi. U emganlarini yutishga ulgurmay, yana emar, tiqilib qolayozgan edi.

“Voy bechoraginam, o`yladim men, qorni och qolibdi-da”. Yuziga mehr bilan tikildim. U hali o`ylaganim kabi xunukkina emas ekan. Aksincha, nihoyatda istarali, qosh-ko`zlari qop-qora, yupqa lablari qip-qizil shiringina chaqaloq. “Quyib qo`ygandek o`zimga o`xshaydi, xayolan xursand bo`ldim. O`zi unga nega quruq sut sotib olib berishar ekan-a? Balki ortiqcha chiqimning keragi yo`qdir. Mening sutim ikkala bolagayam bemalol etib-ortadi. Kelinchak qaynanasini ko`ndirishga urinib ko`rsa bo`larkan. Meni yarim kechasi bezovta qilishsayam, hech og`rinmasdim. Faqat shugina qorni to`yib uxlasa bo`ldi edi. Yoki qaynanasiga borib o`zim yolvorsammikan? Unga sutimda hech qanday virus yo`qligini aytaman. Mendan bolaga hech bir ziyon etmasligini tushuntirishga harakat qilaman. Qaerdadir o`qigandim, ona suti steril hisoblanarkan, u bola organizmidagi saraton katakchalarini nobud qilib, immunitetni mustahkamlarmish. Balki u ayolni jodugar deb noto`g`ri atayotgandirman. Agar u bolani emizishimga rozi bo`lsa, men uchun dunyodagi eng mushfiqa ayolga aylanishini bilarmikan? Faqat xo`p desa, bas. Shu zahoti o`zidan men g`oyibona qo`ygan jodugarlik tamg`asini olib tashlaydi. Balki anavi qizga yalinib ko`rarman. Agar o`z uyining darg`azab qirolichasi bo`lmish onasidan ruxsat olib berolsa, u men uchun pari-paykalga aylanib qolgan bo`lardi. Bir umr undan minnatdor bo`lib yashagan bo`lardim. Axir u menga mana shu bir parcha etni emizish baxtiyorligini olib bergan bo`lardi-da. So`tak qaynata, boqibeg`am er, olifta qaynukadan buni iltimos qilolmasligim aniq. Begona erkakka borib bunday narsani so`rashga iymanaman”.

Bola hamon emyapti. Bir chiroyliki, ko`rgan ko`z quvnaydi. Shu tobda u mening bolam bo`lib qolsaydi. Faqat o`zimniki. Ro`paradagi bir uy salbiy qahramonlarga qo`liniyam ushlatmagan bo`lardim. Hatto manavi go`zal kelinchakkayam.

Bolasiga ozuqa olib berayotgani uchun qaynanasini Xudoning o`rniga qo`yayotgan shu kelin endi g`ashimni keltira boshladi. “Nahotki bu manqurtning o`z fikri yo`q? Bola o`ziniki, mening emizish-emizmasligimni o`zi hal qilishi kerak emasmi?”

Kelinchak ko`zimga endi oshib ketgan xamir, semiz oymomoga o`xshab ko`rina boshladi. O`z uyida pol artadigan lattachalik qadri yo`q bu juvonni yana nima ham deyishim mumkin? Bekorchixo`ja eriga bolani boqish uchun pul kerakligini, uni topish uchun ishlash lozimligini tushuntirganmikan hech? Qaynana, qaynataning kirlarini yuvish burchidir balki. Uy, hovli yumushlari, bola qarashdan ham ortib, qaynegachi, qaynukasining kirlarini ham yuvayotgani to`g`rimikan? Qora tappi qaynegachisiga “O`zing yuv” desa, tili uzilib tushadimi? Kelin oyisiga to`rt chelak suv tashib bermaydigan qaynuka hurmat qilishiga arziydimi? Kun bo`yi uyda yotib, to`rtta qo`yni sug`orolmaydigan erkakni o`ziga er sanab, zirillab qo`rqib turishi to`g`rimi? Asl virus deb mana shu insonlarni aytsa bo`ladi. Eng katta virus shu uydagi salbiy qahramonlar. Shundaylar tufayli jamiyat kasallanadi, oila muvozanati buziladi. Bir yoshgina kelinchak shunaqa kishilar bosimi ostida tonnalab yuk ortilgan eshakka aylanadi.

Yo`q, hozir men emizayotgan bola bunday odamlar qo`lida katta bo`lmasligi lozim. U mening bolam. Uni “salbiy qahramonlarim” va mana bu “oymomo” bilan qoldirolmayman. Shu uydan, umuman, bag`rimdan chiqib ketishini aslo istamayman. Yo`q, bermayman uni, berolmayman. “Uni mendan ayirmanglar, iltimos, yolvoraman sizga. Faqat mengina unga onalik qila olaman. Buni tushunib etishinglar kerak”.

– Tezroq bering, opa, – xayolimni bo`ldi “oymomo”. – Hozir kelib qolishadi.

U jonsarak bo`lib bir joyida turolmayotgandi. Noroziligimni bildirsam ham bolani olib, zipillab jo`nab qoldi. “Endi uxlayotgan edi-ya, toshbag`ir onasi uni mendan tortib oldi. Yuragimni uzib olib ketdi tilla zanjir taqqan “to`lin oy”, to`g`rirog`i “semiz oy”.

Ertasi kuni ham tong azonlab kelishdi. U yana bag`rimga kelganidan, yana bir marta uning qornini to`ydirishimdan naqadar quvonchga chulg`anganimni tasavvur qilolmasangiz kerak. Bolajonim keldi mana. U yana yuragimga yaqin turib, yutoqib-yutoqib qornini to`ydiryapti.

Har kuni kelib turishdi. Ertalablari yashirincha. Shungayam shukr qildim. Axir uni ko`rib turibman, bir mahal bo`lsayam qornini to`ydiryapman, bag`rimga bosib, shirin hididan sarmastlikka cho`mib boryapman.

O`sha kuni ham nahor turib, ko`cha eshigini ochdim. Hali zamon kelib qolishadi. Hovlini tozalab supurib, suv sepdim. Suvdan bo`shagan idishlarni to`ldirdim. Choy damlab ichdim.

Negadir bugun hayallashyapti. Kiraman-chiqaman, qilayotgan ishimning tayini yo`q. O`g`ilcham haliyam beozor va beg`am ko`rinishda uxlayapti. Xayolim boshqa bolada, ko`zim esa eshikda.

Tong yorishdi, kun yoyildi, vaqt choshgohga qarab ketdi. Hamon yo`q. Nima bo`ldiykin? Bu anqaygan dumaloq “oymomo” bugun bolani olib chiqishning hech ilojini qilolmadimikan? Ko`kraklarim sutga to`lib, yorilay deyapti. Sog`ib tashlagim kelmayapti, agar birdan kelib qolishsa, bo`sh ko`krak bilan uni kutib ololmayman. Qornini to`ydirishim kerak. Bu mening vazifam. O`zim yaxshi ko`rib sidqidildan bajaradigan eng oliy vazifam.

Qo`l telefonimdan chaqiruv musiqasi yangradi. Mitti ekranga nazar tashladim — xo`jayinim. Ancha gaplashdik, o`g`lini juda sog`inganini aytdi. Yaqinda ota bo`lgan erkak uchun bolasidan yaxshiroq hech kim yo`q. Asosan bolasiga taalluqli har bir narsani so`radi.Qanday uxlashi, yaxshi emayaptimi-yo`qmi, sog`ligi va hokazo. Negadir mening ahvolim haqida hech narsa so`ragani yo`q.

Unga bolasi haqida hamma ma`lumotlarni ijobiy hisobot tarzida gapirib berganimdan so`ng qo`shni go`dakni emizish uchun ruxsat so`radim (kechroq bo`lsayam).

“Yo`q, – dedi u qat`iy. – Bolamga kasal yuqtirasan. Shundayam emizging kelayotgan bo`lsa, o`zing bilasan. Ammo o`g`limning salomatligi uchun bor javobgarlik zimmangda ekanini unutma!”

Mana yana bitta salbiy qahramon. O`z bolasi uchun jonini berishga tayyor, boshqaniki bilan bir pullik ishi yo`q.

Ana, ko`cha eshikda kelinchakning qorasi ko`rindi. Qizil tugmani shartta bosdim-da, telefonni ko`rpachaga otib, o`rnimdan turib peshvoz yurdim. Qo`lida ikkita bo`sh paqir. ...Bolani obkemabdi-da. Salomlashib o`tirmasdan nega uni olib kelmaganini so`radim. “Oymomo” men uchun fojiani anglatadigan so`zlarni kulibgina gapirdi:

– Magazinga quruq sut kelibdi.

Ruhim tushib ketdi, kayfiyatim chil-chil sindi. Dunyodagi barcha quruq sutlarni chiqindixonaga uloqtirgim keldi. Chunki u endi yonimga kelmaydi. Men uni bag`rimga bosolmayman, to`yib-to`yib hidlay olmayman.

Nimadir qilishim kerak, buni shunday qoldirolmayman. “Tiz cho`kib o`tinib so`rayman sizdan, mening salbiy qahramonlarim, bolani mendan aslo ayirmanglar! Ey “oymomo”, sening yumushlaring bitmas-tuganmas, bolaga qarashga esa sira vaqting yo`q, uni menga bera qol?! Jon dadasi, bir o`g`limiz ikkita bo`lsa yomonmi, o`z bolangizni suyub, uni nari itarmaysizmi?”

Juda xafa bo`lib ketganim yuzimda kuchli aks etdi shekilli, kelinchak menga hamdardlik bildirdi:

– Siz kuyunmang, opa, va`dam va`da. O`sha bir kiyimlik materialni kechki payt albatta olib kelib beraman. Bolamga halol oq sut berdingiz, axir.

“Materialingni qaynegachingni to`yiga asrab qo`y, o`sha kunlarga sog`-omon etib olsang, ko`ylak tiktirib kiyasan, dedim ichimda jahl bilan tilla zanjir taqqan “oymomo”ga. Jinnimi bu?”

Yo`q, u jinni emas, men telbaman. Onalik mehri meni aqlimdan ayirdi. Bir go`dakni emizaman deb shu ko`yga tushib o`tiribman. Dilimdagi faryod bo`g`zimga qadaldi. Alam bilan uyga kirib, moslama yordamida sutimni sog`ib tashlay ketdim. Esimni yo`qotib bo`ldim-ov.

So`ng tapir-tupur buyumlarimni yig`ishtira boshladim. Ketamiz. Ortiq qololmayman. Yo`qsa, ado bo`lishim aniq.

Mana ketyapmiz, qo`limda go`dagim pishillab uxlayapti. Transportning bir maromda harakati uni tebratib allalayapti. Dilimga qorong`i tun cho`kkan.

Mashina oynasidan keng dalalarga ma`yus tikilib ketar ekanman, o`z-o`zimga gapirdim:

– Endi birovning bolasini emizishdan oldin turmush o`rtog`imdan ruxsat so`rayman.

Xosiyat RAJABOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1