AsosiyShou-biznes

“O`zbekiston – bolalar nigohida” ko`rgazmasidan 100 dan ortiq rasm joy oldi

O`zbekiston Badiiy akademiyasi Xalqaro madaniyat karvon saroyida “O`zbekiston – bolalar nigohida” mavzusida ko`rgazma-tanlov tashkil etildi.   

Soha ravnaqi yo`lida ko`rsatilayotgan ulkan e`tibor samarasida musiqa va san`at yo`nalishidagi ta`lim maskanlarining moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash, ulardagi o`quv-tarbiyaviy jarayonni sifat va mazmun jihatdan takomillashtirish bo`yicha keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda, deya xabar beradi O`zA.

Bu jihatlar Respublika ixtisoslashtirilgan san`at maktabi faoliyatida ham o`z ifodasini topmoqda. Mazkur maskanda 650 nafar o`g`il-qiz umumta`lim fanlari bilan birga tasviriy va amaliy san`at yo`nalishida chuqurlashtirilgan bilim olish imkoniyatiga ega. O`tgan vaqt mobaynida maktab o`quvchilari tasviriy san`at festivali, «Kamalak jilosi», «Er kurrasida tinchlik bo`lsin!» kabi qator ijodiy ko`rik-tanlovlar, Polsha, Chexiya, Yaponiya, Hindiston, Xitoy kabi davlatlarda o`tkazilgan xalqaro bolalar rasmlari ko`rgazmalarida muvaffaqiyat qozongan.

«O`zbekiston – bolalar nigohida» ijodiy ko`rgazma-tanlovidan ko`zlangan maqsad yosh musavvirlarning ona Vatanga bo`lgan mehrini yanada kuchaytirish, ularda milliy an`ana va qadriyatlarimizga hurmat tuyg`usini mustahkam qaror toptirishdan iborat.

Tanlovda Respublika ixtisoslashtirilgan san`at maktabining 1-4-sinf o`quvchilari tabarruk diyorimiz, uning maftunkor tabiati, ibratli an`ana va qadriyatlarimiz, tobora obod bo`lib borayotgan shahar va qishloqlar tasvirlangan rasmlari bilan faol ishtirok etdi. Ulardan eng yaxshi deb topilgan 100 dan ortiq rasm ushbu ko`rgazmadan joy oldi. 

Ko`rgazma doirasida ijodiy ishi eng yaxshi deb topilgan bolalarga diplom va esdalik sovg`alari topshirildi.

    Boshqa yangiliklar