AsosiySport

Toshkentda badiiy gimnastika bo`yicha jahon kubogi bosqichi start oldi

Toshkentda badiiy gimnastika bo`yicha jahon kubogi bosqichi va “Happy Caravan” xalqaro turniri boshlandi

Badiiy gimnastika bo`yicha bolalar-o`smirlar respublika ixtisoslashgan olimpiya zaxiralari sport maktabida mazkur nufuzli musobaqalarning tantanali ochilish marosimi bo`ldi.

Shu kunlarda sport jamoatchiligi va badiiy gimnastika muxlislarining e`tibori poytaxtimizga qaratilgan. Xalqaro gimnastika federasiyasi shafeligida O`zbekiston gimnastika federasiyasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo`mitasi hamkorligida tashkil etilgan badiiy gimnastika bo`yicha jahon kubogi bosqichi va “Happy Caravan” xalqaro turniri yana eng kuchli gimnastikachilarni musobaqaga chorlamoqda, deya xabar beradi O`zA.

Bayramona bezatilgan muhtasham  sport saroyi mehmonlar, sportchilar va muxlislar bilan gavjum. Chorlov sadolari ostida maydonga jahon kubogi bosqichi va “Happy Caravan” xalqaro turniri ishtirokchilari – O`zbekiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, AQSh, Chexiya, Latviya, JAR, Malayziya, Meksika, Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Vetnam, Isroil, Hindiston, Italiya, Qozog`iston, Qirg`iziston terma jamoalari kirib keladi.

Badiiy gimnastika bo`yicha hududiy federasiyalar va markazlar tashkil etilgani tufayli sportning ushbu nafis turi bilan muntazam shug`ullanayotgan qizlar safi tobora kengayib bormoqda. Mamlakatimizda badiiy gimnastikaning jadal ommalashayotgani qizlarimizning jismonan va ma`nan sog`lom voyaga etishiga xizmat qilishi bilan birga, ular orasidan xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilar etishib chiqishida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– O`zbekistonda ko`plab sohalar singari sportni, jumladan, bolalar va xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e`tibor yuksak samaralar berayotir, – deydi Xalqaro gimnastika federasiyasi vakili Noha Abu Shabana. – Buni Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo`yicha nufuzli xalqaro musobaqalar muntazam ravishda o`tkazilayotgani, O`zbekistonda barcha sport anjumanlarini yuksak saviyada tashkil etish bo`yicha katta tajriba to`planganida ham ko`rish mumkin.

Toshkent shahrida boshlangan badiiy gimnastika bo`yicha jahon kubogi bosqichida dunyoning eng kuchli 80 nafarga yaqin gimnastikachisi, “Happy Caravan” xalqaro turnirida 40 nafardan ziyod o`smir qizlar shaxsiy va guruh bahslarida arg`amchi, xalqa, to`p, bulava, tasmada mashq bajarish hamda ko`pkurash bo`yicha o`z iste`dod va mahoratini namoyish etmoqda.

Mazkur nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini Jamila Rahmatova, Elizaveta Nazarenkova, Anora Davlatova, Nilufar Shomurodova va Jasmin Yusupova singari gimnastikachilarimiz himoya qilmoqda.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar