AsosiyShou-biznes

Alisher Fayz Rayhonni “bevafolik”da aybladi!

14 may kuni “Yuragimga yaqinsiz” deb nomlangan konsertiga start bergan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Alisher FAYZ 18 may kuni “Nasib etsa, kelasi yil diydorgacha”, deya muxlislar bilan xayrlashdi. “Yurak bugun sog`inch, baxt va cheksiz hayajonga to`la. Hayajon bormi demak, hayotmiz! Yuragimga yaqinlarim sizlarni juda ham sog`indim, assalomu alaykum”, deya tomoshabinlar bilan samimiy tabassum ila salomlashgan xonanda qo`shiqlar guldastasini taqdim etdi...

Fayzni yo`ldan qaytargan Nazarbekov

“Bundan bir necha yillar avval ustozimning oldiga borib, “Aka, duo bering ketyapman, desam “Qaerga?” deya hayratlandi. Boshqa mamlakatga ishlash uchun. Bilasiz, uylanish, uy-joy qilish kerak, dedim. Shunda Ozod aka “Qaerda tug`ilgansan?” dedi. Shu yurtda, deya javob bersam, “Demak, rizqing ham shu erda! O`sha erda topmoqchi bo`lgan pulingni  vataningda ham topa olasan”, deya yo`ldan qaytargan. Shu qadrdonim meni noto`g`ri qadamdan saqlab qolgan. Yo`qsa, bugun shu sahnada turmagan bo`lardim. Begona yurtlarga ishlashga ketganlarni malomat qilmoqchi emasman. Ularning aksariyati  allaqachon xatolarini tushunib bo`lishgan. Istagim har birimizni yonimizda doim to`g`ri yo`ldan yurishimizga sababchi bo`ladigan yaxshi odamlar hamrox bo`lsin!” deb musofirchilikda yurganlar nomidan “Jigarlarim” nomli qo`shig`ini kuyladi.

Rayhonni Yigitali olib ketdi

Nazarbekovning "Rayhon senga uylanaman" qo`shig`idan ilhomlanib, yozilgan "Rayhon" qo`shig`i muxlislarni "jonlantirdi". Xonanda Rayhonga atalgan ushbu qo`shiq shu yilning "xit"laridan biri bo`lsa, ajabmas. Chunki konsertning "fishka"si ham aynan "Rayhon" bo`ldi!

Afsuski shunday qo`shiq,

Tarix bo`lib qolib ketdi.

Bog`imizdan Rayhonni

Yigitali olib ketdi...

“Ona bilan butun baxtim sururi”

“Konsert bejizga “Yuragimga yaqinsiz” deb nomlanmaganda! Yuragimdagilarni sizlarga to`kib solyapman”, deb “Ona rahmat” va “Onam bordur mani” qo`shiqlarini ijro etdi. Muxlislar ko`zda yosh bilan tinglashdi.

Alisher Fayzning “Alla”si

Xonanda “Onalarning qo`shiqlari qaysi?” deya muxlislarga murojaat qilib, “Alla” javobni oldi. “Otalarniki-chi?” degan savoli ochiq qoldi. Shunda “Otalar ham aytadigan qo`shiq bor! Qiz otaga mehribon bo`ladi, deyishadi”, deya “Qizim” qo`shig`ini fortepiano chalib kuyladi. Mazkur qo`shiq uchinchi farzandi Shiringa atab yozilgan.

“Toshkentdan Xorazmgacha 1100 kilometr”

“Ayollar sizlar uyda bo`lmasanglar nafaqat biror buyumimizni, balki o`zimizni ham yo`qotib qo`yishimiz hech gap emas. Uyda o`tirganinglar yaxshi-da”, deya Ollonazar baxshi xikoyasini aytib xorazmcha “Kabutarim” qo`shig`ini sozandalar bilan jo`rlikda kuyladi. Muxlislar ham zavq bilan raqsga tushishdi.

G`anisher Lavz va Parkentzoda

Alisher Fayzning bir necha yillik hakorlari — so`z ustalari Botirxon Imomxo`jaev va Ma`murbek Xolmedov bu yil ham yig`ilganlarga samimiy kulgu ulasha olishdi. Bu safar Alisher Fayz va Parizoda obrazi G`anisher Lavz va Parkentzoda siymosida gavdalandi. Fayzning mashhur qo`shiqlariga yozilgan parodiyalar ham muxlislarni befarq qoldirmadi.

“Bu hayajonni men ham boshdan o`tkazganman”

Xonanda ukasi Xurshid Turdievni sahnaga chaqirib, “Bugungi hayajoningni his qilib turibman. Ilk bor ustozim Ozodbek Nazarbekov meni katta sahnaga olib chiqqanida hozir sening ichingda charx urayotgan g`alayonlar mening ham ko`nglimdan o`tgan. Katta sahnadagi ilk qadaming muborak bo`lsin!” deya ukasiga navbat berdi.

 “Jayron” Parizodani ham dog`da qoldirdi

O`tgan yilgi konsertdan so`ng ommalashgan “Indamadim” qo`shig`iga raqs tushgan “Jayron” bolalar raqs ansabmli qizaloqlarining raqslari hech kimni befarq qoldirmadi.  

Konsert dasturi o`tgan yilgidanda jonli, sho`x qo`shiqlarga boy bo`ldi. Buni muxlislarning tinimsiz qarsagi-yu, raqslaridan ham faxmlash qiyin bo`lmadi. Doim fayzingni bersin Alisher Fayz!

FAKT:

  • Konsertda jami 23 ta qo`shiq ijro etildi. Ulardan 18 tasi yangi ijod mahsuli.
  • “Parizod” va “Jayron” bolalar raqs ansabmli rango-rang raqslarni tuhfa etishdi. Raqslarni Gulandom Hakimova sahnalashtirgan.
  • Konsert rejissyori Lutfulla Allaqulov.
  • Xonandaning liboslari dizayneri Shahnoza Qayumbekova. 

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.

Fotomuxbir: Bahodir Matyakubov

    Boshqa yangiliklar