Futzal bo`yicha O`zbekiston MTJ va Zaif eshituvchilar terma jamoasi a`zolari taqdirlanishdi, deya xabar berdi UFF.
Marosimda O`zbekiston milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti va O`FA 1-vise-prezidenti Umid Ahmadjonov, O`FA mas`ullari, futzalchilar va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Bugun O`zbekiston futbol Assosiasiyasida Xitoy Taypeyida bo`lib o`tgan Osiyo chempionatida bronza medallarini qo`lga kiritgan futzal bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi va Taylandda o`tgan 18 yoshgacha bo`lgan Zaif eshituvchilar o`rtasidagi Jahon chempionatida g`alaba qozongan futzalchilarni taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.
Marosimda O`zbekiston milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti va O`FA 1-vise-prezidenti Umid Ahmadjonov, O`FA mas`ullari, futzalchilar va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Xabaringiz bor, futzal bo`yicha milliy terma jamoamiz Xitoy Taypeyidagi Osiyo chempionatida 3-o`rin uchun bahsda Iroq terma jamoasini mag`lub etib, bronza medallarini qo`lga kiritishgandi. Ushbu yuksak natijaga erishgan futzal terma jamoasining har bir a`zosiga 24 564 000 so`m miqdorida mukofot puli berildi.
O`tgan yili Taylanda o`tgan U-18 World Deaf Futsal Championship — futzal bo`yicha zaif eshituvchilar o`rtasidagi Jahon chempionati g`olib chiqqan futzalchilar esa ushbu ajoyib g`alaba uchun 15 dekabr kuni O`zbekiston futbol federasiyasida bo`lgan marosimda mukofotlanishgan edi. O`shanda har bir futzalchiga 2 000 000 so`m miqdorida mukofot puli taqdim qilingan. Shuni ham alohida ta`kidlab o`tish kerakki, U-18 World Deaf Futsal Championship norasmiy musobaqa bo`lib, FIFA tasnifiga kirmaydi.
O`zbekiston futbol Assosiasiyasi qaramog`ida esa faqat FIFA tasnifiga kiruvchi terma jamoalar bo`ladi. Shunga qaramay, U-18 World Deaf Futsal Championship — futzal bo`yicha zaif eshituvchilar o`rtasidagi Jahon chempionatidag`olib chiqib, Vatanimiz bayrog`ini yuksakka ko`targani uchun yosh futzalchilarga O`zbekiston futbol Assosiasiyasi yana bir bor mukofot pullari taqdim qilishga qaror qildi. Bu safar Zaif eshitiuvchilar terma jamoasining har bir a`zosiga 16 376 000 so`m miqdorida mukofot taqdim qilindi.
Futzalchilarga mukofot pullarini O`zbekiston milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti va O`FA 1-vise-prezidenti Umid Ahmadjonov topshirdi.
"Qo`lga kiritilgan yuksak natijalar bilan barchangizni yana bir bor tabriklayman. Erishilgan bu yutuqlar bilan to`xtab qolmanglar. Oldinga intilishda davom etinglar. Buning uchun O`zbekiston futbol Assosiasiyasi barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Barchamiz bir oila bo`lib, birgalikda harakat qilsak, bundan ham katta natijalarni qo`lga kiritamiz", - dedi Umid Ahmadjonov.