Malaysia Airlines aviakompaniyasiga tegishli mart oyida yo`qolgan laynerning qidiruv hududida tutilgan suv osti signallari Boeing 777’ga tegishli bo`lmagan. Bu haqda suv osti texnikasi bo`yicha AQSh harbiy dengiz kuchlari direktori Maykl Dinga asoslanib CNN telekanali xabar bermoqda.
Uning so`zlariga ko`ra, qidiruv ishlarida ishtirok etgan mamlakat a`zolari Bluefin 21 apparati yordamida 514 kvadrat km okean tubini ko`zdan kechirgach ushbu qarorga kelishgan.
“Biz signallar kemadan yoki masofadan boshqariladigan Towed Pinger Locator suv osti apparatidan kelganini tahmin qilyapmiz”, - dedi Maykl Din.
Shuningdek, u agarda signallar yo`qolgan laynerning “qora qutisi”ga tegishli bo`lganida qidiruv ishtirokchilari uni topgan bo`lishlarini aytib o`tdi.
Eslatib o`tamiz, 24 mart kuni Malayziya bosh vaziri va Malaysia Airlines aviakompaniyasi samolyoti halokatga uchragani va uning bortidagi barcha yo`lovchilar va ekipaj a`zolari halok bo`lganini ma`lum qilgan edi.
Malayziya aviakompaniyasiga qarashli bo`lgan samolyot 8 mart kuni parvozga chiqqanidan ikki soat o`tgach, sirli tarzda g`oyib bo`lgan. Layner bortida 227 nafar yo`lovchi hamda 12 ekipaj a`zosi bo`lgan.