1

Dushanbedagi ko`rgazmada shartnomalar hajmi 500 million dollardan oshdi

Iqtisodiyot 14.03.2018, 15:16
Dushanbedagi ko`rgazmada shartnomalar hajmi 500 million dollardan oshdi

Tojikistonning poytaxti Dushanbe shahridagi "Manej" sport majmuasida o`zbek mahsulotlarining ko`rgazmasi muvaffaqiyatli davom etmoqda. 9-13 mart kunlari yurtimiz tadbirkorlari qo`shni davlatga mahsulot etkazib berish borasida tuzgan shartnomalari hajmi 500 million dollardan oshdi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi ma`lum qildi.

Qayd etish joizki, ushbu ko`rgazma O`zbekiston-Tojikiston davlat rahbarlarining savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, sarmoyalarni jalb qilish, qo`shma korxonalarni tashkil qilish, ikki tomonlama tovar ayirboshlash ko`rsatkichlarini ko`tarishga qaratilgan sa`y-harakatlari natijasidir.

Ko`rgazmada O`zbekistonning 100 dan ortiq korxonasi texnika, qurilish materiallari, elektrotexnika, kimyo va mineral o`g`itlar, farmasevtika, oziq-ovqat, engil sanoat va charm mahsulotlar, mebel hamda maishiy mahsulotlarni namoyish etmoqda.

41.JPG

Ko`rgazma doirasida O`zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi bilan Tojikiston kichik va o`rta biznes milliy uyushmasi o`rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Unga ko`ra, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli mahsulotlarga qo`shni davlatning bo`lgan talabi asosida har yili muntazam ravishda 20 million dollarlik eksportni amalga oshirishga kelishib olindi.

29.JPG

— Biz taklif qilgan turli-tuman dori vositalariga ko`pchilik tashkilotlar qiziqish bildirdi,-deydi “Nika-Farm” korxonasining eksport departamenti direktori Zuhra Boyxonova. — Ko`rgazma doirasida tojikistonning “Xushbaxtiyon” korxonasi bilan 500 ming dollarlik shartnoma tuzdik. Albatta, bu bitta yoki oxirgisi emas. Yarmarka doirasida kelishuvlar davom etmoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasidan ma`lum qilishlaricha, jamg`armaning bevosita ko`magida ikki davlat savdo-sanoat palatasi tomonidan «Ishbilarmonlar kengashi» tashkil etilgan.

Yarmarka davomida ikki davlat tadbirkorlarni o`rtasida ko`plab uchrashuvlar va ahdnomalar tuzildi. Xususan, Tojikistondagi "Avisenna" korxonasiga 1,5 million dollarlik qurilish materiallari, "Subxi Vatan" korxonasiga 1 million dollarlik bolalar kiyimlari, «Pokiza» va «Kishvar-2016» jamiyatlariga 2,8 million dollarlik qandolat mahsulotlari etkazib berish borasida shartnoma tuzildi.

Qayd etish joizki, ko`rgazma davomida qo`shni davlat vakillari qishloq xo`jaligi, engil sanoat va oziq-ovqat sanoati mahsulotlariga katta qiziqish bildirmoqda. Taraflarning qiziqishlari asosida ko`rgazmani 18 martga qadar davom ettirishga kelishib olindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1