1

Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari kelgusi yili Toshkentda bo`lib o`tadi

Siyosat 15.03.2018, 16:16
Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari kelgusi yili Toshkentda bo`lib o`tadi

Ostona shahrida 15 mart kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi bo`lib o`tdi. Bu xaqda Prezident Matbuot xizmati xabar qildi.

Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev, Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev, Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tjikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Mejlisi rahbari Akja Nurberdieva ishtirok etdi.

Bunday uchrashuvni muntazam o`tkazish va mintaqaviy muammolarimizni birgalikda hal etish O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashabbusi, dedi Qozog`iston Prezidenti Nursulton Nazarboev. Yig`ilishimiz hammamiz uchun umumiy bo`lgan Navro`z bayrami arafasida o`tayotgani ham chuqur ma`noga ega. Albatta, alohida uchrashib turardik, muloqot qilardik, lekin bunday yaxlit uchrashuv anchadan beri bo`lmagan edi.

Shavkat Mirziyoev Prezident lavozimiga kirishish chog`ida qo`shni mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga alohida ahamiyat qaratishini ta`kidlagan edi. O`tgan qisqa vaqtda barcha aytganlarining ustidan chiqdi. Prezidentimiz davlat tashrifi bilan barcha qo`shni mamlakatlarda bo`ldi. Davlat chegaralari, savdo aloqalari, transport kommunikasiyalari, hududlar hamkorligi kabi ko`plab masalalar bo`yicha o`zaro manfaatli echimlar topishga erishildi.

Davlatimiz rahbari 2017 yil sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta`minlashga qaratilgan konstruktiv g`oya va tashabbuslarni ilgari surdi. Bu tashabbuslar noyabrda Samarqandda o`tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo`lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada yaxlit dastur tarzida taqdim etildi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi shu tarzda tashkil topdi.

Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoev bu kun Markaziy Osiyo xalqlarining ko`p asrlik yaxshi qo`shnichilik tarixida yangi sahifa ochilganini ta`kidladi.

O`zbekistonning qo`shni mamlakatlar bilan hamkorligi izchil rivojlanib bormoqda, dedi davlatimiz rahbari. Mamlakatimizning Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan tovar ayirboshlash hajmi 20 foizdan ziyod o`sgan. Shu bilan birga, xalqlarimiz farovonligi yo`lida foydalanishimiz mumkin bo`lgan ko`pdan-ko`p imkoniyatlar mavjud.

Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini har yili Navro`z bayrami arafasida o`tkazishni, navbatdagi uchrashuvni kelgusi yili Toshkentda tashkil etishni taklif qildi.

O`zaro ishonch va manfaatdorlik asosida savdo, iqtisodiyot, transport-kommunikasiya, madaniy-gumanitar sohalarda, xavfsizlik va barqarorlik masalalarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1