AsosiyShou-biznes

Farhod Abdullaev: ““Tirikchilik” uchun o`ynagan rollarim hisobga o`tmaydi”

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Farhod Abdullaev cho`rtkesar, qaysar, ammo sofdil inosn. Farhod aka bilan suhbat tempi bir nuqtada kechmaydi. Bu aktyorda e`tiroz ham, e`tirof ham o`z o`rnida. O`zbek Milliy akademik drama teatrida ta`mirlash ishlari olib borilayotgani sabab, teatr jamoasi spektakllarni O`zbek davlat drama teatrida namoiysh etmoqda. Farhod aka bilan suhbatimiz “Ko`ngil” spektakli boshlanishidan oldin aynan o`sha dargohda bo`ldi...

O`zbek Milliy akademik drama teatri bilan O`zbek davlat drama teatrining sahnalari o`rtasidagi farq sezilarli darajada. Yoki professional aktyor uchun sahnaning holati  muhim emasmi?

—... juda muhim bo`lmasligi mumkin. Lekin ozgina noqulayliklar yuzaga kelayapti. Teatrning o`z andozalari  bor. Parda, uchinchi qo`ng`iroq... Qonun-qoidalar bekorga  o`ylab topilmagan. “Ko`ngil” spektaklini o`ynayapmiz, dekorasiya masalasida qiynaldik. Sahna bezaklarimiz bu teatrning eshigidan sig`madi. Teatr ancha “to`kilibdi”. Grimxonalar yo`q...

Shu teatrda ishlagansiz. Xotiralar bo`lishi tabiiy?

— Har qadamda eslaydigan xotiralarim bor. Yoshligim, o`ynagan rollarim, sahnaga chiqolmagan paytlarim... O`sha paytlardagi direktor Mavlon Xo`jaev har doim aldardi. Yillar davomida aktyorlik shtatiga o`tolmay qiynalgan kezlarimni yodga soldi. Deyarli hamma spektaklda borman, ammo AKTYoR emasdim. O`zbekiston xalq artisti San`at Devonov rahbar bo`lib kelganida “Meni aktyorlikka o`tkazing”, deganman.  Shunda “Nima? Aktyormasmisiz? Hamma rolni siz o`ynayapsiz-ku!” degandi va o`sha kunni o`zida shtatimni o`zgartirgan. Hozir mana shu hovli etagidagi Bahodir Yo`ldoshev bilan bo`lgan oxirgi  suhbatni esladim. “To`g`risini ayting, ketishimni istaysiz-ku!” deganimda “ha”, deb javob bergandi... Ertasi kuni ketganman.

Nima uchun ketishingizni istagan?

—...hammaga itoat kerak. Lekin kimdir spektaklga kelmay qolsa yoki shoshilinch sahnalarda Bahodir aka “Tez Farhodni toping”, derdi. Ammo Bahodir Yo`ldoshevdan minnatdorman. Bilib-bilmay katta sahnaga shu tariqa yo`l ochib bergan. Agar “ketma” deganida hali ham yurgan bo`larmidim. Rollarim bo`lardi, ammo bu darajada ko`rinmasdim.

— Tamoman boshqa “amplua”dagi obrazni berishdi. Uslubingizdan kecha olasizmi?

— Yo`q!

— Bizga uslubingiz kerakmas, deyishsa...

— Aynan o`sha film uchun mening uslubim juda kerakligini isbotlab beraman! Aktyor rad etishdan oldin, sabab ko`rsata olishi kerak. Dumalang, deyishsa “Kechirasiz, bu erda dumalash noo`rin”, degan raddiya qabul qilinmaydi. Yaxshi aktyor rejissyorning topshirig`iga ko`ra dumalaydi va “Menda aynan shu holatga boshqa yondoshuv bor”, deb o`z topilmasini ko`rsatadi. Mana bu eng to`g`ri  yo`l. Shunday ijro etingki, sizni rad  eta olishmasin! Uslubsiz aktyor tomoshabin uchun qiziq emas. Masalan, Timur Musoqov “Bekatdagi odam” filmida tergovchi obrazini menga bergandi.

— Fatxulla Ma`sudov ijro etdi, shekilli?

— Ha, dastlab shu obrazni menga taklif qilishgandi. Timur tergovchini har doimgidek bo`lishini istamagandi. Kolombo, Katani, Puarodek obrazni ko`zlagandi. Boshqacharoq yondoshgani sabab rozi bo`lgandim. Ammo Timur kutgan va menga aytilgan qiyofa ekranda ko`rinmadi.

Lekin shu filmda kichik epizodda ishladingiz?

— Bekor qilibman. Kinokartinani ko`rib pushaymon bo`ldim. Ota-bola bitta filmda ishlamasligi kerak ekan, degan xulosaga keldim. Ehtimol, Timurning rejissyorlik ishiga Zulfiqor aralashmaganida yaxshi bo`larmidi. U to`liq Timur Musoqovning ishi bo`lishi kerak edi.

Adashmasam Zulfiqor Musoqov bilan avval ishlagansiz?

— Ishlaganman... Bu safar obrazim ochilmay qoldi. Tugallanmagan ish yoqmaydi.

Dangalchilik ko`p pand eyishingizga sabab bo`lsa kerak?

— Zulfiqor ham shunday, yoqmaganini aytadi. “O`rtoq Boykenjaev” filmi yoqmadi, yolg`on yig`i bor”, degandi. U fikrni to`g`ri qabul qiladi. Aytgancha, men hozir o`ylab fikr bildiradigan bo`lganman. Avvallari gap kelganda ayamasdim, hozir... Lekin baribir gapirman.

Qaysi rejissyorning ijodi haqida hozir iliq fikr bildira olasiz?

— Xilol Nasimov, Yolqin To`ychiev!

Ular o`z  “rejissyorlaringiz”-da!

— Ana shu munosabat noto`g`ri. Rejissyorlarning aksariyati shunday o`ylar ekan. Aktyorman, taklif bo`lsa, ma`qul kelsa ishlayveraman. Nimagadir “falonchining  aktyori, pistonchining  rejissyori”, degan gap urfga aylangandek.

Har bir san`atkorning davri bo`ladi. Shunday hamkasblaringiz borki, “otdan tushsa ham egardan tushmaydi

— Aqlli odam otga chiqishdan avval keyingi choralarni ko`rib qo`yadi! O`sha siz aytayotgan “Egardan tushmayotganlar” otga qanday chiqib qolganini chamalab taxmin qilsa bo`ladi. Bir gap bor-ku, tomdagidan pastdagi odam: “Narvonni olib qo`yami”, desa “Yo`q, turib tursin”, degan ekan.

Hamisha aql bilan harakat qilish kerakligini ta`kidlaysiz. Bu bir qolipga o`xshamaydimi? Odam ba`zida hissiyotlariga yo`l ochib berishi kerakmasmi?

— Men hissiyotlarimni hurmat qilaman. Sho`xliklar qilaman, ko`nglimning har bir so`zini erda qoldirmayman. Ammo har doim ham emas. Hammasi o`z vaqtida  bo`lgani yaxshi. Odam ochlikdan, yo`qchilikdan o`lmaydi, uni  bir xillik ado qiladi. Shuning uchun ham kasbimni yaxshi ko`raman.

Dublyor siz uchun...

— Xaloskor! Shu kunga qadar dublyordan hech narsa o`rganmadim. Balki men ham kim uchundir xaloskordirman? Men partnyor tanlayman. Kuni kecha bir filmda suratga tushdim, partnyor bilan ishlash qiyin bo`ldi. Keyin partnyorning kimligini so`ramaganim uchun afsuslandim. 

Agar sizni rejissyor sifatida filmimga taklif qilsam...

— Rozi bo`laman!

Demak nom muhim emas? 

— Men uchun munosabat, fikr va maqsad muhim. Ishlaydigan odamim bilan dunyoqarashda tutash nuqtalar bo`lishi kerak.

“Tirikchilik” uchun o`ynalgan rollarga qanday ta`rif berasiz?

— Bilasizmi, ba`zida yoqmagan ishni qilishga majbur bo`lasan. Bu tabiiy... Masalan, oyog`im sinib yotganimda, ishlash shart emasdi, ammo keyingi operasiyalarga mablag` zarur bo`lgani uchun ba`zi takliflarga rozi bo`lganman. O`sha “tirikchilik” uchun suratga tushgan filmlarimni shaxsiy ro`yhatimga kiritmayman.

RS: Agar odam o`zini tahlil qila olsa, atrofga ochiq ko`z bilan qaray oladi. Bu borada Farhod akani “Ustasi farang”, deb ayta olmasam-da, ko`p bora qilingan suhbatlardan angladimki,  u o`z hayotiy tamoyillariga  ega ShAXS! Bu odam bilan zerikmaysiz, ammo muloqotdan keyin jiddiy o`ylashga majbursiz...

Mening haqiqatim

*“Bora-bora faylasuf bo`lasizmi yoki buning aksi... Hammasi vaqt va to`planayotgan tajriba bilan bog`liq”.

*“Odam aql bilan harakatlanishi kerak. Shunday tuyg`ular to`zg`ib ketmaydi”.

* “Bolaligimda sho`x edim, ammo shum bola emasdim!

Bilasizmi?

  • Bolaligi Qashqadaryo viloyatining Eski Yakkabog` qishlog`ida o`tgan.
  • Kino tufayli onasidan kunda-kunora dakki eshitib, kaltak ham egan.
  • Otasi erta vafot etgach, oila tashvishi onasi Nozikoy opaning zimmasida qoladi. Tirikchilik sabab bozorda farroshlik qiladigan onasiga hamisha yordam bergan.
  • Bugun Farhod akaning onasini Xoji ona deya e`zozlashadi!

Sevdo NIYoZOVA suhbatlashdi. 

    Boshqa yangiliklar